Islom

Inson bu hadisga muvofiq ish qilsa, jannatda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bilan birga bo‘lar ekan

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Muborak  dinimiz, go‘zal shariatimiz insonlarni bir-birlariga ko‘mak berib, dalda bo‘lishga chaqiradi. Ayniqsa, yetimlarni, muhtoj qariyalarni, yakka yolg‘iz insonlarni ziyorat qilish, ularning og‘irini yengillatishning savobi ulug‘, ajri baland.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yetim va ojizlarga yordam berishga buyurib: “Men yetimni qaramog‘iga olgan kishi bilan jannatda mana bunday bo‘laman”, deb ko‘rsatgich va o‘rta barmoqlarini bir qilib ko‘rsatdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) jannatdagi qo‘shnilari yetimlarga g‘amxo‘rlik qilgan, ularni qaramog‘iga olgan, ilmli, odobli, diniga, yurtiga muhabbatli qilib voyaga yetkazgan kishilar bo‘ladi. Har bir musulmon bu hadisga muvofiq ish qilsa, jannatda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bo‘lar ekan.

Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Dinni (oxiratni) inkor etadigan kimsani ko‘rganmisiz?! Bas, u yetimni jerkiydigan va miskin (bechora)ga taom barishga targ‘ib qilmaydigan (kofir) kimsadir” (Ma’un surasi, 1-oyatlar).

Oyatda muhtojlarga, ojizlarga zulm o‘tkazib, haqqini yeydiganlar qiyomatga ishonmaydigan kimsalar, deb sifatlanmoqda. Demak, har bir kishi imkoniyat darajasida bunday odamlarga ko‘maklashib,  yordam berishi va boshqalarni ham shunga targ‘ib qilishi kerak. Haqiqiy musulmon bu ulug‘ ishlarda bardavom bo‘lmog‘i lozim bo‘ladi.

Himoyasiz va nochor kishilarga zulm o‘tkazish, haqqini poymol qilish ularni kamsitish katta gunohdir.

Qur’oni karimda: “(Voyaga yetgan) yetimlarga mol-mulklarini (qaytarib) berishingiz, pok narsani nopok narsaga almashtirmangiz. Ularning mollarini o‘z mollaringizga qo‘shib ham yemangiz! Zero, bu katta gunohdir” deyilgan (Niso surasi, 2-oyat).

Ushbu Quroni karim oyatda norasida bolalarga marhum ota-onasidan qolgan merosni aldov yo‘li bilan egallash mumkin emasligini bildiradi. Agar isloh qilish niyatida olgan bӯlsa ham, voyaga yetganlaridan so‘ng molini tezlikda qaytarish zarur. Shu bilan ularning haqqi ado qilingan bo‘ladi.

Muhtojlarga mehr ko‘rsatish, g‘amxo‘rlik qilish, ulardan xabardor bo‘lish jamiyatda va insonlar orasida ijtimoiy tenglik va farovonlikka sabab bo‘ladi. Ularga e’tiborsiz bo‘lishning oqibati xatarlidir.

Alloh taoloning suyukli bandalari kamtarin, sahovatli, mehr-muhabbatli kishilar bo‘ladi. Shunday ekan, ko‘nglimizni keng qilib, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladagi yordamga muhtojlardan mehrimizni ayamaylik.

Muallif: Ravshan domla Kamolov, Buxoro shahridagi Xo‘ja Abdulloh Safedmuy masjidi imom-xatibi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.