Buxoro yangiliklari

“Chashmai Ayyub” xazirasi haqida nimalarni bilasiz?

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

“Chashmai Ayyub” xazirasi Vobkent tumanidagi Xayrxush va Xayrobod qishloqlari kesishuvida joylashgan.

Ma’lumotlarda ushbu obida hijriy 650 yil (1252-1253 yillar) da qurilgani keltirilgan.

Manbalarga ko‘ra, ushbu yodgorlik nomining kelib chiqishi ham o‘ziga xos. Ya’ni bu yerda shifobaxsh chashma muqaddaslashtirilib, mashhur payg‘ambar Ayyub alayhissalom nomi bilan bog‘langan. Rivoyatlarga ko‘ra, Ayyub alayhissalom Buxoroga kelgan. Ma’lumki, ul muborak zot hassalarini qayerga ursalar, shu yerdan buloq otilib chiqqan ekan. Mazkur chashmaning nomi ham yuqoridagi rivoyatga bog‘lanadi.

XIV asrda Amir Temur topshirig‘iga binoan xorazmlik ustalar tomonidan buloq va quduq ustida bino barpo etilgan.

Quduqdagi baland tortish qurilmasi ustidagi gumbazga Xorazm uchun xos bo‘lgan shakl berganlar. Bu masjidda to‘rtta uncha baland bo‘lmagan minora hamda gumbaz zangori rangda bo‘lib, masjidga o‘zgacha qiyofa bag‘ishlaydi.

Sharq me’morchiligi uchun sun’iy suv havzalari bo‘lgan hovuzlardan nafaqat amaliy maqsadlarda, balki shaharga bezak sifatida ham foydalanish odatiy tus olgan.

“Chashmai Ayyub” maqbarasida milodiy 1017 yilda vafot etgan hadisshunos olim Abu Sa’d al-Xarjushiy dafn etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maqbara masjid va darveshlar xonaqosi vazifasini o‘tagan.

Yodgorlikning qabristonda qurilganligi uning maqbara vazifasini bajarganini bildirsa, savdo yo‘li ustida joylashganligi undan xonaqoh sifatida foydalanilganidan darak beradi.

Maqbara asrlar davomida qanchadan-qancha talon-taroj va to‘s-to‘polonlarni boshdan kechirgan. O‘tgan tarixiy davr “Chashmai Ayyub”ning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi.

Hozirda yodgorlikning faqat portal qismi hamda unga tutash devorning bir bo‘lagi bizgacha yetib kelgan, xolos.

Kuni kecha Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov yaqinda mazkur manzilda bo‘lib, mutasaddilarga maqbara hududini obodonlashtirish va ta’mirlash yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Shunga muvofiq, madaniy meros boshqarmasi, tuman hokimligi tomonidan amaliy sa’y-harakatlar boshlandi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.