Islom

Qur’oni Karimda: “Ikkovlari daraxtdan tatib ko‘rishganida, avratlari o‘zlariga ko‘rinib qoldi va o‘zlariga jannat barglaridan to‘siq to‘qiy boshladilar…”

pic
Foto: Buxororisharif.uz (SI)

Loading

Alloh insonni yaratar ekan, uni fitratda yaratdi. Fitrat bu toza insoniy xislatlar majmu’asi. Bu ko‘pincha yosh bolalarda yaqqol ko‘rinadi. Masalan: Samimiyat – hamma bilan chin ko‘ngildan gapirish, uchragan kishiga ishonish, rostgo‘ylik – birovni aldamasdan munosabat qilish, soddalik – o‘zini oddiy tutib, sof holatda muomala qilish, hayo – biror bir nojo‘ya gap yoki ish qilsa, uyalishlik va hokazo…

 Bir qancha insonni insoniyligini saqlab turuvchi xislatlar borki, odamzodning xilqatiga qo‘shib yaralgan. Hayo shularning sarasiga kiradi. Hayo so‘zi lug‘atda uyatsizlikning teskarisini anglatadi.

Hayo 2 xil bo‘ladi:

  1. Nafsoniy;
  2. Iymoniy.

Birinchisi nafsoniy – barcha insoniyat yaralganda uning tabiatida bor bo‘lgan hayo. Unga misol avratini ko‘rsatishdan uyalish yoki nojo‘ya ish qilib qo‘yganda yuzning qizarishi va hokazo… Bu tug‘ma hayo bo‘lib, odamlar orasidagi bo‘ladigan hayo.

Qur’oni Karimda tabiiy hayo haqida zikr qilinadi:

فَلَمَّا ذَاقَا الشَّجَرَةَ بَدَتْ لَهُمَا سَوْآتُهُمَا وَطَفِقَا يَخْصِفَانِ عَلَيْهِمَا مِن وَرَقِ الْجَنَّةِ

“Ikkovlari daraxtdan tatib ko‘rishganida, avratlari o‘zlariga ko‘rinib qoldi va o‘zlariga jannat barglaridan to‘siq to‘qiy boshladilar…”  

Odam alayhissalom va Havvo onamizning avratlari faqatgina o‘zlariga ko‘rindi xolos. Shu holatda ham darhol o‘zlari uyalib, hayo qilib, barglar bilan avratlarini to‘sishga kirishdilar.  Ularga hali biror inson avrat haqida, uyalish va hayo haqida gapirmagan edi. Lekin, yaratilish tabiatidagi hayo atalmish sifat ularni beixtiyor ushbu ishni qilishga undadi. 

Ikkinchisi iymoniy – musulmon Robbisini tanib, Undan hayo qilib ta’qiqlagan ishlarni qilmaslik, ayniqsa o‘zi yolg‘iz bo‘lgan paytda ko‘proq bilinadi. Iymoniy hayo bu banda bilan Allohning orasidagi hayodir.

Imom Termiziy keltirgan hadisda: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vassallam:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « الْحَيَاءُ مِنَ الإِيمَانِ وَالإِيمَانُ فِى الْجَنَّةِ وَالْبَذَاءُ مِنَ الْجَفَاءِ وَالْجَفَاءُ فِى النَّارِ

“Hayo iymondandir va iymon sohibini jannatga kirgizadi. Behayolik jafodir, ya’ni zulmdir va zulm egasini jahannamga kirgizadi”.

Hayoning bundan ko‘ra ulug‘ vasfi bo‘lmasa kerak. Islom dini hayoni iymon darajasiga ko‘targan. Alloh taolo hayoni iymonga bog‘lab qo‘ygani bejizga emas.  Chunki musulmonning hayosi uni jannatga yetaklaydi.

Hayo barcha yaxshiliklarning asosidir. Uning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir. Ma’siyatlar asta – sekin hayoni zaiflashtirib borib, bir yo‘la yo‘q qilib yuborishi ham mumkin.

Imom Termiziy keltirgan hadisda: Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vassallam:

عَبْدِاللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ – قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «اسْتَحْيُوا مِنْ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالَ قُلْنَا يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّا نَسْتَحْيِي وَالْحَمْدُ لِلَّهِ قَالَ: «لَيْسَ ذَاكَ وَلَكِنَّ الِاسْتِحْيَاءَ مِنْ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ أَنْ تَحْفَظَ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى وَالْبَطْنَ وَمَا حَوَى وَلْتَذْكُرْ الْمَوْتَ وَالْبِلَى وَمَنْ أَرَادَ الْآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الدُّنْيَا فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدْ اسْتَحْيَا مِنْ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ

“Allohdan haqiqiy hayo qilinglar”, dedilar.

“Ey Allohning Rasuli! Biz, albatta, hayo qilamiz, alhamdu lillahi”, dedik.

“Undoq emas. Allohdan haqiqiy hayo qilish boshni va u o‘z ichiga olgan narsalarni, qorinni va u o‘z ichiga olgan narsalarni saqlamog‘ingdir. O‘limni va chirishni eslamog‘ingdir. Kim oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark qilur. Kim o‘shalarni qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘lur”, dedilar”.

Bosh o‘z ichiga olgan narsalar ko‘z, quloq, burun, og‘iz va til ekanini bilib qo‘ymoq lozim. Ushbu narsalarni yomonlikdan saqlash ila Allohdan haqiqiy hayo qilishning ba’zi shartlari yuzaga kelar ekan.

Qorin o‘z ichiga olgan narsalar jumlasida ozuqalar va avrat ham bor. Demak, ozuqaning halol bo‘lishi va farjni gunohdan saqlash ila Alloh taolodan haqiqiy hayo qilishning ba’zi shartlari yuzaga kelar ekan.

Demak, Alloh taolodan haqiqiy hayo qilish U Zotning ta’limotlariga amal qilib yashashdan iboratdir.

Psixologiya fani mutaxassislari hayo tuyg‘usi haqida izlanishlar olib borib, uning tibbiyotga va psixologiyaga oid yangi foydalarini aniqladilar.

Inson miyasida maxsus markazlar bo‘lib, ular hayo, uyalish paytida yanada yaxshiroq ishlab, miya hujayralarining faollashishiga hamda tanadagi immun tizimining quvvati oshishiga sabab bo‘ladi. Shunday qilib, hayo insonga faqat yaxshilik keltiradi. Hayoning tibbiy va psixologik foydalari ko‘pligini ilm-fan ta’kidlamoqda.

Haqiqiy hayoga har bir holatda Alloh taoloning ko‘rib turga¬nini bilish, gunohlardan uzoqda bo‘lish bilan erishiladi. Hayoli inson birovga, garchi u bilmasa-da, ko‘rmasa-da, xiyonat qilmaydi, obro‘sini to‘kmaydi, zulm qilmaydi, haqini toptamaydi. Ichi bilan tashi bir bo‘ladi. Birov bor paytda boshqacha, yo‘g‘ida esa boshqacha muomala qilmaydi. Odamlar ko‘z o‘ngida qilmagan gunohni Parvardigoridan qo‘rqqani uchun tanholigida ham qilmaydi. Shunday sifatga ega odamda salobat paydo bo‘ladi.

Muallif: Jamol Mavlonov, Buxoro shahar “Masjidi Kalon” masjidi imom-xatibi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.