Jahon
Ilon Mask Eron bayrog‘ini “almashtirdi”: X (Twitter) global mojaroga tortildi
X geosiyosiy qurolga aylanyaptimi? Ilon Mask qarori Eron suvereniteti borasida keskin bahslarni keltirib chiqardi
So‘nggi kunlarda X (avvalgi Tvitter) ijtimoiy tarmog‘i atrofida keskin siyosiy bahslar kuchaydi. Platforma egasi, milliarder Ilon Mask tomonidan qabul qilingan qaror xalqaro maydonda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, X platformasi BMT tomonidan tan olingan Eron Islom Respublikasining amaldagi davlat bayrog‘i o‘rniga 1979-yilgi inqilobgacha bo‘lgan monarxiya davriga oid “Arslon va Quyosh” ramzi tushirilgan bayroq emojisini joriy etishni boshlagan. Ushbu ramz hozirgi Eron konstitutsiyaviy tuzumiga muxolif bo‘lgan kuchlar va monarxiya tarafdorlari tomonidan qo‘llaniladigan belgi sifatida tanilgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, siyosatshunoslar va jurnalistlar tomonidan davlat suverenitetiga nisbatan ochiq aralashuv sifatida baholanmoqda. Xususan, jurnalist G‘ayratxo‘ja G‘afforov ushbu qarorni “raqamli mustamlakachilikning yangi ko‘rinishi” deya ta’riflab, bu haqda o‘zining Telegram sahifasida keskin fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, davlat ramzlari xususiy korporatsiyalarning siyosiy o‘yinchog‘iga aylanishi mumkin emas. Jurnalist AQShda joylashgan xususiy kompaniyaning boshqa bir suveren davlatning rasmiy bayrog‘ini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishi xalqaro diplomatiya etikasi hamda BMT Nizomida belgilangan davlatlarning suveren tengligi tamoyiliga zid ekanini qayd etadi.
“Bu holat X platformasining neytral maydon emas, balki geosiyosiy bosim vositasiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi”, — deya yozadi G‘afforov.
Uning fikricha, “Arslon va Quyosh” ramzining “rasmiy emoji” sifatida taqdim etilishi amaldagi Eron davlatining siyosiy legitimligini shubha ostiga olish, shuningdek, mamlakat ichidagi siyosiy qarama-qarshiliklarda ma’lum bir tomon manfaatini ochiq qo‘llab-quvvatlash sifatida talqin qilinishi mumkin.
Jurnalist bu holatni “so‘z erkinligi” bilan izohlash noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, yirik texnologik kompaniyalar bugun nafaqat axborot oqimini, balki davlatlarning tarixiy xotirasi va ramzlarini ham tahrirlashga urinayotganini qayd etadi. Uning ogohlantirishicha, agar raqamli makondagi qoidalar davlatlar va xalqaro huquq bilan emas, balki kayfiyati o‘zgaruvchan milliarderlar tomonidan belgilansa, bu global suverenitet tushunchasining yemirilishiga olib kelishi mumkin.
Mazkur jarayonlar Eronda so‘nggi bir hafta davom etayotgan namoyishlar fonida kechmoqda. Dastlab iqtisodiy muammolar va gaz narxining oshishiga qarshi boshlangan norozilik namoyishlari hozirda siyosiy tus olgan. Ayrim hududlarda namoyishchilar oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomonaiyning rasmlarini yoqib, hukumatga qarshi shiorlar bilan ko‘chalarga chiqmoqda.
Shu jarayonda AQSH prezidenti Donald Trump Erondagi namoyishchilarni ochiq qo‘llab-quvvatlab, “sizning xalqingiz buyuk edi, bu buyuklikni qaytaring”, deya murojaat qilgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Bunga javoban Eron oliy rahnamosi namoyishchilarni Tramp chaqiriqlariga ishonmaslikka undadi.
Mutaxassislar fikricha, X platformasi atrofidagi ushbu bahs raqamli makonning tobora geosiyosiy jang maydoniga aylanayotganini yaqqol namoyon qilmoqda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


