O‘zbekiston
Mo‘ynoqda kazino ochiladimi?
Bundan 2 yil oldin Mo‘ynoqda kazino qurilishi haqidagi xabar aholi orasida ancha shov-shuv uyg‘otgandi. Vaholanki, kazino, deganda tasavvurimizda AQShning Las-Vegas shahri paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, Mo‘ynoq ham qachonlardir o‘yin biznesi rivojlangan, tun-u kun hayot qaynab yotadigan shaharlar qatoriga qo‘shila oladimi? Bunday qarasangiz, o‘tmishdagi uyqash tasodiflar ular kelajagini ham bir trayektoriyaga burayotganday. Mana qarang, Las-Vegas ham, Mo‘ynoq ham 1931-yilda tashkil topgan ekan. Ikkalasi ham cho‘l hududda joylashgan. Sahro o‘rtasidagi hududni rivojlantirish oson bo‘lmagach, Las-Vegasda 1931-yilda o‘yin biznesiga ruxsat berib yuboriladi. Undan keyingi dinamika va bu shaharning bugungi kuni haqida gapirmasa ham bo‘ladi…
Mo‘ynoq bir vaqtlar sanoat, ayniqsa, baliqchilik bo‘yicha mamlakatning eng taraqqiy etgan hududlaridan biri bo‘lgan. Biroq dengizning ortga chekinishi bu yerdagi zavq-shavqni, tarovat va fayzni, odamlar turmushidagi xotirjamlig-u barakani ham tuzli qumliklar bag‘riga yutib ketdi… Bir paytlar qum barhanlariga tutash sohillar aro yangraguvchi baliqchi kemalarning uzun-qisqa «gudok»lari, baliqchilarning shodon hayqiriqlari bari bir zumda zulmatga singganday g‘oyib bo‘ldi. Mo‘ynoq nafaqat mintaqada, balki dunyodagi eng ekologik xavfli hududlardan biri deya tan olindi…
Aslida, Mo‘ynoq va umuman, bu hududda hayot izdan chiqqaniga ancha bo‘lgan. Ammo bu panja ortidan qaraladigan yoki o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qoladigan masala emas edi. Zotan, bu yerda minglab odamlarning taqdiri yotardi…
Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq Orol muammosi oqibatlarini yumshatish, Mo‘ynoq tumanining iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan amaliy harakatlarni boshlab yubordi. Uch yil ichida tumanni kompleks rivojlantirishga qaratilgan ikkita hujjat qabul qilindi. Mo‘ynoqda kazino qurish to‘g‘risidagi biznes loyihalar ham aynan ushbu hujjatlarda o‘z aksini topgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 2-ilovasida «Global project capital» (GPC) qo‘shma korxonasi tomonidan 1 milliard dollar evaziga Turizm komplekslari (mehmonxona va ko‘ngilochar dam olish markazlari, savdo markazlari va boshqalar) tashkil etish istiqbolli investisiya loyihasi sifatida kiritilgan. E’tibor bersangiz, bu yerda gap aynan kazino haqida ketayotganini anglaysiz. Qiyoslab ko‘ring – Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish uchun davlat xazinasidan 1,5 trillion so‘m ajratilgan. «Ko‘ngilochar dam olish markazlari» va uning atrofida boshqa ob’yektlarni qurish uchun esa investorlar 1 milliard dollar mablag‘ tikmoqchi. Shtab-kvartirasi Londonda joylashgan «Global project capital» korxonasi biznes bo‘yicha maslahat beruvchi va loyihalarni moliyalashtiruvchi guruhdir. Keling, biz hozir boshqa jihatlarni chetga surib, ijtimoiy, madaniy va ma’naviy hayotimizda yangilik bo‘luvchi, biz doim taysallab, «Gʻarbning chirkin qadriyatlari»dan biri sifatida qarab kelingan o‘yingoh-kazino va uning zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni hamda bizning o‘ziga xos yumshoq landshaftli sharqona jamiyatga «joylashuvi» haqidagi «ko‘p burchakli» mulohazalarni nazardan o‘tkazsak…
Qonunchilikda taqiqlangan(mi?)
Kazino – qimor o‘yini. Bu esa O‘zbekistonda qonunan taqiqlangan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash – yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, —
yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,
– eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Qimor o‘yini dinimizda taqiqlangan. Ammo, istisno tariqasida aytish kerakki, bu o‘yinga dinimiz yaralgan hudud – Arabiston yarim orollaridagi ko‘rkam Dubay shahrida turizmni rivojlantirish hisobiga qonunan ruxsat berilgan…
Nega kerak?
Maqolamiz boshida Las-Vegasning shiddat bilan rivojlanib ketishiga qimor o‘yinlariga qonunan ruxsat berilgani sabab bo‘lganini aytib o‘tgan edik. Darhaqiqat, bu kabi misollar juda ko‘p. Masalan, Monako davlatining «ikkinchi tug‘ilishi» ham aynan kazinoga bog‘liq. Yevropadagi ilk o‘yin uyi – Kazino-dyu-Monte-Karlo dunyoga «kazino» degan tushunchani tarqatgan muassasa sanaladi. Mamlakat ushbu o‘yin oldida qarzdor desa ham bo‘ladi. Chunki kazino XІX asrning oxirida iqtisodiy inqirozga uchragan mamlakatni bankrotlikdan qutqarib qolgan. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, Kazinoda faqat xorijliklar o‘ynashi mumkin. Monako fuqarolarining qimor o‘yinlarida ishtirok etishi taqiqlangan.
Mo‘ynoq tumani hududidan 20 barobar kichik bo‘lgan bu davlatga yiliga aynan kazino hisobiga 3 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi. Monakoning aholisi soni 40 mingga yaqin. Mo‘ynoqda esa 33 ming kishi istiqomat qiladi.
Agar kazinoga ruxsat berilsa, u shahar tashqarisida alohida markaz sifatida quriladi. Bu kabi o‘yin maydonlari Rossiya va Qozog‘istonda ham mavjud…
Qarordagi band nimani anglatadi?
Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 8-bandida Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko‘ngilochar zona tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan. Unda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrga qadar ushbu bandda nazarda tutilgan turistik-ko‘ngilochar zonani tashkil etish yuzasidan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, amalga oshirilishini ta’minlash belgilangan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: turistik-ko‘ngilochar zona deganda kazino nazarda tutilmayaptimi? Ha! Aynan kazino nazarda tutilmoqda. Buni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov tomonidan tasdiqlangan «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko‘ngilochar zonasini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi («Yo‘l xarita»)» mazmunidan bilsa ham bo‘ladi.
«Yo‘l xarita»da Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko‘ngilochar zonasini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruh hamda kichik ishchi guruhlar tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Ishchi guruh tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investisiyalar va tashqi savdo vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, Bosh prokuror o‘rinbosari va boshqalar kiritilgan.
Mazkur hujjatda tasdiqlangan Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinni legallashtirish va tegishli huquqiy-normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha kichik ishchi guruhga xorijiy davlatlarning tavakalchilikka asoslangan o‘yinlar, kazino va shu turdagi boshqa o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq qonun hujjatlarini hamda amaliy tajribani o‘rganish, shuningdek, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va shu turdagi boshqa o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq milliy qonunchilikni inventarizasiya qilish va natijasi yuzasidan takliflarni ishchi guruh kotibiga umumlashtirish uchun kiritish topshirilgan.
«Yo‘l xarita» bandlarida kazino biznesini elektron va real ko‘rinishda tashkil etish va shu kabi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etish, pul o‘rniga maxsus jetonlar, fishkalar va boshqa to‘lov uslublarini qo‘llash bo‘yicha qoidalar va ularni tasdiqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish nazarda tutilmoqda. «Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish ham e’tibordan xoli qoldirilmagan va nihoyat «Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega bo‘lgan turistik-ko‘ngilochar zona tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan.
Demak, O‘zbekistonda ilk bor kazino va shu kabi tavakkalchilikka asoslangan o‘yin hududlari Mo‘ynoqda tashkil qilinishi tobora ayonlashib bormoqda.
Yesimxon QANOATOV
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi