O‘zbekiston

Prezident xavotirda: sportchilar orasida jinoyatchilar ko‘paymoqda

pic
Foto: Prezident.uz

Loading

Prezident sportchilar orasida jinoyatchilik kuchayayotganidan xavotir bildirdi

27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasidagi sustkashliklarni keskin tanqid qildi. Davlat rahbari ayrim hududlarda sport bilan shug‘ullangan yoshlar jinoiy guruhlar ta’siriga tushib, ko‘cha bezoriligi va zo‘ravonlikka aralashib qolayotgani o‘ta tashvishli holat ekanini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ilgari faqat “ko‘cha darajasida” ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun “biznes niqobi” ostida daromadli sohalarga kirib bormoqda. Xususan, ko‘p qavatli uylar va avtomobillar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar, shuningdek “Haj” va “Umra” ziyoratlarini tashkil etish sohalarida jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘paygani qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Toshkent shahrida uy-joy savdosi bilan bog‘liq firibgarliklar oqibatida 3 mingdan ortiq fuqaro 1,3 trillion so‘m zarar ko‘rgan.

Yig‘ilishda ayrim jinoiy guruhlar chet elga chiqib, u yerda ham vatandoshlarni talayotgani, so‘nggi paytlarda esa biznes va investitsiya muhitiga bosim o‘tkazayotgani alohida qayd etildi. Prezident mas’ullar aholi huquqiy savodxonligini oshirish borasida yetarli ishlamayotganini tanqid qildi.

Sportchilar masalasiga to‘xtalar ekan, Shavkat Mirziyoyev oxirgi paytlarda pul evaziga yashirin janglar tashkil etish holatlari ko‘payganini, jangovar sport turlari bilan shug‘ullangan ayrim yoshlar jinoiy guruhlar tarkibida aniqlanayotganini bildirdi. O‘tgan yili poytaxtda qo‘lga olingan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “og‘ir toifa”ga mansub yoshlar va sportchilar bo‘lgani jiddiy xavotir uyg‘otdi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga sportchilar ustidan nazoratni kuchaytirish, ularni kasbga yo‘naltirish va salohiyatiga mos ish bilan ta’minlash bo‘yicha alohida tizim yaratish topshirildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha maxsus xizmat tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, AQSh va boshqa davlatlardagi elchixonalarda ichki ishlar vakili lavozimi joriy etildi. Ushbu vakillar xorijiy hamkasblar bilan hamkorlikda zo‘ravonlik va jinoyatchilikka qarshi qonun ustuvorligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida ham “oson pul topish” ilinjida ayrim sportchilar jinoiy to‘dalarga qo‘shilib qolayotganiga alohida e’tibor qaratgan edi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.