Buxoro yangiliklari

«Buxoro neft bazasi» MChJ dagi qing‘irliklar fosh bo‘ldi

photo 153

Loading

“O‘zbekneftgaz”: Neft bazalarida intizomiy jazo qo‘llangan xodimlarga mukofot puli, mehnat shartnomasi bekor qilinganlarga oylik maosh to‘lab kelingani fosh etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga ko‘ra, moliyaviy va komplayens nazorati yo‘nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Navbatdagi o‘rganishlar “Buxoro neft bazasi” hamda “Jizzax neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida o‘tkazilib, natijada, neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to‘lov oldindan 100 foiz o‘tkazilganda yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda belgilangan me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Buxoro neft bazasi” MChJda 33 mlrd 463 mln 200 ming so‘m, “Jizzax neft bazasi” MChJda 35 mlrd 42 mln 700 ming so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Shundan umumiy hisobda 45 mlrd 293 mln so‘mi 2021-yil 1-yanvar holatiga muddati o‘tgan qarz sanaladi.

Bundan tashqari, o‘z vaqtida undiruv choralari ko‘rilmagani natijasida, “Buxoro neft bazasi” MChJ bo‘yicha 2009–2013 yillarga oid 1 mlrd 783 mln 300 ming so‘m, “Jizzax neft bazasi” MChJ bo‘yicha 2006–2020 yillarga oid 14 mlrd 133 mln 500 ming so‘m mablag‘ “umidsiz qarz”ga aylangan.

Eng achinarlisi, yoqilg‘i yetkazib berilgan Buxorodagi 32 ta, Jizzaxdagi 239 ta sobiq xo‘jaliklar faoliyati bugungi kunda tugatilgan va qarzdorliklarni undirish masalasi yana bir qator muammolarni tug‘dirishi tabiiy.

O‘rganish davomida, “Buxoro neft bazasi” MChJga qarashli 67 ta FYoTSHlarda 3 181,6 ming litr, “Jizzax neft bazasi” MChJ tasarrufidagi FYoTSH va PAZSlarda 8 038,3 ming litr mahsulot kamomadi aniqlandi. Shundan bir qismi jarayonda qoplandi.

Mablag‘ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. Birgina misol, “Jizzax neft bazasi” MChJ tomonidan 788 nafar xodimga 806 mln 915 ming 400 so‘mlik kompensasiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangani aniqlandi. Shuningdek, jamoa shartnomasiga zid tarzda intizomiy jazo qo‘llangan 23 nafar xodimga 7 985,2 ming so‘m mukofot puli to‘lab berilgan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 26 nafar sobiq xodimlar nomiga 33 mln 857 ming so‘m ish haqi yozilgan.

Kuzatish davomida, ushbu qonun buzilish holatlariga sabab bo‘lgan asosiy bir jihat e’tiborimizni tortdi. Ya’ni tizimda sodir etilayotgan aksariyat iqtisodiy huquqbuzarliklarga rahbar xodimlarning loqaydligi, o‘z ishiga mas’uliyatsiz yondashishi omil bo‘lmoqda.

Bu esa, xalqimizning “Loqaydlik – jamiyat tomiriga tushgan qurt” naqlini yana bir bor tasdiqlaydi. O‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o‘rganish xujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.