Islom

Tarix yashirgan haqiqat: Yetti Pir kimlar bo‘lgan?

photo
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Ko‘pchilik Buxoro viloyatida yetti pirning muqaddas ziyoratgohi borligini yaxshi biladi. Hatto, ba’zilar bu yerlarni bir necha karradan ziyorat ham qilgan bo‘lishi mumkin. Lekin, ochig‘ini aytganda, hamma ham bu ulug‘ zotlar asrlar osha nimasi bilan buncha qadrlanishi, ularning bir-biriga aloqasini unchalar anglab yetavermaydi.

Buning tagiga yetish uchun gapni uzoqroqdan boshlash kerak.

Muhammad (s. a. v.)ni Yaratgan odamzodga haq dinni yetkazish uchun oxirzamon payg‘ambari sifatida tanlab, 23 yil (milodiy 610 – 632-yillar) mobaynida u kishiga vahy orqali “Qur’on” oyatlarini jo‘natib turdi. Payg‘ambar (s. a. v.) ularni sahobalarga og‘zaki ayta boshladilar. Dini islom shu tariqa keng yoyila boshladi. Sahobalardan bir qismi ahli suffa edi.

Ahli suffa kim bo‘lgan?

Tasavvuf payg‘ambar (s. a. v.) davrlaridan, ahli suffadan boshlanganini bilamiz. Xo‘sh, aynan ahli suffa qanday toifa edi? Ular necha kishidan iborat bo‘lgan? Nomlari – ma’lummi? Nega, tasavvuf aynan shulardan boshlanadi, deb qaraymiz? Haqiqatni anglash uchun intilavergangiz sari shu kabi ko‘plab savollar kelib chiqaveradi.

Islom tarixi bilan bog‘liq turli manbalar asosida bu savollarga batafsil, ketma-ketligini ta’minlagan holda javob berish orqali masalani oydinlashtirish mumkin. Bu tasavvuf mohiyatini tushunish uchun juda asqotadi. Kaykovus (1021 – 1088)ning mashhur “Qobusnoma”sidagi ma’lumotga ko‘ra, ahli suffa 12 kishidan iborat bo‘lgan.

Ahli suffa haqida turk olimi Zakoi Ko‘nrapaning “Hazrati payg‘ambarimiz va islom dini” asarida bundan ham aniqroq ma’lumotlarga duch kelamiz. Muhammad (s. a. v.) Madinaga kirganlarida tuyalari cho‘kkan bo‘sh maydonda masjid qurdirdilar. Bu Zayd o‘g‘li Xolidning (Abu Ayyub Ansoriyning) hovlisi qarshisida edi. Muallifning mana bu yozganlari ahli suffani tasavvur qilishga yordamlashadi: “Masjidning hovlisida, uning bir burchagiga bitishgan joyda “Sofa suffa” deb ataluvchi joy tayyorlandi.

“Sofa suffa” – usti xurmo tollari bilan yopilgan bir chordoq, soya joy edi. Uyi, oilasi bo‘lmagan ashobning faqirlariga berilgani uchun bu yerda yotib qoladiganlar “Ashobi suffa” deb atala boshladi. Ashobi suffa juda faqir edi. Abu Hurayraning rivoyatiga ko‘ra, sofa ashobi yetmishdan ortiq kishini tashkil etar edi. Birortasining, hatto, ridosi (belidan yuqorini berkituvchi kiyimi) yo‘q edi. Kechqurun yeyishga hech vaqosi topilmasdi. Rasuli akram har oqshom bularning bir qismini uylariga olardilar, qolganlarini ashobdan boylarining uylariga yuborib, ovqatlantirardilar. Ansordan (madinaliklardan musulmonlarga yordam berishga o‘tganlar “yordamchilar” ma’nosida “ansorlar” deyilgan) Uboda o‘g‘li Sa’d ancha boy edi. Dasturxonida 80kishi tanovul qilgan paytlar bo‘lardi.

Rasuli akram sadaqa olmas edilar. O‘zlariga yuborilgan butun sadaqalarni qo‘l tegizmasdan sofa ashobiga tarqatar, kelgan hadyalardan ham ularga hissa ajratar edilar… Ashobning bir qanchasi dehqon va tujjor edi. Ular Rasuli akram bilan faqat namoz vaqtlaridagina ko‘risha olishardi. Sofa ahli esa doimo masjidda edilar, Rasuli akramning yonlaridan ayrilmasdilar. Abu Hurayra ham bulardan biri edi. Bu joy o‘ziga xos maktab ham edi.

Islomdagi ilk muallim maktabi shu tariqa vujudga keldi. Bu maktabning darsxonasi Masjidi nabiy, yotoqxonasi sofa, muallimi Rasuli akram, yotib dars oluvchi talabalari esa sofa ashobi edi. Ular hayotlarini din va ilmga bag‘ishlashgan edi. Kechalari ibodat qilishar va musulmonchilikni butun nozikliklarigacha o‘rganishar edi. Rasuli akram Madinadan tashqariga biror muallim yoxud voiz yubormoqchi bo‘lsalar, sofa ashobi ichidan birisini tanlab, yo‘llardilar. Rasuli akram va’z o‘qirdilar, butun sahobalari bilan ko‘rishardilar, ularning diniy va ijtimoiy mushkullarini hal qilardilar. Musulmonlikdan oldin arablarning madaniy hayotlari, ilmiy saviyalari ancha past edi. Ular har narsani islom dinidan kutishar, Rasuli akramning mav’izalaridan o‘rganishar edi. Shu bois Masjidi nabaviy faqatgina ibodatgoh emas, balki ayni paytda musulmonlar yig‘ilishadigan joy, bir mashvaratgoh, adliya mahkamasi maqomidagi darsxona, bir madaniyat markazi vazifasini ham bajarayotgan edi”2 . Bu ma’lumotlar tasavvufning ilk tarixi bilan bog‘liq ko‘p masalalarni oydinlashtiradi.

Birinchidan, so‘fiylik ana shu suffa ahlidan boshlangan.

Ikkinchidan, boshqa sahobalarga qaraganda, suffa ahli payg‘ambar (s. a. v.) bilan ko‘proq muloqotda bo‘lgan, kechayu kunduz din bilan mashg‘ullik qilgan, islomning nozikliklarigacha o‘rgangan, shuning uchun ular ilman boshqalardan yuqorilab ketgan.

Uchinchidan, tasavvufda faqirlik targ‘ibi shundan boshlangan. Chunki hamma narsadan, dunyo ne’matlaridan kechmay turib, din ilmida bu qadar yuksak darajalarga yetib bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, xonaqoh masjiddan alohida bo‘lishi ham shundan boshlangan. Sufa ahli masjiddan tashqarida yashagan.

Xonaqoh – ham ibodat joyi, ham yashash joyi. Shunisi bilan masjiddan farq qiladi. Masjid – faqat ibodatxona. Silsilaning shajaradan farq – bor Ko‘plar silsila bilan shajarani bir-biriga aralashtirib yuboradi. Chunki ikkalasining o‘xshash joyi – bor: silsilada ham, shajarada ham odamlarning muborak nomlari ketma-ket sanaladi, ya’ni shu ketma-ketlik asosida ro‘yxat shakllantiriladi. “Shajara” – arabchada “daraxtning shoxlari” degan ma’noni anglatadi. Shox, albatta, bevosita bir daraxtning o‘zidan o‘sib chiqishi – shart. Shuning uchun shajara muayyan shaxsdan tarqalgan kishilar ro‘yxatini bildiradi.

Masalan, sayyidlar – Muhammad payg‘ambar avlodlari. Bilamizki, payg‘ambarimiz (c.a.v.)ning faqat Fotima ismli qizlaridan avlod tarqalgan. Fotima – hazrat Alining zavjiyasi edi. Hazrat Ali bilan Fotimaning Hasan-Husan o‘g‘illari bo‘lgan. Sayyidlar ana shu Hasan yoki Husandan tarqalgan farzandlar hisoblanadi.

Tariximizda Amir Temur shajarasi ham – mashhur. Bu shajara 1370-yildan to 1507-yillargacha Markaziy Osiyoda, keyin esa 1526 yildan to XIX asr o‘rtalarida Hindiston ingliz bosqinchilari tomonidan zabt etilgan 1858 yilga qadar Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda hukm surdi. “Silsila” – arab tilida “zanjir” ma’nosida keladi. Zanjirning halqalari esa-esa biri ikkinchisidan o‘sib chiqishi shart emas. Shuning uchun tasavvufdagi silsilada faqat pir-muridlik inobatga olinadi. Har qanday silsilaning boshida, albatta, Muhammad payg‘ambar (s. a. v.) turadilar. Ikkinchi halqa – u kishidan ruhiy tarbiya olgan kishi. U, o‘z navbatida, yana kimnidir tarbiyalaydi. Silsila shu tariqa davom etadi. Agar ota pir sifatida o‘z farzandiga tasavvufdan tarbiya berib, uni o‘ziga murid qilgan bo‘lsagina shu o‘g‘il silsilaga kirishi – mumkin, xolos. Yana bir muhim jihati – bor. Silsilaga har qanday murid emas, tariqatga rahnamolik qilish huquqini qo‘lga kiritgan, pir maqomiga yetgan muridgina kiradi.

Mualliflar: Gʻafurjon Razzoqov, Sultonmurod Olim, Komiljon Rahimov.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.