Islom
Rasulloh (s. a. v)ning muazzinlari Bilol Habashiy roziyallohu anhu haqida nimalarni bilasiz?
Hazrati Bilol Habashiy roziyallohu anhu ilk iymon keltirgan sahobalardan. Asrlar o‘tdi, ammo u zotning ismlari aslo unutilmadi. Minglab, millionlab insonlar, o‘z bolalariga Bilol ismini shu inson sharafiga qo‘yganlar. Azon-i Muhammadiya o‘qilgan masjidlarda doim u zot esga olinadi.
Bilol roziyalloxu anhu asli Habashistondan bo‘lib, otalarining ismi Raboh, onalari Hamoma edi. Makka-i mukarramada tug‘ildi. Umayya ibn Xalafning quli edi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning sharofatlari bilan ozodlikka erishib, Islom dinini qabul qildi. Qayta dunyoga kelgandek bo‘lib, hayotlarining yangi sahifalari ochildi.
Islomni qabul qilib, yagona Allohga imon keltirganlarini eshitgan Umayya ibn Xalaf dahshatga tushib, nima qilishini bilolmay qoldi. “Nega mening ruxsatimsiz u yangi dinni qabul qiladi? O‘z–o‘zidan qanday qilib Islomni qabul qilganini e’lon qiladi” deya g‘azablanardi. Qalbi toshdek qotgan, zulmqtlar ichida bo‘lgan odam sifatida iymonni mazasini qayerdan ham bilardi? Faqatgina bir ish qilishi mumkin, u ham bo‘lsa, zulm edi. Umayya hazrati Bilolni dinidan qaytarish uchun, bor kuchi bilan eng og‘ir jazolarni bera boshladi. Xorigancha urardi. O‘zi ibodat qilgan butlarni nomini ayttirmoq uchun qilgan barcha ishlari foyda bermadi. Nihoyat Makkaning sharafli insonlaridan Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu, hazrati Bilolni xo‘jayinidan sotib olib, ozod etdilar.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Ka’bani butlardan tozalaganlaridan so‘ng hazrati Bilol azon aytar edilar. Muhabbatlari cheksizligidan Payg‘ambarimiz vafotlariga dosh bera olmay, Madinani tark etishga majbur bo‘ldi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu hazrati Bilolga yonlarida qolishni aytganlarida, Hazrati Bilol – “Agar siz meni Allohning roziligi uchun ozod etgan bo‘lsangiz, meni xohlagan tomonga ketishimga ruxsat bering, o‘z nafsingiz uchun ozod qilgan bo‘lsangiz meni yoningizda qoldiring!” dedilar. Shunda hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu u zotga: “Xohlagan tomonga ketishingiz mumkin” deganlarida Shom va uning atroflari tomon yo‘l oldilar.
Hijratning o‘n oltinchi yilida hazrati Umar roziyallohu anhu Shom va Falastinga borganlarida, Hazrati Bilol kutib olish uchun Jabiyaga (o‘sha yerdagi makon nomi) keldilar. Shu yerdan xalifa hazrati Umar bilan birga Quddus tomon yo‘l oldilar va Quddusni birgalikda fath qildi. Rosululloh sallollohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng hech azon aytmagan Hazrati Biloldan xalifa Umar roziyallohu anhu azon aytishlarini iltimos qildi. Xalifaning bu iltimosi rad etolmay xazrati Bilol azon aytdilar. Azonni aytishlari bilan xalifa xazrati Umar roziyalloxu anxu va sahobalar rosululloh davrlari ko‘z oldilariga keldi. U yerda bo‘lganlar, olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot bilan birga o‘tkazgan kunlarni yod etib ko‘z yoshi to‘kib, yig‘lay boshladilar.
Bir kechqurun hazrati Bilol Rasulullohni tush ko‘rdilar. Payg‘ambarimiz xuddi xafa bo‘lgandek: “Ey Bilol, bunchalik ayriliq yetmadimi? Kelib qabrimni ziyorat qilmaysizmi?” dedilar. Yuraklari to‘xtab qoladigandek bo‘ldi. Hayajon va ter ichida uyg‘ondilar. Darhol tayorgarlik qo‘rib, erta tongda ozg‘in va uzun bo‘yli tuyalari bilan muborak Madina-i Munavvara tomon yo‘l oldilar. Yakka-yu yagona Habibiga yaqinlashgan sari Madina havosini hidlab, tog‘-u toshlarni silab, ko‘z yoshi to‘kar edilar. Cho‘l-u biyobonlarni uzoq kezib nihoyat Madinaga yetdilar. U kishini ko‘rgan kishilar salom berar: “Qaranglar Rosulullohni muazzinlari Hazrati Bilol kelyaptilar. Dunyoda u kishi kabi azon o‘qiydigan yo‘q” der edilar. Ammo bu gaplarning birortasini eshitmas, yo‘lida davom etib, to‘g‘ri Rasulullohning qabrlariga borardilar. Yetib kelgach. Qur’oni Karim tilovat qildilar va hushdan ketib yiqildilar. O‘zlariga kelganlarida boshlari tepasida suyukli Payg‘ambarimizning ikki nabiralari, hazrati Hasan va hazrati Husan roziyallohu anhular o‘tirib, sochlarini silar edilar. Ularni ko‘rgach, bir-birlari bilan quchoqlashib yig‘lashdilar.
“– Bolalarim! Sizlardan bobongiz hazrati Rosulullohni hidlari keladi” dedilar.
Shunda hazrati Hasan: “Bobomiz ham sizni juda yaxshi ko‘rardilar. Agar sizdan bobomiz Rasululloh hurmatlari uchun bir narsa istasak qilasizmi?”, hazrati Bilol taajjublanib: “Bu qanday hol bolam? Siz bu qulingizga nimani buyursangiz qiladi” deganlarida. Hazrati Hasan: “Sizdan bir bor azon aytib berishingizni istaymiz, orzuimiz shu edi” dedi.
Ertasi kun bomdod namozida Hazrati Bilol roziyallohu anxu Masjid-i Nabaviyada so‘ngi azonlarini o‘qidilar. Bag‘rini Rosulullohni sog‘inchi, hasrat o‘tida kuyib yonayotgan yuragidan chiqayotgan azonning “Allohu akbar, Allohu akbar” lafzini eshitgan Madina ahli o‘rinlaridan turib, hazrati Biololni ovozlarini tanib, masjid-i Nabaviy tomon yugurishdi. “Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh” deganlarida o‘zlarini tuta olmay, achchiq-achchiq yig‘lab, juda mashaqqat bilan azonni yakunladi. Madina ko‘chalari ayol-erkak, yosh-u qari, hatto kasallar ham o‘rinlaridan turib, masjid-i Nabaviy tomon kelib Rasulullohni hayot deb o‘ylashgandi. Ushbu kungidek azon boshqa aytilmadi. Hazrati Bilol ham boshqa azon aytmadilar.
Ular, mana shunday Rasulullohning oshiqlari edilar. Madina ahlining u zotga nisbatan muhabbatlari cheksiz, xotiralarini qadrlab, asrar va umrlarining har bir daqiqasini g‘animat bilib yashar edilar. Xo‘sh biz-chi azizlar?…
Muallif: Narzillo Ahmedov, Mir Arab oliy madrasasi “Diniy fanlar” kafedrasi mudiri.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


