O‘zbekiston

O‘zbekiston tarixida eng sovuq ob-havo harorati qachon qayd etilgan?

photo 1089

Loading

Meteorologik kuzatuvlar tarixida O‘zbekistonda ko‘plab sovuq qishlar bo‘lgan. Jumladan, 1968—1969-yillar qishi eng sovuq kelgan. Ushbu qish mavsumida respublikaning ko‘plab hududlarida minimal havo haroratining mutlaq rekordlari qayd etilgan edi, deya xabar bermoqda Gidrometeorologiya xizmati markazi.

O‘zbekistonning shimoliy hududlarida meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past havo haroratlari 1972- va 1977-yillarda kuzatilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida ushbu yillarda havo harorati -33°C dan -36°C gacha va Ustyurt platosida -38°C dan -40°C gacha sovuq kuzatilgan.

So‘nggi 50 yil ichida eng uzun va sovuq qish mavsumi 2007-2008-yillarda qayd etilgan bo‘lib, sovuq davr dekabr oxiridan fevral oyining o‘rtalariga qadar davom yetgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat –17°C dan -22°C sovuqqacha, ba’zi joylarda –24°C dan -26°C sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarida esa –30°C dan -33°C sovuqqacha pasaygan.

Toshkentda 2008-yil qishida havo harorati –17,4°C sovuqqacha, 1974-yilning yanvar oyida –18,6°C sovuqqacha pasaygan. Bugungi kunda poytaxtimizda davom etayotgan anomal sovuq so‘nggi 50 yil ichida yanvar oyida kuzatilgan eng past ko‘rsatkichni taqdim etdi. Ya’ni, 2023-yil 13-yanvar tongda –19,8°C sovuq harorat qayd etildi.

Toshkent shahrida 1969-yil qishda termometr ustuni -23,1°C sovuqqacha tushgan bo‘lsa, minimal havo haroratining mutlaq rekordi 1930-yil dekabr oyida -29,5°C sovuqni tashkil etgan.

O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tekislik hududlarda barqaror qor qoplamining shakllanishiga imkon beradigan kuchli qor yog‘ishi kam uchraydi. Natijada iqlimning keskin o‘zgarishi (birdan sovib ketishi va uning ortidan isib ketishi) qor tushganda hosil bo‘ladigan qor qoplamining uzoq vaqt davomida yer yuzasidan turmasligi va bir necha kun ichida erib ketishiga olib keladi.

Biroq, 1969-, 1972-, 1974-, 1982-, 1984-, 2006- va 2008-yillarda qish faslining sovuq kelishi bilan birga qor yog‘ish davomiyligining ortishi kuzatilgan. Oqibatda ushbu yillarda tekislik hududlarimizda past haroratning uzoq muddat saqlanib qolishi qorning to‘liq erishiga imkon bermasdan qor qoplami to‘planishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, respublikaning shimoliy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) va janubiy, janubiy-g‘arbiy (Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari) hududlarida qor qoplamining balandligi 15-25 sm ni, markaziy (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari) va sharqiy (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari) hududlarda 30-65 sm ni tashkil etgan.

Respublikaning tog‘li hududlarida qorning maksimal balandligi 140-180 sm ga yetgan.

Toshkentda qor qoplamining maksimal balandligi 1969-yil kuzatilgan 54 sm, joriy yil yanvarda qor balandligi 26 sm ni tashkil etdi.

Yuqorida qayd etib o‘tilganidek bugungi kunda yurtimizda davom etayotgan sovuq kunlar gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli sovuq emasligini qayd etib o‘tamiz. Joriy yilning 12-yanvardan 13-yanvarga o‘tar kechasi kuzatilgan sovuq harorat yurtimizga antisiklon ta’sirida kirib kelgan sovuq havo oqimlarining eng yuqori nuqtasi edi.

Antisiklon markazi 13-yanvardan Qozog‘istonning janubiy viloyatlari orqali sharqqa tomon siljimoqda, biroq uning periferiyasi ta’sirida bo‘‌lgan O‘zbekiston hududida sovuqlar kuchsizlangan holda kelasi haftaga qadar saqlanib qoladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.