Mashhurlar

Faoliyatini bir yo‘nalishda boshlab, boshqasida muvaffaqiyat qozongan o‘zbekistonlik mashhurlar

photo 1358
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

O‘zbek shou-biznesida faoliyatini san’atning bir yo‘nalishida boshlagan va keyinroq boshqa yo‘nalishda mashhurlikka erishganlari talaygina. “Daryo” nashri xuddi shunday san’atkorlar haqida maqola tayyorlagan.

Zulayho Boyxonova
O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova 1986-yilda institutni tugatgach, san’at olamidagi faoliyatini Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatrida boshlagan. U teatrda sahnalashtirilgan ko‘plab spektakllarda bosh rollarni o‘ynagan. Shundan keyin aktrisa xonandalikda ham o‘zini sinab ko‘radi va “Hay-hay” nomli taronasini ijro etgandan keyin mashhurlikka erishadi. Xonanda “Gar sog‘insam”, “Rashk”, “Dilimdagilar”, “Ko‘z tutarman” nomli taronalari bilan muxlislarning e’tiboriga tushgan.

Munisa Rizayeva
Munisa Rizayeva san’tdagi karyerasini kinodan boshlagan. Uning debyuti 2010-yilda suratga olingan “Hijron” filmida bo‘lgan. Munisa “Hijron”dan so‘ng, “Salom Natasha”, “Aql va yurak”, “Hay-hay qizaloq” hamda “Bevalar” kinofilmlarida turli rollarni ijro etgan. Munisa 2011-yilda qo‘shiqchilikda o‘zini sinab ko‘rishga qaror qilgan hamda birinchi “Ayrilma yor” deb nomlangan qo‘shig‘ini muxlislar e’tiboriga havola etadi. Ushbu qo‘shiq muxlislar tomonidan iliq qarshi olinib, u xonandaning tashrif qog‘oziga aylanadi. Xonanda bu taronasidan keyin ijodga yanada sho‘ng‘idi va ko‘plab taronalarni ijro etdi. Uning mashhurligi viloyatlar bo‘ylab konsert bera boshlaganidan keyin yanada ortdi. Munisa Rizayevaning ilk musiqiy albomi 2012-yilda chiqqan, 2014-yilda esa xonanda “E’tirof” milliy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning “Alamim bor”, “Ovuna”, “Dil”, “Bo‘ldi yurak”, “Armon” va bir qancha taronalari muxlislarning qalbidan joy egallagan. Munisa Rizayeva Ziyoda, Shohruhxon, Shahzod Murodov, Botir Qodirov kabi o‘zbek shou-biznesining taniqli vakillari bilan duet kuylagan.

Nilufar Usmonova
Xonanda Nilufar Usmonova san’atdagi faoliyatini 1995-yilda aktrisalikdan boshlagan. Uning ilk debyuti “Bolajon” kinofilmida bo‘lgan va shundan keyin 2002-yilda suratga olingan “Muhabbat sinovlari” filmida suratga tushgan. Aktrisa o‘zini xonandalikda ham sinab ko‘rishni istaydi va keyinroq “Otajon”, “Yur”, “Bolam” nomli taronasini ijro etadi. Xonandalik yo‘nalishida ijod qilishni boshlagan Nilufar Usmonova aynan shu yo‘nalishda mashhurlikka erishadi. Xonandaning “Taslim bo‘ldim”, “Asraydi”, “Odamlar”, “Onam”, “Xatlar yozmayman”, “Kel ikkimiz” nomli taronalari muxlislarning e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Gafur
Hozirgi kunda Rossiyada Gafur taxallusi ostida ijod qilayotgan xonanda Abdulg‘ofur Isaxonov san’at olamidagi faoliyatini o‘zbek kinofilmlarida boshlagan. Uning kinodagi ilk debyuti 12 yoshida, “Soy qo‘shig‘i” filmida bo‘lgan. Shundan keyin “Dadam betob”, “Novda”, “Elparvar” filmlarida suratga tushdi. Keyinroq Abdulg‘ofur musiqiy tanlovda qatnashish uchun Rossiyaga uchib ketadi. Ijodiy safar mobaynida RAAVA Music leybli asoschilari bilan tanishdi hamda birin-ketin xit qo‘shiqlarini muxlislar e’tiboriga havola eta boshladi. Uning “Lollipop” nomli taronasi rusiyzabon yoshlar tomonidan iliq qarshi olindi hamda ushbu qo‘shiq turli xit-paradlarda bir necha oy davomida birinchilikni egallab keldi.

Asal Shodiyeva
Aktrisa Asal Shodiyeva san’atga kirib kelgan ilk yillarida “O‘zbekistonim” nomli taronani ijro etgan. U Uspenskiy nomidagi musiqaga ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olgan. Keyinchalik Asal Shodiyeva aktrisalik sohasida o‘zini sinab ko‘rdi va aynan shu yo‘nalishda mashhurlikka erishdi. U kino olamdagi faoliyati davomida 30 ga yaqin filmda suratga tushgan. “Uchar qiz” “Hay-hay qizaloq”, “Majnun”, “Poyga”, “Uylanish”, “Vahshiy”, “Qaysar oshiqlar” aktrisa ijodidagi muvaffaqqiyatli filmlar hisoblanadi. Hozirda farzandlari tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan Asal Shodiyeva xonandalikdagi ijodini ham davom ettirmoqda. Aktrisa kinodagi faoliyatida tanaffus e’lon qilganidan keyin “Soxta”, “Uchta so‘z” kabi taronalarini muxlislariga taqdim etdi.

Malik
Malik taxallusi bilan ijod qiluvchi Shohjahon Ergashev O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan “Yor biyo” taronasini ijro etganidan keyin xonanda sifatida tanildi. Malik mashhurlikka erishmasidan oldin o‘zini aktyorlik sohasida sinab ko‘rgan. U Xadichaning bir nechta kliplarida suratga tushgan. Xonanda aktyorlikdan tashqari kompozitorlikda ham faoliyat yuritadi. U Yulduz Usmonovaning “Bu sevgi”, Xadichaning “Aldama”, “Kelma”, “Bevafo”, Alisher Zokirovning “Malikam”, Imronning “Hech kimga bermay sevaman” nomli taronalarining muallifi hisoblanadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.