Buxoro yangiliklari

G‘ijduvonda sohil bo‘yi dam olish majmuasi qurilmoqda

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yili boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishlaridan birida har bir shahar va tuman markazida kamida 2 tadan “yashil maydon” va jamoat parklari tashkil etilishi alohida uqtirilgani holda mahalliy hokimliklarga istirohat bogʻlarida aholi uchun “sokin hudud”larni tashkil etish vazifasi topshirilgandi. Bunda, mazkur bogʻlarning kamida 60% “yashil hudud” boʻlishi kerakligi alohida taʼkidlangan.

Shu nuqtayi nazardan, Gʻijduvon tumanining “Saidkent” MFY da ham qariyb 1 kilometr masofada “Sohilboʻyi dam olish maskani”ni barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. Bunda aholining boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishi, oila aʼzolari bilan kelib, miriqib hordiq olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish, salqin ichimliklar, umumiy ovqatlanish shaxobchalarini qurib foydalanishga topshirish, shuningdek, bunda mavsumiy katamaran va boshqa qayiqlar xizmatini joriy etish koʻzda tutilgan.

“Sohil boʻyi dam olish maskani” deb nomlangan ushbu loyiha doirasida ayni paytda katta bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Quvonarlisi, Gʻijduvondagi bu maskan Buxoro viloyatiga qoʻshni Navoiy viloyatidan kirish sarhadi boʻlgani bois oʻziga xos tashrif qogʻoziga aylantiriladi.

Gʻijduvonlik mahalliy aholi, mehmonlar va hatto, xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat koʻrsatilishi barobarida, hudud miqroiqlimini shakllantirishda ham oʻz oʻrniga ega boʻladigan mazkur loyiha qiymati 12 milliard soʻmga moliyalashtirilgan. Unda oʻnga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyati yoʻlga qoʻyilib, jami 100 nafarga yaqin  yangi ish oʻrni tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Ayni kunda “E-auksion” dasturi orqali sohil boʻyi loyihasida koʻp yillik ijaraga joy rasmiylashtirib berilayotgani ham biznes egalari uchun yaxshi imkoniyat. 

Shuningdek, loyiha doirasida dastlab hududdan oqib oʻtuvchi suv inshooti oʻzani  betonlashtirilib, yoʻlaklar barpo etiladi. Chiroyli gulzor barpo qilinib, albatta, sohilboʻyi tungi yoritish chiroqlari, toʻligʻicha himoya toʻsigʻi, temir panjaralar bilan oʻrab olinib, bunda piyodalar yoʻlaklari ham barpo qilinadi.  

Joriy yilning ikkinchi yarmida qurib bitkazilib, toʻliq ishga tushirilishi moʻljallangan loyihaning ahamiyati, mahalliy byudjetga 500 million soʻm atrofida  daromad kirim qilinib, muhimi, bunda tijorat egalari va mehmonlar uchun qator savdo va servis, koʻngilochar xizmat turlari taklif etiladi.   

Aholiga dam olish uchun ajoyib maskan boʻlishi kutilayotgan bu loyihaga shu kunlarda zarur mexanizatsiyalashgan ishchi kuchi jalb qilingan va hududda tuproq ishlari boshlangan. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.