Qiziqarli

Ko‘zoynak nega terlaydi va bunga qanday yechim bor?

pic
Foto: Allaboutvision.com

Loading

Sovuq havodan issiq xonaga kirganingizda yoki niqob taqqan holda nafas olganingizda ko‘zoynak linzalari tezda terlab qolishi ko‘pchilikka tanish holat. Bu nafaqat noqulaylik tug‘diradi, balki ko‘rishni ham qiyinlashtiradi. Aslida esa ko‘zoynakning terlashiga aniq sabablar bor va bu muammoni bartaraf etishning samarali usullari ham mavjud. Quyida Daryo ko‘zoynak nima uchun terlashini va undan qanday himoyalanish mumkinligini batafsil ko‘rib chiqqan.

Ko‘zoynak nima uchun terlaydi?

Buning sababi haroratlar orasidagi farqdir. Tashqarida harorat past bo‘lganda, linzalar yuzasi soviydi va xonaga kirganingizda, havodagi namlik mayda tomchilar – kondensat shaklida ularga o‘tiradi. Sovuqda issiq nafas oynalarga tegsa yoki choy ichsangiz ham xuddi shu holat yuz beradi.

Ko‘zoynakni kondensatdan qanday himoya qilish mumkin?

Eng ishonchli usul – gardishga gidrofil qoplamali linza o‘rnatishdir. Bu qoplama shisha yuzasini yanada silliqroq qiladi va unda suv tomchilari to‘planib qolmaydi. Bunday linzalar oddiy linzalarga nisbatan qimmatroq, ammo ularga hech qanday ishlov berish yoki artish shart emas.

Agar bunday linzalarga imkoningiz bo‘lmasa, kondensatdan mustaqil ravishda himoya qilishga urinib ko‘ring. Buni quyidagicha amalga oshirish mumkin.

Maxsus vositalar yordamida

Optika do‘konlarida gidrofil tarkibli sprey yoki gidrofilli salfetka sotiladi. Bu vositalar yana antifoglar yoki terlashga qarshi vositalar deb ham ataladi. Ular yuzada ko‘zga ko‘rinmas qatlam hosil qiladi. Uydan chiqishdan oldin ko‘zoynakni kir va changdan tozalash, ozgina antifog purkash, uni linzalarga bir tekis yoyish va to‘liq quriguncha qoldirish lozim. Bu jarayonni muntazam takrorlash kerak bo‘ladi.

Bunday yechim barcha turdagi ko‘zoynaklar uchun mos keladi: quyoshdan himoyalovchi, ko‘rish, suzish va boshqa sport turlari uchun mo‘ljallangan ko‘zoynaklar uchun ham.

Qo‘l ostidagi vositalar bilan

Antifogning afzalligi shundaki, u ko‘zoynak linzalari uchun xavfsiz. Agar boshqa usuldan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, avval ko‘zoynagingizda uy vositalaridan shikastlanishi mumkin bo‘lgan maxsus qoplama (masalan, ultrabinafsha nurlaridan himoyalovchi) mavjudligini tekshiring. Odatda bu xususiyatlar linza ishlab chiqaruvchisining veb-saytida ko‘rsatiladi.

Yaxshiroq natija olish uchun ishlov berishni har safar uydan chiqishdan oldin takrorlashga to‘g‘ri keladi.

Qaysi vositalardan foydalanmaslik kerak?

Internetda ko‘pincha maxsus vositalar o‘rniga boshqa mavjud variantlar ham tavsiya etiladi. Ko‘pincha tish pastasi, glitserin va avtomobil oynalarini tozalash uchun sprey tilga olinadi. Bu ro‘yxatdagi narsalardan foydalanishni tavsiya qilmaymiz. Tish pastasida linzalarni osongina tirnab qo‘yadigan abrazivlar bor, glitserinni oynalarga bir tekis va dog‘siz surtish qiyin, avtomobil spreylari esa odatda juda kuchli tarkibga ega bo‘ladi.

Undan ko‘ra, oddiy suyuq sovun, shampun yoki idish yuvish vositasidan foydalaning. Linzalarga bir-ikki tomchi tomizing va paxta disk yordamida yupqa qatlam qilib yoying. Ko‘zoynak to‘liq quriguncha qo‘ying, so‘ngra uni tuksiz yumshoq salfetka bilan yaxshilab arting. Suyuq sovun o‘rniga qattiq sovun ham ishlatishingiz mumkin. U bilan oynalarni ishqalang, keyin salfetka bilan yaxshilab arting.

Yana nimalar yordam berishi mumkin?

Linzalarga tegmang. Barmoq izlari va boshqa kirlar terlamani kuchaytiradi, shuning uchun oynalarga kamroq teginishga harakat qiling va ko‘zoynakni maxsus salfetkalar bilan muntazam artib turishni unutmang. Lekin bu maqsadda kiyimlaringiz yoki oddiy sochiqlardan foydalanmang. Dag‘al tolalar linzalarni shikastlashi mumkin.

Ko‘zoynakni faqat g‘ilofda saqlang. Nam tomchilari mayda tirnalgan joylarga ham yopishadi, shuning uchun albatta himoya g‘ilofidan foydalaning.

Ko‘zoynakni to‘g‘ri taqing. Oynalar yuzga qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik ko‘p terlaydi. Havo erkin aylanishi uchun ko‘zoynakni burundan biroz uzoqroqqa suring. Agar ular shu holatda tushib ketsa, mustahkamroq turadigan gardishlarni ko‘rib chiqing.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.