Mashhurlar
Oila bilan buzilgan munosabatlar, omadsiz turmush va to‘xtamayotgan heyt: Maryam Tillayeva haqida
Maryam Tillayeva O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi, Lola Karimova-Tillayeva va tadbirkor Timur Tillayevning qizi. U 1999-yil 20-yanvarda Toshkentda tug‘ilgan. Yoshligidan musiqa bilan shug‘ullanib, fortepiano va gitara chalishni o‘rgangan, sahnada kuylagan. 14 yoshida AQSHga ko‘chib o‘tgan va Boston shahridagi Northeastern University’ni tamomlagan. Hozirda u instabloger va havaskor xonanda sifatida faoliyat olib boryapti. Daryo u haqida maqola tayyorladi.
“Bolaligimda hayotim o‘zimga tegishli emas edi”
Maryamning Umar ismli ukasi va Sofiya ismli singlisi bor. U bolaligidan san’atga qiziqqan. Ota-onasi shu bois uni “Tomosha” bolalar ansambliga bergan va u bir nechta davlat tadbirlarida shu guruh bilan sahnaga chiqqan. Maryam ulg‘aygach, onasi Lola Karimovaning xayriya fondi loyihalari doirasida mehribonlik uylari, maktab va kasalxonalarga borardi.

— Bolaligim yorqin, lekin murakkab bo‘lgan. Men ko‘p narsaning guvohi bo‘ldim. Odamlarning qanday qilib bir-birini sotishga tayyorligini, eng yaqinlar kezi kelganda o‘zgarib qolishini ham ko‘rdim. Menda bolalikning o‘zi yo‘q edi, hayotim menga emas, boshqalarga tegishli edi.

— Doim qo‘riqchilar bilan yurar edim, shaharni ham deyarli bilmasdim. Harakatim chegaralangan, atrofimda faqat kattalar bo‘lgan. Do‘stlarim yo‘q edi, chunki doim barchaga shubha bilan qarashga o‘rgatilgandim. 18 yoshga yetganimda insoniy aloqalarni o‘rnatishga, chuqur munosabatlar qurishga intilardim. Endi esa nihoyat mustaqilman. O‘zim uchun yashayman, o‘zim pul ishlab topaman. Uzoq kutilgan ozodlik hissi men uchun eng bebaho boylikdir, deydi Maryam Tillayeva.
AQShda Maykl Jeksonning farzandlari bilan bir maktabda o‘qigan
14 yoshga to‘lganida ota-onasi uni AQSHning Los Anjeles shahrida joylashgan maktabga o‘qishga yuboradi. Maryam maktabni bitirgach, AQSHning nufuzli universitetlaridan biriga kirib siyosatshunoslik va huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan.

— AQShdagi maktabda o‘qiganimda, o‘shanda 14 yoshda, o‘tish davrida edim. Menga u yer yoqqan. Do‘stlarim o‘qiydigan maktabga bordim. Umuman olganda, boshqa-boshqa dunyoqarashlar, bolalar, men madaniyatning ko‘p qismini shu yerdan o‘rgandim. Men o‘qigan maktabda juda ko‘p mashhurlarning farzandlari o‘qir edi, masalan, Maykl Jeksonning farzandlari va yana boshqalar. Ota-onam meni mashhurlarning uyiga tashlab ketgan va shu orqali ular bilan yaqindan tanishishni istagan. Ukam aktrisa Helli Berrining qizi bilan do‘st bo‘lgan, deydi u.
Kamsitilish, diniy ajratish va irqchilik

— Onam YUNESKOda elchi bo‘lib ishlagani sababli turli mamlakatlarda, jumladan, Fransiya, Latviya, Shveysariyada yashaganmiz. Ayniqsa, Shveysariyada o‘qiganimda musulmonlarga va qoramag‘iz odamlarga nisbatan kuchli nafrat bor edi. Meni maymun deb atashar, ustimdan kulishardi. Bolaligimdan oilamning qilgan ishlari va qarorlariga javobgar emasligimga qaramay, doim o‘zimni oqlashga majbur bo‘lganman.
— O‘sha vaqtdayoq meni juda qattiq tanqid qilishdi. Hattoki, meni hojatxonalarga qamab qo‘yishgan, qattiq urishgan holatlar ham bo‘lgan. Tasavvur qiling, menga o‘xshagan qizni ham urishgan! Ba’zi paytlarda hayotimga chek qo‘yish istagi ham bo‘lar edi. Bu o‘y-xayollarimni ota-onamga ayta olmaganman, chunki ular o‘z hayotlari, ishlari bilan band bo‘lishgan. Yosh qiz uchun bu juda-juda og‘ir edi. Ammo men bularni boshdan kechirib bo‘ldim va endilikda tanqidga juda xotirjam munosabatda bo‘la olaman. Chunki bunday tanqidlar mening kim ekanligim haqida emas, balki ularning qanday ekanini aks ettiradi, deb o‘ylayman. Ehtimol, ular menga qarab o‘zlaridagi nimanidir ko‘rishadi va bu narsa ularni g‘azablantiradi, deydi Maryam.
Islom Karimov bobo sifatida

— U dunyodagi eng ajoyib bobo edi. Chet elga ko‘chib ketgunimizcha, men uning prezident ekanini ham bilmaganman. Hamma bobolar ertalab soat 8:00 da ishga kostyumda ketadi, deb o‘ylardim. U juda oddiy, quvnoq, dono inson edi. Men bilan katta odamdek gaplashar, ko‘p narsani o‘rgatardi. Bir kuni bobom suratga qanday tushishni o‘rgatgan, u: “Bir oyog‘ingni oldinga, boshqasini orqaga qo‘y”, degani yodimda. U ayol kishi uchun kitob o‘qish, she’riyat, raqs, ayollarga xos nazokat muhimligini uqtirardi. U menga otalik qilgan deya olaman, chunki bobom barcha oila a’zolarimizni birlashtirib turgan ustun edi. Endi u yo‘q, oilamiz ham ayro. Men uchun bobom hech kim tenglasha olmaydigan, mukammal inson edi, deydi u marhum bobosi haqida.
Bobosining so‘nggi kunlari haqida

— Uning so‘nggi kunlarida buvim, oyim va men yonlarida bo‘lganmiz. Otam o‘shanda ukam hamda singlim bilan Los Anjelesda qolgandi. Bobomning o‘limidan so‘ng bir holat ko‘z o‘ngimda qolib ketgan. Shifokor uning yuragi urishdan to‘xtaganini aytganida, hammamiz u yotgan xonaga yugurganmiz. Zinadan tushib borar ekanmiz, sarosimadan buvim va onamning oyoqlaridagi shippaklar otilib ketgan. Men o‘shanda xonaga kirganimda bobomning yonida uzoq yillar birga bo‘lgan kuchli, kap-katta, baquvvat erkaklar yurakdan yig‘layotganini ko‘rganman. Bu holat meni qattiq ta’sirlantirgan. Bobom bilan o‘rtamizda juda katta rishta bor edi, deya xotirlaydi Maryam Tillayeva.
“Hech kimga bunday oila va hayotni tilamayman!”

— Mening oilam boshqalarnikiga o‘xshamaydi va hech kimga bunday hayotni tilamayman. Birgina buvim — mening eng yaqin do‘stim. Uni “oyi” deb ham atayman, chunki bolaligimdan u menga ona o‘rnida qaragan, mehr bergan. U mening barcha do‘stlarimni taniydi, hayotimdagi eng og‘ir lahzalarda doimo yonimda bo‘lgan. Uni juda qadrlayman, deydi u.
Maryamni O‘zbekistonga tanitgan voqea
2021-yilda o‘zbek OAVda Maryam Tillayeva haqida xabarlar tarqala boshladi. Bunga uning rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqqani sabab bo‘ldi. Amiran va Maryam 2021-yilning aprel oyida Las Vegasdagi mehmonxonalardan birida kichik davrada to‘y qilib, turmush qurdi.

Maryam o‘zidan 13 yosh katta blogerga ota-onasining qarshiligiga qaramay turmushga chiqadi. Timur Tillayev va Lola Karimova qizlarining bu ishidan xafa bo‘lib, to‘ydan keyin u bilan gaplashmay qo‘ygan. Oradan ko‘p o‘tmay, Amiran Sardarov Instagram sahifasiga rafiqasining ichki kiyimsiz suratini joyladi. Bu Maryamning o‘zbek auditoriyasi tomonidan heytga uchrashiga sabab bo‘ldi. Minglab insonlar uning Instagram sahifasiga obuna bo‘lib, haqoratomuz so‘zlarni yozib qoldira boshladi, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari uni axloqsizlikda aybladi. Maryam yaqinda bergan intervyularidan birida aslida bu holat uning tushkunlikka tushirgan bo‘lsa-da, boshqa tomondan o‘sha paytda uning Instagram kuzatuvchilari soni keskin ortishiga sabab bo‘lgani haqida aytib o‘tgan.
“Meni fohisha deb atab, tahdid qilishgan”
Maryam yalang‘och surati tarqalishi ortidan qattiq depressiyaga tushib qolgani haqida shunday degan:

— Men bunday suratimni hech qachon ijtimoiy tarmoqqa joylamagan bo‘lardim, rozilik ham bermaganman. Biroq sen har kunlik manipulyatsiya hamda tahqirlashga asoslangan munosabatlarda bo‘lsang, sen insonning “sevgisi”ni yo‘qotmaslik uchun, uni ranjitmaslik uchun hamma narsaga tayyor bo‘lasan. U 35 yoshida, ongli ravishda shunday o‘yin o‘ynadi. Amiran ijtimoiy tarmoqlar shunday ishlaydi, dedi. “Sen hech narsani tushunmaysan”, dedi. Bu xayp, men uni qo‘llab-quvvatlashim kerakligini aytdi, “Buni ikkimiz uchun qilyapman”, dedi. Men yig‘ladim. Hozir esa shu haqda o‘ylab, o‘zimni shunchalik yerga urganimdan afsuslanib ketyapman. Uning postidan keyin menga tasavvur qilib bo‘lmaydigan nafrat yog‘ildi. Meni fohisha deb atashdi, o‘lim tilashdi, tahdidlar bo‘ldi. O‘sha rasmni O‘zbekistonda yashaydigan hamma ko‘rdi, uni qarindoshlarim, buvilarimga ko‘rsatishdi. Bu — men hayotimning oxirigacha shu sharmandalik bilan yashashga to‘g‘ri keladigan holat.
Erimning bu qilmishidan so‘ng uni tushunmay qolgandim, biroq uni sevganim uchun qo‘llab-quvvatlab, faqat o‘zimga yomon qilardim. Oilam oldida, otam, onam, ukam, singlim, bobom, buvim va xalqimiz oldida uyatga qoldim. Shunda ham Amiran taraf bo‘ldim. O‘shanda aqlim qayerda edi, tushunmayman. U o‘shanda birgina posti bilan ota-onam bilan munosabatlarimga butunlay nuqta qo‘ydi. Ularni tushunaman. Amiran niyatiga yetdi. Meni oilam va do‘stlarimdan ajratib qo‘ydi. Men esa o‘shanda o‘zim tushunmagan holda juda qattiq depressiyaga tushib qoldim.
Foto: Instagram
Maryam va Amiranning turmushi 10 oy davom etdi. Ajrashgani haqidagi ma’lumotni birinchi bo‘lib Amiran Instagram sahifasida e’lon qildi. Maryam esa bu ajrimni quyidagicha izohladi: — Men bir yarim yil bu inson bilan yashab, qanday kunlarni boshdan kechirganimni hammaga so‘zlab bermoqchi emasman. Bugun qanday his-tuyg‘ular bilan yashayotganimni ham bo‘lishmayman. Agar boshimdan nimalar o‘tganini bilsangiz, shokka tushib, menga rahmingiz kelgan bo‘lardi. Men o‘zimga achinishlarini xohlamayman. Shuning uchun ko‘rgan-kechirganlarimni faqat yaqin do‘stlarimgina biladi. Ular yordamga muhtoj paytim meni qo‘llab-quvvatladi. Men haqiqat tarafman, odamlar aslidan ko‘ra yaxshiroq ko‘rinish uchun yolg‘onlar to‘qib chiqarishiga qarshiman.
Foto: Instagram
— Men Moskvaga o‘sha insonni sevganim, u bilan keyingi hayotimni qurishni istaganim uchun ko‘chib o‘tgandim. Yosh bo‘lganim yoki nimagadir tayyor bo‘lmaganim ayrilishimiz sababchisi emas. Bu inson haqida yomon gapirishni istamayman, bizning ajrashishimizga menga o‘tkazilgan ruhiy va jismoniy bosim sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, men gapirishni istamaydigan boshqa sabablar ham bor.
Men sodda va ahmoq bo‘lgan ekanman. Shuning uchun ham boshimdan o‘tganlarga qaysidir ma’noda o‘zim ham sababchiman. Osmonda uchib yurgan ekanman. Shuni aytishim kerakki, bolaligimda maktabda juda ko‘p tahqirlashlarni boshdan kechirganman. Musulmon bo‘lganim uchun boshimni unitazga tiqishlar, haqoratlarni ko‘rganman, kaltaklanganman. Ammo men bir yarim yillik turmushimda ko‘rganlarimni hatto dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Bu haqda gapirish juda qiyin, sababi oilam, menga yaqin insonlarim va o‘zim aziyat chekdim. U insondan bundan keyin meni, oilamni, buvimni umuman tilga olmaslikni so‘ragan bo‘lardim, deydi u.
“Suratlarimni o‘chirish uchun 30 ming dollar to‘ladim”
— Men bir kompaniyaga sobiq erim va men haqimdagi barcha maqolalarni hamda yalang‘och tushgan suratimni o‘chirish uchun 30 ming dollar to‘ladim. Ular internetni “tozalash” bilan shug‘ullanadi. O‘ylashimcha, men haqimdagi barcha maqolalarni o‘chirishsa, bo‘lgan voqea-hodisalar odamlarning esidan chiqib ketadi, deydi Maryam.
“Onamga tegishli restoran va salonlarga kirishim taqiqlangan”

— Xolam, buvim, amakivachchalarim bilan doim aloqadamiz. Onam bilan bolaligimdan kelishmovchiliklarimiz bo‘lgan, hozir ham ichimda alam bor. U ham mendan ranjigan. Hozirgi paytda onamga tegishli bo‘lgan go‘zallik salonlari, restoranlarga kirishim taqiqlangan. Onam bilan bir joyda o‘tirib, gaplashib olishni xohlayman, undan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan suratlar uchun kechirim so‘rashni istayman. Ammo hozircha oramizda faqat sukunat bor. Mana shu ichki alam nafratga, nafrat esa menga ko‘proq ishlashga motivatsiya beradi. Afsuski, shunday ona o‘z qiziga ko‘mak berish o‘rniga, u bilan raqobat qilmoqda.

— Meni faqat buvim doimo va beminnat qo‘llab-quvvatlagan. Bolaligimda o‘zimni yolg‘iz his qilganimda ham, Amiran bilan bo‘lgan ziddiyatlarda ham, umuman, har ishda meni tanqid qilish o‘rniga tushunishga harakat qilgan. Buvim bilan onamning munosabatlari ham avvaldan yaxshi bo‘lmagan. Umuman olganda, oilamizda juda ko‘plab psixologik muammolar bo‘lgan, deya eslaydi Maryam.
“Onam buvimdan xabar olmaydi”

— Hozirda onam bilan hech qanday aloqam yo‘q. U yaqin qarindoshlarim orasida muloqotni butunlay uzgan yagona insonim.
Bilasizmi, onamning hatti-harakatlari menga doim juda g‘alati tuyuladi: u doimo boshqalarga o‘zini yaxshi ko‘rsatishga, ba’zida jabrdiyda ayol rolini o‘ynashga intiladi. Biroq o‘zi O‘zbekistonga kelgan bo‘lsa-da, onasining uyiga hatto qadam ham bosmagan. Uning shu kabi boshqa g‘ayrioddiy odatlari ko‘p. Bu holat menga bir paytlar og‘ir ta’sir qilar edi, lekin hozir bunga ko‘nikkanman va shunchaki onamni boricha qabul qilganman. Ammo ukam va singlim uchun achinaman, deydi u.
Lola Tillayeva bilan Maryamning o‘rtasidagi ziddiyat sababi nimada?

— Biz besh yildan beri gaplashmaymiz. Shunga qaramay, mening ichki sezgim juda kuchli: onam bilan muloqotda bo‘lmasam ham qandaydir tarzda uning hayotida nimalar yuz berayotganini bilib turaman. Vaqt o‘tishi bilan munosabatlarimizdagi muammolar ham ko‘payib bordi. Qachon yarashishimizni bilmayman, chunki atrofdagilardan onam haqida qancha ko‘p yangilik eshitsam, u haqda shunchalik fikrim o‘zgarib bormoqda. Go‘yo onam tobora ko‘proq o‘zidan qochadigan va omma e’tiborini qozonish uchun har narsani bajaraveradigan odamdek ko‘rinmoqda. Umuman olganda, oilamiz tarixi murakkab, ba’zi voqealarni esa bobom, buvim va boshqa qarindoshlarimga hurmat yuzasidan oshkor eta olmayman. Shu bilan birga, onamning menga qarshi nosog‘lom raqobat qilishga urinishini sezaman. Bu so‘zlarim, albatta, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi: axir men qanday qilib onamga raqobatchi bo‘lishim mumkin? U meni dunyoga keltirgan bo‘lsa, men 50 foiz onam, 50 foiz otamman, deydi Maryam Tillayeva.
“Bunday oilani hech kimga ravo ko‘rmayman!”
Maryam Tillayeva Instagram’dagi obunachilaridan birining “Bunday oilani hech bir insonga ravo ko‘rmayman” degan gapini ma’qullab, bu fikrga to‘laqonli qo‘shilishi aytib o‘tgan.

— To‘g‘ri aytasiz, xuddi shunday fikrni mening do‘stlarim ham bildirgan. Hatto ularga bor voqeani to‘liq aytib bermagan bo‘lsam ham, do‘stlarim menga havas qilishmaydi. Nima bo‘lganda ham, yuqori mansab va pul kabilar asab, ko‘z yoshlar va oilaviy mojarolarga arzimaydi. Men o‘zim uchun qaror qildim: bundan keyin hayotimdan faqat zavqlanib yashayman, o‘zim istagan ishni qilaman. Ochig‘i, kim nima desa ham menga farqi yo‘q. Men yaqinlarimning xatti-harakatlari uchun javobgar emasman va hammani qutqarish yoki yarashtirish ham vazifam emas. Men shunchaki o‘z hayotimni yashayman va o‘z oilamni quraman, deydi u.
O‘zbekistondagi heyt haqida

— Instagram sahifamga salbiy izohlarni juda ko‘p yozishadi. Lekin o‘zbek tilini yaxshi bilmaganim uchun heytning 90 foizini tushunmayman. Heyterlar asosan ochiq suratlarim uchun menga “sharmanda” deb yozishadi yoki “Sen bizning pulimiz evaziga yashayapsan”, deyishadi. Ba’zan tushunishni istasam, yordamchimdan tarjima qilib berishini so‘rayman. Lekin bunaqa narsalarga e’tibor bermayman. Hozirda o‘zbekchani o‘rganyapman. O‘z repetitorim bor. Bundan tashqari, Uzbekistan for english speakers dasturini yuklab olganman, degan edi Maryam obunachilariga murojaatida.
Blogerlikka ilk qadam

— O‘zbekistonga buvimni ziyorat qilish uchun bir oyga kelganimda Rossiyada trend bo‘lgan “er izlayapman” mavzusidagi kontentni takrorlab ko‘rdim. Bu trendni nega odamlar bunchalik og‘ir qabul qilishdi, hanuz tushunmayman. Ehtimol, ular chin dildan mening baxtli bo‘lishimni istagandir, ammo mening videoroligim ostiga “Tavba, ajabo, qanday qilib bunday ish qilish mumkin, sharmanda!”, degan izohlar yog‘ildi. Shundan so‘ng menga reklama takliflari kela boshladi va blog orqali daromad topish mumkinligini o‘ylab ko‘rdim, deydi u.
Hozirda instabloger, inflyuenser sifatida faoliyat olib borayotgan Maryamning Instagram’dagi kuzatuvchilari soni 1,6 millionga yetgan.
Maryam nechta tilni biladi?

Maryam Tillayeva intervyulardan birida 5 ta — rus, ingliz, nemis, fransuz va ispan tillarini bilishi haqida aytib o‘tgan.
“Hamma narsang ortig‘i bilan bo‘lsa, o‘zingni yo‘qotib qo‘yasan”

— Men ota-onamga, ularning moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlashiga suyanib qolgandim. Hozir esa faqat o‘zimga suyanaman. Shaxsiy jetda yoki oddiy samolyotda uchishning farqi bor. Lekin men nolimayman, mustaqillik muhimroq. Qachonlardir men osmonda uchib yuradigan, do‘mboqqina, o‘ziga ishonchi past qizaloq edim. Atrofdagilarning yaxshi munosabati va do‘stligini sotib oladigan qizcha edim. Hozir hamma narsaga real qarashim kerakligini tushunaman. Omadsiz turmushim uchun, hayotimda bo‘layotgan barcha hodisalar uchun minnatdorman. Atrofimdagi ba’zi boyvachcha tanishlarimga qarab, ular o‘zligini yo‘qotib qo‘yganini anglayman. Hamma narsang ortig‘i bilan bo‘lsa, nimaga intilishni bilmaysan va shunchaki o‘zingni yo‘qotib qo‘yasan, deydi bloger.
Maryam Tillayevaga bo‘ladigan g‘ayrioddiy takliflar

— Meni Saudiya Arabistoniga taklif qilishdi, lekin bormadim. Bundan tashqari yana bir qo‘rqinchli holat bo‘ldi. Bir inson menga juda katta guldastalar jo‘nata boshladi. U deyarli har kuni menga aqlbovar qilmas darajadagi sovg‘alarni jo‘natardi. Keyin bilsam u urushdan pul topayotgan ekan. U to‘xtamasdan hadyalar jo‘natganidan keyin uning kimligi bilan qiziqib ko‘rdim. Kimligini bilganimdan keyin esa “Yo‘q, rahmat, kerakmas”, dedim. Bunday holatlar menda ko‘p bo‘lgan, deydi Maryam o‘ziga keladigan g‘ayrioddiy takliflar haqida.
Maryam yigiti Arno bilan qanday tanishgan?
Instabloger 2025-yilning 2-yanvarida o‘zidan uch yosh kichik rossiyalik kichik tadbirkor Arno Kosyan bilan tanishdi. Ularning ilk uchrashuvi Fransiya Alpida joylashgan Kurshevel tog‘-chang‘i kurortida restoranida bo‘lgan. Arno Maryamdan uch yosh kichik va o‘zining shaxsiy biznesi bor. Maryam Tillayeva Arno bilan dastlab shunchaki do‘st bo‘lgan. Hozirda esa Arno Maryamning qaylig‘i.

— Dastlab men uni tortinchoq deb o‘yladim, chunki tashqi ko‘rinishi menda shunday taassurot qoldirgandi. Keyin suhbatlashib, do‘stlashdik, birga chang‘i uchdik. Dam olishning uchinchi kuni do‘stlarim: “Masha, u seni yoqtirib qolganga o‘xshaydi”, deyishdi. Bir kuni u ochiqchasiga menda ko‘ngli borligini aytdi. Shu tariqa munosabatlarimiz boshlandi, deydi Maryam.
Maryam uchun kutilmagan Marry me marosimi
Maryam 2025-yilning avgust oyida Fransiyaning diqqatga sazovor maskani Lojuvard sohillarida Arno tomonidan unashtirish taklifini oldi.

— Arno doim avgust oyida qo‘lingni so‘rayman, derdi. Men esa buni hazilga yo‘yardim, chunki u tez-tez hazillashar va doim kulgili gaplar bilan atrofdagilar kayfiyatini ko‘tarar edi. Munosabatlarimiz jiddiy ekanini ta’til vaqtida eng yaqin dugonamni ko‘rib qolgach, angladim. O‘zimcha: “Bu yerda u nima qilib yuribdi?” dedim. Dugonam esa: “Mening tug‘ilgan kunim-ku, shuning uchun Arno ham meni bu yerga taklif qildi”, dedi. Men: “Mayli, mantiqan to‘g‘ri”, deb qo‘ya qoldim. Ammo ular o‘sha kuni tinmay pichirlashishdi, Arno dugonamdan nimalarnidir so‘rab yurardi. Shunda ichimda shubha paydo bo‘ldi. Keyin dugonam menga hammasini aytib berdi. Bilishimcha, Arno ikkisi uzuk masalasida maslahatlashgan ekan. Eng qizig‘i, dugonam ingliz tilida gapiradi, Arnoning ingliz tili darajasi esa unchalik yaxshi emas. Ularning muloqoti oddiy va kulgili tarzda kechgan.
U bilan oddiy do‘stona munosabatda edik. Ammo O‘zbekistonga safardan so‘ng Arno butun oilam, do‘stlarim va mening ko‘nglimni zabt etdi. U men uzoq izlagan insonim: u meni yaxshi tushunadi, chin dildan sevadi. Bu munosabatlar shunchalik sokin va xotirjam-ki, unda na janjal, na tahqirlashlar bor. Rishtalarimiz haqiqiy sevgi va o‘zaro hurmatga asoslangan, deydi bloger, deya eslaydi Tillayeva.
“Bizni Jeff Bezos unashtiruv bilan tabrikladi”
Maryam va Arnoni tabriklaganlar orasida mashhur milliarder, Amazon asoschisi Jeff Bezos ham bo‘lgan.

— Hammasi juda qiziq va tasodifiy tarzda o‘tdi. Arno menga turmush qurishni taklif qilgan kuni biz Jeff Bezos dam olayotgan mehmonxonada edik. Keyin La Guerite restoraniga nishonlashga bordik. U yerda ham Bezos bor ekan. Bilasizmi, yaqinda u Loren Sanchesga uylangani shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Bu haqda blogimda ham yozganman. Ammo aynan Bezos bizni tabriklaydi, deb xayolimga ham keltirmagan edim. Bezos yonimizdan o‘tayotganda biz unga uzukni ko‘rsatdik. U esa: “Baxtli bo‘ling!” dedi. Shunday qilib, Amerikadan bizni birinchi bo‘lib tabriklagan inson Jeff Bezos bo‘ldi. Eng yaqin dugonamdan keyin, albatta. Tushlik biz uchun unutilmas tarzda o‘tdi, deya xotirladi Tillayeva.
“2026-yilda Toshkentda to‘y qilmoqchimiz”

— Biz O‘zbekistonda, nasib qilsa, kelasi yil sentyabr oyida to‘y qilmoqchimiz. To‘y 2 kun davom etishi rejalashtirilgan, degan edi Arno 2025-yilda bergan intervyusida.
— Biz zamonaviy to‘y qilmoqchimiz, lekin milliy urf-odatlar ham o‘tkazish tarafdorimiz. Ayrim detallarini muhokama qildik. Toshkent joylashuv nuqtayi nazaridan bizga qulay, chunki Amerikadan keladigan do‘stlarimiz bor, ular Rossiyaga bora olmaydi, Rossiyadan keladiganlar ham bor, ular esa Amerikaga yoki Yevropaga ucha olmaydi. Shuning uchun to‘y Toshkentda bo‘ladi, deydi Maryam.
“5 yil deganda otam bilan yarashib oldim”
O‘tgan yilning kuz oyida Maryam otasi Timur Tillayev bilan munosabatini tikladi. Bunga yigiti Arno sababchi bo‘lgani haqida Maryam shunday deydi:

— Yaqinda dadam bilan qayta gaplasha boshladik. Bizni Arno yarashtirib qo‘ydi. U muzokaralar ustasi. Biz dadam bilan ko‘p yig‘ladik, u mendan kechirim so‘radi. Men esa ulardan. Eng muhimi, biz endi bir-birimizni eshitishga tayyormiz. So‘nggi besh yil ichida o‘zimni juda yolg‘iz, suyanishga va dardini aytishga hech kimi yo‘q, yetimdek his qildim. Hozir esa istagan vaqtimda dadam bilan telefonda gaplashaman, fikr almashaman va bundan juda baxtiyorman.
Juftingiz bilan sog‘lom munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun ota-onangiz bilan yaxshi aloqada bo‘lishingiz kerak, deyishadi. Menda esa aksincha bo‘ldi — menga turmush qurish taklifini berishdi, shundan so‘nggina men otam bilan yarashdim. Arno bu yordamini deyarli har kuni menga eslatadi. Buning uchun undan juda minnatdorman, deydi Maryam.
35 ming dollarlik qizil yo‘lakcha

Maryam Tillayeva o‘tgan yili yigiti Arno bilan nufuzli 78-Kann kinofestivalida ham qatnashdi. Bu uning Kann’da ilk bor qatnashishi emas. Juftlik Kann shahrida chiptasi 35 000 dollar turadigan kechaga borishgan.
“Bu minimal kirish narxi. Biz eng arzon chiptalarni oldik”, degan hayajon bilan Maryam Tillayeva.
Maryam kiyinishiga qancha pul sarflaydi?
Instabloger Maryam Tillayeva moda haftaligiga kiyib kelgan kiyimlari hamda taqinchoqlarining umumiy qiymati 40 ming dollar ekani haqida so‘zlab bergan.
Maryam hozirda nimalar bilan mashg‘ul?
Maryam hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bloger, ekofaol va ayollar huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan. U You Swish nomli shaxsiy kiyim brendiga asos solgan. Shuningdek, okean tozaligi va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish kabi bir nechta ijtimoiy loyihalarda qatnashgan. Maryam xayriya ishlari bilan ham faol shug‘ullanadi. U Afrikada yashovchi bolalarga bir necha marotaba yeguliklar, o‘yinchoqlar hamda o‘quv qurollari tarqatgan.

— Bugungi kunda men aktyorlik mahoratini o‘rganyapman, Moskva shahrida tahsil olyapman va shu bilan birga ayrim loyihalarda suratga tushyapman. Shuningdek, podkastlarim ustida ham ishlayapman. “Masha Tilly talk”da o‘zbek shou-biznes olamidagi mashhurlar bilan suhbatlashaman. Munisa Rizayeva mehmonim bo‘ldi, u shaxsiy hayoti haqida ochiq so‘zlab berdi. Timur Alixonov esa haj safari, rafiqasi Farida bilan bo‘lgan munosabatlari haqida aytib berdi, deydi instabloger.
Bundan tashqari u bir necha bor xonandalikda ham o‘zini sinab ko‘rdi. Dugonasi instabloger Yunetta Akopyan bilan kuylagan dueti o‘zbek tilida qiynalib kuylagani bois so‘nggi vaqtlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi




