Islom

Abu Hafs Kabir al-Buxoriy haqida nimalarni bilasiz?

photo 1126

Loading

Hanafiy mazhabining yurtimizda tarqalishiga sababchi bo‘lgan olim Abu Hafs Kabir al-Buxoriy haqida

Abu Hanifa rahmatullohi alayh asos solgan hanafiylik mazhabi VIII asrning o‘rtalarida, keng tarqala boshlab, shu asrning oxirlarida uzoq-yaqin o‘lkalarga, jumladan Mavarounnahr yetib kelgan edi. Turli shaharlardagi hanafiy markazlarining shakllanishiga Iroq, Xuroson maktablarining ta’siri samoqli bo‘ldi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 805-y.) ning shogirdi Abu Hafs Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy (150/768-yili tug‘ilib, 216/832-yil vafot etgan) Buxoro maktabiga asos soldi.

Uning to‘liq ismi sharifi – Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh ibn Buxoriy. U o‘z yurtida egallashi mumkin bo‘lgan barcha ilmlarni puxta o‘zlashtirgach, Bag‘dod sari yo‘l oladi. U yerda Imom Muhammad rahmatullohi alayhidan hanafiylik mazhabi fiqhini o‘zlashtirib, yana o‘z yurtiga qaytib keladi. Shu bois, u hanafiylik ta’limotini birinchi bo‘lib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida ma’lum va mashhurdir.

Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy Buxorada ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qo‘shgan madrasaga asos soladi. Sharqshunos olim Anas Boqiyevich Xolidov butun arab saltanati hududida ilk bora Movarounnahr va Xurosonda madrasalar barpo etilganini zikr etib, birinchi madrasa Buxorodagi “Farjak” madrasasi degan fikrni ilgari suradi. Ushbu madrasa 937-yilgi yong‘in natijasida yonib ketgan. Shuningdek, Nojiy Ma’rufning tadqiqotiga tayangan holda “Nishopur, Buxoro, G‘azna va Bushanjda Bog‘doddagi birinchi madrasa barpo etilgunga qadar 33 ta madrasa mavjud bo‘lgan”, degan ma’lumotni keltiradi. Buxorodagi Abu Hafs Kabir madrasasi o‘z zamonasida mashhur madrasalardan sanalgan. Tarixchi Vamberi o‘zining “Tarixi Buxoro” va as-Sa’diy “Tarix ad- duval”nomli asarlarida Imom Abu Hafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli o‘lkalaridagi olimlar va talabalar orzu qilgan eng yaxshi madrasa bo‘lganini ta’kidlashgan.

Ustozlari Bag‘dodlik alloma Imom Muhammad Hasan Shayboniy hisoblanadi. Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobida bu sulola Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobitdan boshlab, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamgacha tutashgani asoslab berilgan.

Imom Shofe’iyning Abu Hanifa va Abu Hafsga bergan ta’riflari: “Odamlar fiqhda u zotning boqimandalaridir” deganlaridek, Buxoroning barcha olimlari ham Abu Hafs Kabir oldilarida qarzdordirlar. Chunki buyuk muhaddis, hadis ilmining peshvosi Imom Buxoriy u kishining shogirdi bo‘lgan. Buxoroning aksar olimlari Abu Hafsdan tahsil olishgan. Abu Hafs Kabir, amir bo‘ladimi, oddiy fuqaro bo‘ladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berar edi. Oldi-sotdi yoki ibodat masalalarini juda aniqlik bilan yechardi. Shu bois odamlar olimni “Hojatbaror imom” deb hurmatlashgan.

Islomshunos olim Ashirbek Mo‘minovning qayd etishicha, hanafiylik mazhabining Movarounnahrga kirib kelishi va yoyilishi asosan Buxoro orqali amalga oshirilgan.

Buxoroda faoliyat olib borgan “Sadrush- shari’a” lar va ularning oila a’zolari fiqh ilmini o‘z zamonasining mashhur olimlaridan olganlar. Bu silsila Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabirga yetib boradi. Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmi fazlini baholab, Abu Hafs Kabirni “Muallimi Islom” ya’ni “Islom dinining muallimi”, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbatul islom” (“Islom dinining gumbazi”) va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh” (“Haq yo‘l”) deb atashgan. Hatto, arab diyori olimlari biron-bir masalaning javobini topishda qiynalib qolishsa, Buxoraga Abu Hafs Kabirning oldiga bir kishini yuborib, o‘sha masalaning yechimini bilib olishar ekan.

Narshaxiyning yozishlaricha, Buxoro Abu Hafs Kabir tufayli “Qubbatul islom” nomini olgan. U kishining o‘g‘li Abu Abdullohni (Abu Hafsi Sag‘ir deb ham ataganlar) ilmlari shu darajaga yetganki, hojilar karvoni Ka’badan qaytayotganda, ularning ulamolari Xoja Imom Abu Hafs yonlariga borib, u kishidan muammo masalalarga javob so‘rar ekan.

Shunda Abu Hafs: “O‘zing-ku Iroqdan kelyapsan, nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramading?” deganda, u olim: “Bu masalada Iroq olimlari bilan munozara qildim, ular javob bera olmadilar va menga Buxoroga borganda, bu muammoni Xoja Imom Abu Hafs yoki u kishining farzandlaridan so‘ra!” dedilar.

Yuqoridagi naqldan ma’lum bo‘lyaptiki, Imom Buxoriy, Abu Is’hoq Gulobodiy Buxoriy, Ibn Sino, Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk allomalarning Buxoroda o‘sib, voyaga yetishi behikmat emas, balki Buxoroda allaqachon bunday allomalar uchun ilmu urfoniy zamin hozirlangan edi.

Buxoroda Muhamad ibn Tolut ismli bir amir bo‘lgan. Bir kuni u vaziri Xashuya unga: “Abu Hafsning oldiga borishing yaxshi emas, sen uning yaqiniga borganingda, salobatidan hech bir so‘z aytolmay qolasan” – deb javob beradi. Amir esa “har nima bo‘lsa ham boraman”, deb vazir bilan birga imomning oldiga boradi. Abu Hafs masjidda peshin namozini tugatgandan so‘ng vazir imomning huzuriga kirib, undan: “Amirning kirishiga ruxsat bormi?”, – deb so‘raydi. Vazir rozilik javobini olgach, amirni ichkariga taklif etadi. Shunda amir kirib, unga salom beradi va boshqa biron-bir so‘z ayta olmaydi. Abu Hafs unga yuzlanib: “Nima ish bilan kelding?”, – deganda, amir gapirmoqchi bo‘lib, har qancha urinsa ham, lekin tili kalimaga kelmaydi.

Bu voqeadan so‘ng Xashuya amirdan: “Xoja Abu Hafs qanday ekan?” – deb so‘raganda, amir unga: “Sen aytgandek ekan, uning huzurida hech gap gapira olmay hayronlikka tushib qoldim, necha marta hukmdorning huzuriga borib, u bilan so‘zlashganman. Hukmdorning haybati meni so‘zlashishdan to‘xtata olmagan edi, bu yerda esa u kishining salobatidan so‘z aytolmay qoldim”, – deb javob bergan.

Olim fiqhning turli masalalariga doir ko‘p asarlar yozgan. Bulardan “Fatavoi Abu Hafs Kabir” va “Kitabul imon” mashhur bo‘lgan. Abdulkarim Sam’oniy aytishicha, Abu Amr Ahmad ibn Abu Bakr al-Xuzoiy al-Moxiy: “Men Abu Hafs Kabirning “Kitabul imon” kitoblaridan ta’lim olganman”, degan. Abu Hafs Kabirning fiqhga doir turli masalalar yoritilgan “Al-Ahvo‘ val ixtilof” (“Havoiy gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar-Raddu alal lafziya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kabi asarlari ham bor.

Abu Hafs Kabir rahmatulloh alayhning bergan fatvolari, uning asaridan olingan iqtiboslar keyingi davr ulamolarining fiqhiy asarlarida keng istifoda etilgan. Jumladan, uning fikrlari Alouddin Buxoriyning “Hayratul- fuqaho”, Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning “Saloti Mas’udiy”, Burhoniddin Mahmudning “Muhitu-l- Burhoniy”, Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniyning “Badoyi’us- sanoyi’ fi tartibi-sh- sharoi’”, Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb (vaf. 1118/1707-y.) ning buyrug‘i bilan Shayx Nizomiddin Balxiy boshchiligida 23 nafar faqih tomonidan yozilgan “Fatovoyi Olamgiriy” kabi qator asarlarda uchraydi. Ba’zi asarlarda Abu Hafs haqida alohida bob ajratilgan. Masalan, So‘fi Allohyorning “Maslakul- muttaqin” asarida “Hikoyati Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy”, “Bayonoti Abu Hafs Kabir” sarlavhalari ostida 2 bob ajratilgan.

Abu Hafs al- Kabir Buxoriyning jufti haloli ham nihoyatda ilmli ayol bo‘lib, faqihga doim qimmatli maslahatlar berar va uning qarashlariga jiddiy munosabatlar bildirardi. Shu bois, bir kuni Abu Hafs ayoliga: “Ey zaifa, teshib o‘tadigan yoy otding”, – degan ekan. (Zandavistiy. Ravzatul ulamo. Qo‘lyozma. – V.14.). va bu hikoya maslakul – muttaqinda qo‘yidagicha keltirilgan. Bu u zotning taqvolari qanchalik darajada yuksakligini bildiradi va amalda bu sababdan katta foydalarga ega bo‘lganlariga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Hikoyat: Xoja Abu Hafs Kabir pirlari ijozat berib: “Buxoroga borib yo‘l ko‘rsating va pand nasihat qiling”, – dedilar. Xoja Abu Hafs Kabir xotinlariga maslahat qildilar. Zaifalari aytdilarki: “Yo imom, avval hech narsa egasidan be ijozat yedingizmi?” Xoja aytdi: “Norasidalik vaqtimda bir kuni otashparastlarning ko‘chasidan borar edim. Bir gandoni piyozga o‘xshash ko‘kat bargini olib yedim. Seni so‘zing bilan u gunohim yodimga keldi”. Xotini aytdi: “Ey xoja, kishining haqqi sizda bordur, so‘zingiz haloyiqqa ta’sir qilmas. Bu gunohingiz bilan uyalmaysizmi Buxoroga borib va’z aytaman degani?”. Xoja bu so‘zni eshitib, otashparastning ko‘chasiga yugurdi. Ko‘zidan yoshi oqdi.

Ul gandonaning egasini topib, oziroq yalindi, yolvordiki rozi bo‘lgin deb, rozi bo‘lmadi. Xoja aytdi: “Ey birodar, o‘sha gandona bargi uchun bir tanga berayin”. U qabul qilmadi. Oxiri Xoji: “Yuz tanga beray”, dedi. Shunda u kofir aytdi: “Ey Xoja, bu so‘zni senga kim aytdi?” Xoja: “Zaifam aytdi”, dedi. Kofir aytdi: “Men ham bu kecha xotinim bilan maslahat qilib, javobini aytaman”, dedi. Tarso uyiga borib, xotiniga bu so‘zlarni bayon qildi. Xotini: “Bir bargi gandona uchun sendek kofirga bunchalik tavallo qilibdi, demak uning dini haq ekan. U Xoja yana ertaga kelsa, uni diniga kiraylik”, dedi. Tarsoning ham ko‘ngli moyil bo‘ldi. Ertasi Xoja bordi. Ikkovlari Xojaning oldida iymon keltirdi. Ularni ko‘rib, kofirning qarindoshlari hammasi musulmon bo‘ldi. Bu taqvolari hamma joyga tarqaldi va butun Buxoro xalqi ul zot bormaslaridan turib, iymon keltirdi.
Imom Abu Hafs aytdilar: “Tahoratim yo‘q holida qog‘oz bozoridan o‘tmadim”. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytdilar: “Yuz tuyaning keynidagi tuyada Qur’on bo‘lsa, avvalgi tuyaning jilovini betahorat ushlamadim”.

Hikoyat: Bir podshoh shikor qilib, shikoridan adashib bir qishloqqa kirdi. Anda bir uyga tushdi. U uyda tong otguncha rohat qilib uxlamadi. Subhda uy sohibi aytdi: “Nima uchun uxlamadingiz?”. Podshoh aytdi: “Men qanday rohat qilayki, bu uyda kalomulloh bordir”. Uy sohibi aytdi: “Agar menga bildirsangiz, o‘zga uyga olar edim”. Podshoh aytdi “Xup g‘aflat qilmoq uchun “Kalomullohni olg‘il”, deyishga sharm qildim. Agar unday desam, jonimga jafo bo‘lar edi”.

Ey azizlar! Podshoh shunaqa taqvo qilsa, fuqorolari qachon xilof qilur!
Kalomullohni kunlik vazifa qilganlari bayoni: Imom Abu Hafs Kabir bir kecha-kunduzda Qur’on karimni ikki marta xatm qilar, odamlarga dars ham berar edi. Keksayib zaiflashgach, bir marta xatm qiladigan bo‘ldi. Yana ham zaiflashib qolgach, to dunyodan o‘tguniga qadar, bir kecha-kunduzda Kalomullohning yarmini o‘qiydigan bo‘ldi. Yetti yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yodlaganlar. Alloh taolo u zotni rahmatiga olsin.

Rivoyat qilishlaricha, Imom Abu Hafs Kabir Buxoroda hanafiy mazhabi asosida ta’lim beriladigan ilk madrasani qurdirgan. Bu madrasa hozirgi “Poyi Kalon” mavzeida bo‘lgan. Alloma uylaridan madrasaga borishda bozor orqali o‘tardilar. Shunda haybatlaridan bozorchilarning shovqin-suroni to‘xtab qolardi.

Imom Buxoriy tug‘ilmasidanoq Buxoro “Qubbatul islom” — islom dinining gumbazi degan nom bilan mashhur bo‘lgan. U zot hamma joyi makonni olimi zabardastlarga to‘ldirgan bir mahalda tug‘ilganlar.

Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, Imom Buxoriyning tug‘ilgan yillarida – hijriy sananing 194-yili ya’ni, (shavvol oyining 13 kuni) milodiy 810-yilda (20-iyul) kuniga to‘g‘ri keladi. Demak bu islom rivojlanishi u kishida katta bir maqsadlarni hosil qiladigan makonga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu vaqtda Buxoro olimlaridan Xoja Imom Abu Hafs Kabirning dovrug‘i ham yetti iqlimga yetib borgan edi.

Xulosa o‘rnida, u zoti sharif hanafiylikning haqiqiy tirik zabardast olimi va tarqatuvchisi edi u kishi tufayli barcha atrofidagi biror shahar boshqa mazhabga qaramasdilar. Chunki hamma mazhablarning asli Abu Hanifadan tarqash sabablarini ko‘rsatardi. Imom Shofe’iylar ham u kishining nevara shogirdi hisoblanishini o‘sha zamon vakili bo‘lib yaxshi tushuntiradilar. O‘zlari Imom Shofe’iy bilan zamondosh va bir yilda, ya’ni 150 hijriy yilda to‘g‘ilganlar.

photo 02 345

Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh 216 hijriy yili (832 milodiy) Buxoroda vafot etadilar va hozirgi Hazrati Imom mozoriga dafn etildilar.

Muallif: Urol Nazar Mustofo , Toshkent shahridagi, “Yunusobod Oqtepa” jome masjidi imom noibi.
Manba: Mir arab oliy madrasasi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.