Salomatlik

Bolangiz 2 baho oldi: ota-onalar nima qilishlari kerak?

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Baholar faqatgina o‘quvchining maktabdagi yutuq yoki muvaffaqiyatsizliklarini ko‘rsatuvchi belgi emas. Ular kimdir uchun o‘ziga ishonch manbayi bo‘lsa, boshqalar uchun oilaviy janjallar sababchisi bo‘lishi mumkin. Daryo bu haqda ahamiyatli maqola tayyorlagan.

Keling, maktab o‘quvchisi hayotida baholarning ahamiyatini oshirib yoki kamaytirib yubormasdan to‘g‘ri baholashni o‘rganishga harakat qilaylik.

Bola bilan baholar haqida emas, balki o‘qish jarayoni haqida suhbatlashing

Kundalikdagi baholar ko‘rsatkich, xolos. Ammo uning ma’nosini turlicha talqin qilish mumkin. Shuning uchun baholar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, natijaga (kundalikdagi yozuvga) emas, balki o‘qish jarayoniga e’tibor qaratish lozim. Boladan olingan bahoga o‘zi qanday munosabatda ekanligini, darslarga tayyorgarlik ko‘rayotganda yoki tayyorgarlik ko‘rmayotganda nima sodir bo‘lganini, unga nima yoqqanini, nimasi hayratda qoldirgani yoki xafa qilganini so‘rab, aytib berishini iltimos qiling.

Baholaridan qat’i nazar, bolaga e’tiborli bo‘ling

Ba’zida ota-onalar yaxshi baholarga deyarli e’tibor bermaydi. Besh oldimi? Shunday bo‘lishi kerak-da! To‘rt? Nega undan yuqori emas? Faqat ikki baho olganidagina ular o‘z ishlarini qo‘yib, bola bilan shug‘ullanishga kirishadilar. Yoki undan nima bo‘lganini batafsil so‘rab, yordam bera boshlaydilar. Bola bundan xulosa chiqaradi: ozgina mehr va e’tibor olishning ishonchli usuli – yomon baho olib kelish ekan.

Bunday vaziyatlarning oldini olish uchun har qanday baholashda bolaga vaqt va e’tibor ajratish kerak. Agar baholar yuqori bo‘lsa, o‘sha fan bo‘yicha bolaga nima yoqishi haqida suhbatlashish mumkin. Darslarda haqiqatan ham qiziqarli ma’lumotlarni o‘rganayotganidan xursand bo‘ling.

Agar baholar past bo‘lsa, bolaga nimalar yoqmayotgani va noqulaylik tug‘dirayotganini muhokama qilish mumkin. Balki o‘qituvchining tushuntirishlari zerikarli va tushunarsiz tuyulayotgandir. Yoki bola muhim darsni o‘tkazib yuborib, endi murakkab mavzuni o‘zi tushuna olmayotgandir. Bunday holda unga yordam taklif qilish kerak.

Bola qiynalganda uni qo‘llab-quvvatlang

Muhimi, o‘quvchida shubha bo‘lmasligi kerak: nima bo‘lishidan qat’i nazar, u ota-onasiga suyana oladi. Qiyin vaziyatga tushib qolish yoki xato qilish mumkin. Ammo ota-onasi har doim u bilan bir jamoada bo‘lib, keyingi qadamlarni tushunishga yordam beradi.

Ba’zan o‘quvchi o‘zi uddalay olmaydigan vaziyatlar bo‘ladi. Masalan, o‘qituvchi bilan kelishmovchilik yuzaga kelishi mumkin. Yoki inshoni a’lo bahoga yozolmaganidan so‘ng, o‘quvchi keyingi ishlarda o‘ziga ishonchsiz bo‘lib qolishi mumkin.

Bunday holatlarda ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Ular farzandiga dalda beruvchi so‘zlarni aytib, unga ishonishlarini ko‘rsatishlari kerak.

Ba’zan o‘quvchiga juda oddiy yordam kerak bo‘ladi. Masalan, kechqurun sumkasini yig‘ishtirishni eslatish. Ammo shunday oddiy harakatlar ham bolaga yolg‘iz emasligini his qildiradi. Ota-onasi u tomonida ekanligi va har qanday muammoni birgalikda yengish osonroq ekanligini tushunadi.

Bolani bir xatoga qarab baholamang

Baho faqat bugungi kunning ko‘rsatkichi. Ertaga u o‘zgarishi mumkin. Bola esa doimo o‘zi bo‘lib qoladi. Shuning uchun uni ikki oluvchi, omadsiz, kaltafahm va boshqa haqoratli so‘zlar bilan atamaslik kerak. Ehtimol, u g‘azablanib, nohaq ekanligingizni isbotlashga harakat qiladi va yaxshiroq o‘qiy boshlaydi. Ko‘pchilik ota-onalar aynan shuni kutadi. Biroq o‘quvchi tushkunlikka tushib, hech narsani uddalay olmasligiga ishonib qolishi ehtimoli yuqori. Kelajakda esa unga o‘ziga va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni qayta tiklash juda qiyin bo‘ladi.

Shuning uchun maktab baholarini shaxsiy fazilatlardan ajratish lozim. Birinchisining ahamiyatini ikkinchisiga nisbatan oshirib yubormaslik kerak.

Farzandingiz e’tiborini baho qo‘yilmaydigan mashg‘ulotlarga qarating

Biz boshqalar bilan taqqoslashlardan va turli reytinglardan qochib qutula olmaymiz. Shu bois baholanmaydigan sohalar va mashg‘ulotlarga e’tibor qaratish muhim. Hayotda bunday narsalar ancha ko‘p. Bular turli qiziqishlar, hordiq chiqarish, sayohatlar, qarindosh-urug‘lar va do‘stlar bilan munosabatlardir.

Bolaning maktabdan tashqari mashg‘ulotlariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, uning o‘zi tanlagan yo‘nalishda rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash kerak.

O‘z misolingiz orqali hayotda baholab bo‘lmaydigan ko‘plab narsalar borligini ko‘rsatishga harakat qiling. Masalan, boshqa odamlarni tushunish va yaxshi do‘st bo‘lish, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish va o‘zingiz yordam so‘ray olish, hatto qiyin paytlarda ham quvonch uchun sabablar topa bilish muhimdir. Maktab baholari unutiladi, ammo bu ko‘nikmalar bolada uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.