Mashhurlar

Yetimlikda ulg‘aygan, bir kunda ikki o‘g‘lidan ayrilgan G‘ulomjon Yoqubov

photo 7
Foto; Instagram (gulomjon_yoqubov_official)

Loading

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov 1-mart kuni 73 yoshni qarshiladi. Bahorning ilk kunida tug‘ilgan ijodkor salkam 50 yildan buyon katta sahnada ijod qiladi. Ko‘rinishidan viqorli ko‘ringan ijodkor hayotda ko‘plab qiyin kunlarni boshdan kechirgan. Yetimlikdan tortib, farzandidan ayrilish azobinini ham his qilgan taniqli xonanda bilan suhbatni “Daryo” nashri muxbirlari taqdim etishdi.

— Toshkentda, oddiy oilada dunyoga kelganman. Mahallamizda urush paytida yetim bolalarni asrab olgan Shomahmudovlar oilasi ham yashardi. Ularning bir nechta o‘g‘illari bilan tengdosh bo‘lganman. Mahallamizda ko‘pchilik insonlar terini qayta ishlash bilan shug‘ullanishgani uchun mahallamizni ko‘nchilar deb atashardi, — deydi xonanda.

G‘ulomjon Yoqubovning tug‘ilishi juda qiziq kechgan. U uydagi kichik tancha yonida tug‘ilganini va qo‘shni ayol onasiga doyalik qilgani haqida ham aytib o‘tdi.

— Uyimizning orqa tomonida Salima degan ayol yashardi. Uni esimni taniganimdan buyon buvi deb atardim. Keyinchalik bilsam u onamga doyalik qilib, meni dunyoga keltirgan ekan. Oilada to‘rt nafar farzand bo‘lganmiz. Ammo akamdan keyingisi juda erta vafot etgan. Bolaligim bilan bog‘liq shirin xotiralar juda ko‘p, ammo armonlarim ham yetarlicha. Uch yoshimda otadan yetim qolganman. Onam rahmatli 28 yoshida 3 farzand bilan beva qolgan. Otam bilan bog‘liq xotiralarim juda kam. Yelkasiga mindirib meni o‘ynatgani va o‘lgach vidolashuv uchun meni olib kirishganda atrofdagi erkaklar “O‘g‘li kirganda ko‘zini ochdi”, deyishganini eslayman, xolos, — deydi xonanda.

Urush yillaridan so‘ng juda ko‘p ayollar boquvchisini yo‘qotgani va oilalar qiyin kunlarni boshdan kechirishganini xonanda o‘z hayoti misolida quyidagicha taʼriflaydi.

— Mahallamizda turmush o‘rtog‘i urushdan qaytmagan ayollar juda ko‘p edi. Onam rahmatliga ham ko‘p joydan sovchilar kelgan. Ammo hamisha rad javobini berardi. “Mening 3 ta erim bor, ular uchun yashayman”, derdi. O‘zi esa mahallamizdagi shapka to‘qiydigan sexda oddiy ishchi bo‘lib ishlardi. Kun bo‘yi ishda bo‘lar, ro‘zg‘or kamko‘stini to‘ldirish bilan ovora edi.

Juda kichik yoshimda qiziq voqea bo‘lgan. Mahalladan o‘tayotgan mashinani poylab turib, “temir tosh”ni otganman. U haydovchi o‘tirgan tomon oynasini sindirib, boshini yorgandi. U jahl bilan ikki oyog‘imdan ko‘tarib “Oynani kim to‘lab beradi?” deb onamga baqirgani ham ko‘z oldimdan ketmaydi, — deydi xonanda G‘ulomjon Yoqubov.

G‘ulomjon Yoqubov bolaligida sho‘x va o‘yinqaroq bo‘lgani, hatto bir necha marta maktabdan ham haydamoqchi bo‘lishgani va shunchaki tasodif sabab musiqaga qiziqib qolgani haqida quyidagilarni aytdi.

— Sho‘xligimdan mahalla-ko‘ydagi bolalar ham, maktabdagilar ham bezor edi. Ustozlarim tarbiyaga chaqirish uchun bir necha marta kaltaklashgan. U paytlarda ota-onalar ham “Eti sizniki suyagi bizniki” qabilida ish tutishardi. Bir nechta to‘garaklarga borganman, ammo u yerdagi o‘qishim uzoqqa cho‘zilmasdi. 3-sinfligimda G‘ulomjon Qo‘chqorov degan musiqa ustoziga shogirdlikka tushganman. U kishi ilk marta qo‘limga dutor ushlatgan. Ammo u yerda ham sho‘xligim bilan hammani bezor qilardim. Doira to‘garagiga qatnaydigan bolalar bilan tengma-teng urishardim. Sanʼatga mehr qo‘ygach, sho‘xligim ham bosildi, — deydi xonanda.

Xonanda ko‘plab moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan. Hatto, oiladagi sharoit sabab, bolaligidan ishlab ilk musiqiy sozini o‘zi xarid qilishiga to‘g‘ri kelgan.

— U paytlari rubob 21 so‘m turardi. Bir qo‘shnimiz uy qurmoqchi edi. “G‘ishtni men quraman, pul berasizmi?” deganman. Avvaliga ishonishmagan, ammo kelishuvga ko‘ra bir oy ichida uch mingta g‘ishtni quyib berganman. Pulni olib, ilk rubobimni sotib olganman. Ammo 1967-yillarda sanʼatga va bu soha vakillariga bo‘lgan eʼtibor juda yomon edi. Shu bois ham onam sanʼatkor bo‘lishimni istamagandi. Shu bois onam politexnika institutiga hujjat topshirishimni istagan. U paytlari imtihonlar yozma va og‘zaki shaklda o‘tkazilardi. Ko‘chirmakashlik qilib bo‘lsa-da yozma imtihondan uch olganman. Og‘zaki imtihondan esa o‘tolmaganman. O‘shandan keyin tanish yigitlarim filormoniyada yangi ovozlar uchun kasting o‘tkazilayotganini aytishgan. Omadim kelib, kastingdan o‘tib, ishga olinganman, — deydi xonanda.

Xonanda 1998-yili hayotidagi eng og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazgan. U bir kunda ikki o‘g‘il farzandidan ayrilgan.

— Bu voqeadan keyin men kamida aroqxo‘r bo‘lib ketishim kerak edi. Chunki jigargo‘shasidan ayrilish oson emas. Eng yomoni bir kunda ikki farzandimdan ayrilganman. U yillari Nazarbekdagi hovlida yashardik. Katta o‘g‘lim AQShga ketgandi. Keyingisi esa 22 yoshga to‘lib, onasi to‘y harakatiga tushib qolgan kezlar edi. O‘sha kuni ham onasi sovchilikka ketgandi. Mahalladagi hamshira qiz osma ukolni noto‘g‘ri qilgani sababli ahvoli yomonlashgan. Shunda kenja o‘g‘lim akasini ToShMIga olib borish uchun mashina ruliga o‘tirgan. Aslida u mashina haydashni yaxshi bilmasdi. Mashina jarga ag‘anab, ikki soat ichida ikki farzandimdan ayrilganman. Vafot etgan katta o‘g‘lim Toshkent davlat yuridik institutida o‘qirdi. Kenja o‘g‘lim esa Toshkent davlat texnika universitetining tayyorlov kursiga qatnardi. Afsuski, ularning baxt-u kamolini ko‘rish nasib etmadi, — deydi G‘ulomjon Yoqubov.

Xonanda 1999-yil farzandlari xotirasiga bag‘ishlab qo‘shiq ham ijro etgan.

Xonanda bu yil 73 yoshni qarshiladi. Ammo haligacha xalq xizmatida bo‘lishga, muxlislarining ko‘nglini olishga harakat qiladi. Uning farzandlari san’at sohasini tanlashmadi. Ammo nabiralaridan biri bobosi kabi xonanda bo‘lishni niyat qilgan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.