25.02.2021
  • -
  • -
  • -
  • -
photo 113

 65 

Yaponiyalik olimlarning tadqiqotlaridan so‘ng kechqurun uyqu paytida chiroqlarning yoniq turishi halokatga olib boruvchi bir necha kasalliklarga sabab bo‘lishi aniqlandi. Hatto ko‘chalarni yorituvchi chiroqlar yorug‘ida yoki oydin kechalardagi Oyning nuri ostida uxlash ham kasallikka sabab bo‘lishi mumkin ekan.

Tadqiqotchilar uxlash paytida xonadagi chiroqning yoniq holda turishi yurak kasalliklari va insult sababli vafot etish xavfining oshishiga sabab bo‘lishini aytdilar.

Tabiblarning aytishicha, kishi uxlayotgan xonaga oy nurining oz miqdorda tushishi yoki ko‘cha chiroqlarning oz miqdorda xona ichini yoritishi zararning yuzaga kelishiga sabab bo‘lar ekan.

Kechasi uyqu paytidagi tanaga tushib turgan yorug‘lik arteriya tomirlarning qattiqlashishiga sabab bo‘lar ekan.

Tadqiqotchilarning aytishicha, kechasi uxlayotgan kishining qovoqlariga yorug‘lik tushishi tanada melatonin garmonining ishlab chiqarilishi kamayishiga bois bo‘lar ekan. Ma’lumki, bu garmon uyqu garmoni bo‘lib, uyquning me’yorida davom etishiga, uyqu paytida qon bosimining pasayishiga, qondagi glyukoza miqdorining tushishiga va tana haroratining bir me’yorda bo‘lishiga xizmat qiladi. Xona qorong‘u bo‘lganda ushbu garmon ishlab chiqarilishni boshlaydi va inson mudroqni his qilib, uyquga ketadi. Xona yorug‘ bo‘lganda, quyosh chiqqanda garmonning ishlab chiqarilishi to‘xtaydi.

Melatonin garmonining muntazam me’yorida ishlab chiqarilishi qarishning sekinlashishiga sabab bo‘ladi.

Tadqiqot rahbari Kenji Obayashi «Yorug‘lik ostida uxlash bilan arteriya tomirlarining qattiqlashishi orasida ochiq-oydin aloqa borligini aniqladik. Vaholanki, tomirlarning qattiqlashishi chekish, semizlik, qon bosimining balandligi va qandli diabet sababli yuzaga keladigan kasallikdir» degan.

Shuningdek, Current Biology jurnali uyqu paytida tananing yorug‘likka tez-tez ro‘para bo‘lishi salomatlikka salbiy ta’sir etishi haqida e’lon qildi.

Gollandiyalik bir guruh tadqiqotchilar uyqu paytida chiroqlarning yoniq qolishi bilan bog‘liq tadqiqot o‘tkazdilar. Ular bu tadqiqotda sichqonlardan foydalandilar. Tadqiqotdan so‘ng kechasi uxlash paytida yoniq turgan chiroqlar bir necha kasalliklarga sabab bo‘lishini aniqladilar. Tadqiqotchilar kechasi chiroqlar yoniq qolishi xatarli bo‘lgani kabi kunduzi yorug‘likdan bahra olmaslik ham salomatlik uchun zarar ekanini aytyaptilar.

Tadqiqotchilar tunda uyqu paytida tanaga yorug‘lik tushib turishi saraton, immun tizimining zaiflashishi, erta qarish va boshqa bir qancha kasalliklarga sabab bo‘lishini aytdilar.

Demak, ilmiy haqiqat shuki, uxlash paytida chiroqlarni o‘chirish lozim. Aks holda tanada turli kasalliklar yuzaga kelishi mumkin.

Olimlar bu haqiqatni yaqinda aniqladilar. Ungacha kishilarda uxlash paytida chiroqlarni o‘chirmaslikning miyaga salbiy ta’siri yo‘q degan tushuncha mavjud edi. Lekin zamonaviy ilm buning teskarisini aytmoqda.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada biror narsa deganmilar yoki bu masala haqida indamaganlarmi?

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nafaqat uyqu paytida chiroqlar yoniq turishining zarari borligini aytganlar, balki biz ummatlarini chiroqlarni yoqib uxlashdan qaytarganlar. Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini nimadan qaytarsalar, o‘sha narsada zarar borligi uchun qaytargan bo‘ladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu borada bir qancha hadislar vorid bo‘lgan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

إِذَا جَنَحَ اللَّيْلُ أَوْ أَمْسَيْتُمْ فَكُفُّوا صِبْيَانَكُمْ فَإِنَّ الشَّيَاطِينَ تَنْتَشِرُ حِينَئِذٍ ، فَإِذَا ذَهَبَ سَاعَةٌ مِنَ اللَّيْلِ فَخَلُّوهُمْ ، وَأَغْلِقُوا الأَبْوَابَ وَاذْكُرُوا اسْمَ اللَّهِ فَإِنَّ الشَّيْطَانَ لا يَفْتَحُ بَابًا مُغْلَقًا ، وَأَوْكُوا قِرَبَكُمْ وَاذْكُرُوا اسْمَ اللَّهِ ، وَخَمِّرُوا آنِيَتَكُمْ وَاذْكُرُوا اسْمَ اللَّهِ ، وَلَوْ أَنْ تَعَرِضُوا عَلَيْهَا شَيْئًا ، وَأَطْفِئُوا مَصَابِيحَكُمْ

«Kech kirgach, bolalaringizni (uyda) ushlab turing. Chunki bu paytda shayton (jin)lar izg‘iydi. Bir soat o‘tgach, bolalaringizni erkin qo‘ying. Allohning nomini zikr etib eshiklaringizni yoping. Zero, shayton berkitilgan eshikni ochmaydi. Allohning nomini zikr etib meshlaringiz (og‘zi)ni bog‘langiz. Allohning nomini zikr etib idishlaringiz ustiga biron narsa bo‘lsa-da, tashlab qo‘ying. Chiroqlaringizni o‘chirib (yoting)».

Muttafaqun alayh.

Bu hadisda kech kirgach, ko‘chada o‘ynab yurgan bolalarimizni uyga chaqirib olishimiz lozimligi, chunki bu paytda shaytonu jinlar izg‘ishi, eshikni berkitish lozimligi, uni berkitayotganda Alloh taoloning ismini aytish kerakligi, idishlarning og‘zini ham Alloh taoloning ismini aytib berkitib qo‘yish lozimligi, uxlash oldidan chiroqlarni o‘chirish kerakligi bayon qilinyapti.

Jinlar izg‘ib yurgan paytda bolalar uyga chaqirib olinmasa, jinu shaytonlar bolalarga biror zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Alloh taoloning ismi zikr qilib berkitilgan eshikni shayton ocholmaydi, Alloh taoloning ismi zikr qilib bog‘langan meshlar va Alloh taoloning ismi zikr qilib usti yopilgan idishlarga vabo, zararli hasharot va hayvonlar tushmaydi. Shuningdek, chiroqlarni o‘chirib yotish yuqorida zikr qilingan kasalliklardan saqlanishga sabab bo‘ladi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Kechasi Madinada bir uy yonib ahli zarar ko‘rdi. Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aytildi. U zot:

ان النار عدو لكم فإذا نمتم فأطفئوها عنكم

«Albatta, olov sizga dushmandir. Qachon uxlasangiz, uni o‘chiring”, dedilar».

Muttafaqun alayh.

O‘sha paytlarda uylar pilik solib yoqiladigan chiroqlar vositasida yoritilgan. Hozir ham chiroq ko‘p o‘chadigan va gaz yonmaydigan joylarda pilikli chiroqlar, shamlar, o‘tin solib uy isitishda ishlatiladigan isitgichlardan foydalaniladi. Uxlash paytida o‘shalarni o‘chirib qo‘ymaslik yong‘in kabi talofatlarga sabab bo‘lar ekan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

جَاءَتْ فَأْرَةٌ فَأَخَذَتْ تَجُرُّ الْفَتِيلَةَ، فَذَهَبَتِ الْجَارِيَةُ تَزْجُرُهَا، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: دَعِيهَا، فَجَاءَتْ بِهَا فَأَلْقَتْهَا عَلَى الْخُمْرَةِ الَّتِي كَانَ قَاعِدًا عَلَيْهَا فَأَحْرَقَتْ مِنْهَا مِثْلَ مَوْضِعِ الدِّرْهَمِ، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: إِذَا نِمْتُمْ فَأَطْفِئُوا سُرُجَكُمْ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَدُلُّ مِثْلَ هَذِهِ عَلَى هَذَا فَيُحْرِقُكُمْ

«Sichqon kelib, pilikni sudray boshladi. Xodima uni haydadi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam«Qo‘yaver uni», dedilar. Sichqon pilikni u zot o‘tirgan xamra (joynamozcha) ustiga tashladi. Uning dirhamdek joyi kuydi. Shunda u zot: «Qachon uxlasangiz, chiroqlaringizni o‘chiring. Chunki shayton mana bu (sichqon)nga o‘xshaganga amr qilsa, sizlarni kuydiradi»dedilar.

Imom Bayhaqiy rivoyati.

Bu hadisda ham chiroqlarni o‘chirish kerakligi aytilyapti. Shuningdek, uxlash oldidan televizor, planshet va telefonlarni ham o‘chirish lozim. Qorong‘u xonada biror narsa ko‘rayotib uxlab qolishdan saqlanish kerak.

Bundan o‘n to‘rt asr oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uxlash oldidan chiroqlarni o‘chirish kerakligi, agar o‘chirmasa, zarar bo‘lishini qayerdan bilib aytdilar ekan?! Albatta, u zot sollallohu alayhi vasallamga bu haqiqatlarni Alloh taoloning O‘zi bildirgandir!

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida chiroqlar yoniq holda uxlash yong‘in kabi talofatlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan asrning oxirlarida olimlar uyqu paytida chiroqlarning yoniq holda qolishi ko‘z, miya, yurak, immunitet tizimi, tomirlar, o‘smalar va qon bosimi bilan bog‘liq kasalliklarga sabab bo‘lishini aniqladilar.

Bundan 14 asr oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan yuqoridagi hadislarning aytilishi u zot sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning haq Payg‘ambari ekanliklariga dalillardandir.

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Manba

Fikr bildirish

• • • • • • • • • • • • • • • • • • • • •