Salomatlik

Sog‘lom nonushta uchun 5 xil tvorogli yegulik retsepti

photo 1261

Loading

Tvorogli nonushtani tez va oson tayyorlash mumkin. Bundan tashqari, tvorog barcha yoshdagilar uchun yoqimli va foydali bo‘lib, hamma turdagi yegulik va shirinliklarga qo‘shish mumkin bo‘lgan ajoyib mahsulot hisoblanadi. Quyida nonushta uchun foydali bo‘lgan tvorogli yeguliklar retseptlari bilan bo‘lishamiz.

Ichiga tvorog solingan lavashli pirog retsepti

Lavash xamiridan yumshoqqina pirog tayyorlash uchun quyidagi retsept tavsiya etiladi. Mazasi barchaga manzur kelishi shubhasiz.

Kerakli mahsulotlar:
– tvorog — 400 gr;
– pishloq — 200 gr;
– tuxum — 3 dona;
– smetana — 3 osh qoshiq;
– kefir — 250 ml;
– lavash — 4 dona;
– ko‘kat, tuz va ziravorlar.

Tayyorlanishi: Qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq tvorog bilan aralashtiriladi. Pishloqning bir qismi qoldiriladi. Ko‘katlar to‘g‘rab olinadi. Ko‘katlar tvorogli aralashmaga solinadi. Barcha ingrediyentlar yaxshilab aralashtiriladi. Agar pishloq sho‘r bo‘lsa, tuz solmaslik mumkin. Tuxum, kefir va smetana aralashtiriladi. Lavash xamiri ta’bga ko‘ra 3-4 qatlam bo‘lishi mumkin. Qolipga dastlab tuxumli aralashma quyiladi, so‘ngra lavash xamiri qo‘yilib, ustidan tvorogli nachinka solinadi. Har bir qatlam shu tarzda tayyorlanadi va pirogning eng yuqori qismiga qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq sepiladi. 180°C haroratda 30 daqiqa davomida pechda pishirib olinadi. Yoqimli ishtaha!

Tvorogli zapekanka

Tvorogli zapekanka tayyorlash ko‘p vaqt talab etmaydi. Ushbu yegulikni nafaqat nonushta, balki bayram dasturxoni uchun ham tayyorlash mumkin.

Kerakli mahsulotlar:
– tvorog — 1 kg;
– tuxum — 6 dona;
– sariyog‘ — 30 gr;
– shakar upasi — 150 gr;
– makkajo‘xori kraxmali — 1 osh qoshiq;
– manni yormasi — 1 osh qoshiq;
– vanil — 1 osh qoshiq.

Tayyorlanishi: Tvorog elakdan o‘tkaziladi. Unga yog‘ miqdori kamida 82% bo‘lgan ozgina sariyog‘ qo‘shiladi va blenderda yaxshilab aralashtiriladi. 6 ta tuxum sarig‘i chuqur idishga ajratib olinadi. Shakar upasi qo‘shilib, mikser qilinadi. So‘ngra oz-ozdan tvorogli massa qo‘shiladi va yana mikser bilan aralashtiriladi. Ustidan manni yormasi va makkajo‘xori kraxmali qo‘shiladi. Yaxshilab aralashtirilgach, bir necha daqiqaga qoldiriladi. Ajratib olingan tuxum oqi mikser bilan yaxshilab ko‘pirtiriladi. Asta-sekin taxminan 30-40 gr shakar upasi qo‘shiladi. Ko‘pirtirilgan tuxum oqiga tvorogli massa qo‘shiladi va aralashtiriladi. Qolipdagi pergament qog‘oz solinadi, so‘ngra yon tomonlari va pastki qismiga sariyog‘ surtiladi. Yog‘langan qolipga manniy yormasi sepiladi, shunda zapekankani undan olish osonroq bo‘ladi. Ustidan tayyor massa solinadi va yuzasi tekislanadi. Zapekanka 170°C qizdirilgan pechda 50-60 daqiqa davomida pishiriladi. Pishgandan so‘ng darhol pechdan olib tashlanmaydi, biroz sovishini kutish lozim. Yoqimli ishtaha!

“Tvorogli konvertlar” pechenyelari

Bolalikni yodga soluvchi nazali shirinliklar. Tayyorlash uchun har qanday yog‘li tvorog mos keladi. Miqdorga qarab, retseptda asosiy mahsulotlar — un, sariyog‘, shakar va tuxum nisbati o‘zgaradi.

Kerakli mahsulotlar:
– tvorog — 250 gr;
– saryog‘ — 100 gr;
– un — 170 gr;
– shakar — 3-4 osh qoshiq;
– tuz — 1/2 choy qoshiq;
– iste’mol sodasi — 1 osh qoshiq.

Tayyorlanishi: Barcha mahsulotlar xona haroratida bo‘lishi kerak. Pishirishdan bir necha soat oldin tvorog va sariyog‘ muzlatkichdan olib qo‘yiladi. Pishiriqlar yumshoq va mazali chiqshi uchun yog‘ miqdori kamida 5 foiz bo‘lgan tvorogdan foydalanish tavsiya etiladi. Blenderdan foydalanib tvorog bir hil maydalanadi. Unga yumshoq sariyog‘ qo‘shiladi. Tvorogli massa yana blender bilan yaxshilab aralashtiriladi. Ustidan un, soda va tuz qo‘shiladi. Qo‘lga yopishmaydigan silliq xamir qoriladi. Xamir bir soatga muzlatkichga qo‘yiladi. Tayyor bo‘lgach, xamir yupqa qilib yoyiladi va kichik doira shakllari kesib olinadi. Har bir doirani shakarga botirib, shakar tomoni ichkariga qaratilib ikkiga buklanadi va yana shakarga botirib olinadi. Pechenyelar pergament bilan qoplangan listga terilib, ularni 200°C oldindan qizdirilgan pechga qo‘yiladi va 20-25 daqiqa davomida pishiriladi. Yoqimli ishtaha!

Tvorogli keks retsepti

Oddiy hamda mazali mayiz qo‘shilgan tvorogli keks retsepti.

Kerakli mahsulotlar:
– un — 150 gr;
– yog‘ — 75 gr;
– shakar — 80 gr;
– tvorog (18% li) — 130 gr;
– tuxum — 2 dona.
– qabartma (razrixritel) — 1 osh qoshiq;
– mayiz — 80 gr;
– vanil — 1 osh qoshiq;
– shakar upasi.

Tayyorlanishi: Elakdan o‘tkazilgan tvorog sariyog‘ bilan aralashtiriladi. So‘ngra yaxshilab mikser bilan aralashtiriladi.
Ustidan shakar qo‘shiladi va yana mikser qilinadi. Ikkita tuxum qo‘shiladi va aralashtiriladi. Ushbu bosqichda ta’bga biroz vanil, tvorogli aralashma qo‘shiladi. Bir hil massa olish uchun mikser bilan yana yaxshilab aralashtiriladi. Elangan un qabartma bilan aralashtirladi va boshqa mahsulotlar bilan birgalikda bir idishga solinadi. Yaxshilab yuvib quritilgan mayiz xamirga qo‘shiladi. Tayyor bo‘lgan xamir qolipga quyiladi. 180°C pechda 50-55 daqiqa davomida pishiriladi. Keks tayyor bo‘lgach, yuzasiga shakar upasi sepiladi. Yoqimli ishtaha!

Tvorogli bulochkalar

Tvorogli bulochkalarni pishirish uchun ko‘p vaqt ketmaydi. Ularni nonushtada bir piyola choy yoki qahva bilan iste’mol qilish mumkin.

Kerakli mahsulotlar:
– tuxum — 2 dona;
– shakar upasi — 3-4 osh qoshiq;
– tvorog — 250 gramm;
– sut — 2-3 osh qoshiq;
– un — 400 gr;
– qabartma (razrixritel) — 1 osh qoshiq.

Tayyorlanish jarayoni: Tuxum, tuz va shakar yaxshilab aralashtiriladi. Aralashmaga tvorog qo‘shiladi, ustidan sut qo‘shilib, bir hil massaga ega bo‘lish uchun hamma narsa yaxshilab aralashtiriladi. Elangan un bilan qabartma qo‘shiladi, tvorogli aralashmaga qo‘shib, yumshoq xamir qoriladi. Xamir kichik qismlarga ajratilib, yoyib chiqiladi. Ichiga nachinka sifatida shokolad, mayiz yoki boshqa mevalar qo‘shish mumkin. Tvorogli bulochkalar pergament qog‘oz solingan listga joylashtiriladi. Bundan tashqari, bulochkalar yopishmasligi uchun o‘simlik moyi bilan yog‘lanadi. Bulochkalar ustiga biroz shakar sepish hamda tuxum sarig‘ini surtish mumkin. 180°C qizdirilgan pechda 15-20 daqiqa davomida pishiriladi.

Manba: “Daryo” nashri.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.