Mashhurlar

“VIA Marokand” xonandasi Asal guruhni tark etdi

photo 44
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

“VIA Marokand” prodyuseri Javlon Shodmonov va xonanda Rashid YouTube dagi “Chotki TV” kanaliga bergan intervyusida Asal Zokirova guruhni tark etgani, bu holatga nima sabab bo‘lgani va guruhning keyingi faoliyati haqida gapirib berishdi. “Daryo” nashri muxbirlari ushbu ko‘rsatuvni qisqacha matnli ko‘rinishda taqdim etishmoqda.

“Premyeraga 1 kun qolganda qo‘ng‘iroq bo‘ldi va Asal guruhdan ketishini aytdi — hammamiz shokka tushib qoldik”

“Rashidning oldidagi partnyori Asal. Javlon Shodmonovning bu guruhga nima aloqasi bor, deb o‘ylashlari mumkin. “VIA Marokand” guruhini men o‘ylab topganman. Jasur Shodmonov bilan birga pul tikib, shu guruhni 2015-yilda kasting asosida yaratganmiz. Rashid — jiyanim, Asalni kasting orqali topganmiz. Bu guruh farzandimdek bo‘lib qolgandi. Noldan olib chiqqanman, hozir qizimni turmushga berib yuborgandek bo‘lib turibman.

Yaqinda yangi qo‘shiqqa klip suratga oldik. Bu holat fevral oyining oxirlarida bo‘ldi. Qo‘shiq yozdik, unga klip suratga olishni rejalashtirdik va 8-martda taqdim etish niyatimiz bor edi. Yaxshilikka bo‘ldi. Bu ish cho‘zilib men Qirg‘izistonga safarga ketib qoldim. U yerdan kelganimdan keyin klipning ssenariysi yoqmadi va bu ish cho‘zildi.

Qo‘shiq yozilgandi, 7-mart kuni klip suratga oldik. Asalda ham, Rashidda ham kayfiyat zo‘r edi. Uxlamasdan klip montajini bir kunda bitirdim, chunki tezroq chiqarishimiz kerak edi. Klip hammaga yoqdi: radioga, televideniyega premyera sanasini berdik. Premyeraga bir kun qolganda qo‘ng‘iroq bo‘ldi va Asal guruhdan ketishini aytdi, hammamiz shokka tushib qoldik”, — deydi Javlon Shodmonov.

“Asal guruhdan ketyapti, deyishganda ham umidim bor edi”

“Asalga hech narsa qilmadi, biroq to‘satdan bir soatda hammasi hal bo‘lib ketdi. Javlon akam menga qo‘ng‘iroq qildi. Asal bilan bunday holatlar oldin ham bo‘lgan, biroq uchinchisida haqiqatan ham ketdi. “Asal, to‘xtang, partnyorimsiz, hali qiladigan ishlarimiz bor”, deb aytdim. Javlon akam ham tushuntirdi. Hattoki uchinchisida Javlon akam qo‘ng‘iroq qilib, Asal guruhdan ketyapti, deyishganda ham umidim bor edi.

Agar unda pul bilan bog‘liq muammo bo‘lganida men bilardim, chunki ikkalamiz ham bir xil pul olamiz. Shu vaqtga qadar bizda pul bilan bog‘liq muammo bo‘lmagan. Mashina ham, uy ham oldik. Asal ham kam bo‘lmadi — ikkita uy, mashina oldi. Unda umuman pul bilan bog‘liq muammo bo‘lmadi. Bari bir ayol kishining dardini tushunmas ekansiz. U bilan gaplashganimda bo‘ldi, endi u qaytmaydi degan narsa bo‘ldi. Teng yarmimni qirqib tashlagandek bo‘lishdi.

“Via Marokand” guruhlar ichida rekord qo‘ygan. Men bunday guruhni ko‘rmaganman. Juda katta mehnat ketgan. Asal bilan qadrdon bo‘lib, shu guruhni ko‘tardik. Asal ketdi, agar men ham ketsam nomardlik bo‘ladi. Asalga men guruhni davom ettiraman, deb aytdim”, — deydi guruh a’zosi Rashid.

“Asal Instagramdagi 1 400 000 obunachisi bor sahifasini ham Rashidga qoldirib ketdi”

“Guruhga 8 yil mehnatim ketdi. Asal guruhdan urishib ketgani yo‘q, u shaxsiy hayotini qurish maqsadida guruhni tark etdi. Men undan umuman xafa emasman, har bir inson baxtli bo‘lishga haqli. U san’atni tark etdi, karyerasini to‘xtatdi. Bitta narsaga qoyil qoldim, u Instagram’dagi 1 million 400 ming obunachisi bor sahifasini ham Rashidga qoldirib ketdi. Ular juda ko‘p pul topishadi, bulardan kechib ketish esa mardlik. Biz bu loyihani to‘xtatmoqchi emasmiz. Asal ketishini aytganidan keyin hech qayerga kasting bermadik. Guruhimiz bilan bu ishni davom ettirish niyatiga keldik.

Bu holat o‘tgan yili ham bo‘lgan, biroq Rashid ko‘ndirganidan keyin Asal qolgan. Guruh ochilganiga 8 yil bo‘lgan bo‘lsa, Asal bilan birinchi 3 yil uchun kontrakt tuzganmiz. Uch yil tugagandan 5 yilga tuzganmiz, bu kontrakt ham tugagandi, biz yana davom ettirayotgandik”, — deydi Javlon Shodmonov.

“Loyihani davom ettiramiz, deb qiz qidirdik”

“Asal menga telefon qilib, Instagram’imni sizga qoldirsam maylimi, deb aytdi. Keyin nimaga u yerda muxlislaringiz bor, umuman yo‘q bo‘lib ketmoqchimisiz, deb so‘radim. U esa menga Instagram’ning umuman qizig‘i yo‘q, bu yog‘iga shaxsiy hayotimda Instagram rol o‘ynamaydi deb aytdi. Oxirgi marta ko‘rishdik, yig‘ladi — guruhdan ketishni xohlamayotganini sezdim. Lekin bu shaxsiy hayotni qurishdagi eng to‘g‘ri qaror. Birinchi uch kun shok holatida bo‘ldik. Loyihani davom ettiramiz deb qiz qidirdik.

Hali ham turmushga chiqmagan san’atkorlar bor, men ham shunaqa bo‘lib qolishdan qo‘rqaman, menga oila kerak deb aytganida qoyil qoldim. Qayt deyishimga imkoniyat qoldirmadi. Asal mendan ancha kichkina, bir-birimizni hurmat qilib, uzilib ketmasin deb, uni sizlaganman. Shuning uchun ham men aytsam yo‘q deya olmasdi, lekin o‘rtamizda bir-birimizga yordam berish saqlanib qoldi.

Juda katta orzularimiz bor edi, klipimiz aylangan vaqtda hayajon bo‘lardi. Hammasi kechagidek esimda. Asal bilan har kun birga edik. U paytda Spark’im bor edi, Asalni olib-borib kelardim. Biz shunaqa darajaga keldik, “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert ham berdik. O‘shanda ham katta hayajon bilan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlardik.

Asal bilan urishib ketgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan, bir-birimizni juda ko‘p ko‘rar edik. Asal bilan tez urishsak ham bir-birimizni tez tushunib oladigan darajada bo‘lib qolgan edik. Asalga baxt tilayman, biz bundan bu yog‘iga kuchli harakat qilamiz. Juda katta yangilik qilib muxlislarni hayratda qoldiramiz. Qiz ham tayyor”, — deydi guruh xonandasi Rashid.

“VIA Marokand guruhi davom etadi”

“Asal ketaman deganidan keyin 10 kun butun respublika bo‘ylab qiz qidirdim. Juda ko‘p qizlarni ko‘rdik, hamma joydan Asalni qidirdik. Hozir sir bo‘lib qoladi, yaqinda o‘sha qizni ommaga ko‘rsatamiz. To‘g‘ri, u qiz Asal bo‘la olmaydi, lekin guruhdagi yangi qizni Asalni qanday qabul qilishgan bo‘lsa, shunday qabul qilishlarni so‘rardim. “VIA Marokand” guruhi davom etadi”, — deydi Javlon Shodmonov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.