Buxoro yangiliklari

Ajal bilan yuzma-yuz: Vobkentda muzdek daryoga sakragan ayol so‘nggi lahzalarda qutqarib qolindi (video)

pic
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

29-yanvar kuni Vobkent tumanida yurakni larzaga soladigan voqea sodir bo‘ldi. Qishning sovuq kuni, taxminan soat 16:30 lar atrofida tuman markazidan oqib o‘tuvchi daryo bo‘yida yosh ayol o‘zini muzdek suvga tashladi.

Oqim kuchli, suv esa o‘ta sovuq edi. Bir necha soniya ichida inson taqdiri hal bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga keldi.

Aynan shu paytda xizmat vazifasini bajarayotgan Vobkent tumani IIB profilaktika inspektori, kapitan Amrillo Rasulov voqeaga guvoh bo‘ldi. Vaqt bilan poyga boshlandi — o‘ylab turishga imkon yo‘q edi. Inspektor bir lahza ham ikkilanmasdan, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, muzdek daryoga sakradi.

Oqim bilan kurashib, cho‘kib ketish arafasida bo‘lgan ayolni so‘nggi soniyalarda tutib qolishga muvaffaq bo‘ldi va uni qirg‘oqqa olib chiqdi. Bu jasoratli harakat ayolning hayotini saqlab qoldi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ayol hali 30 yoshga ham to‘lmagan, asli G‘ijduvon tumanidan bo‘lgan va 4 nafar farzandning onasi ekan. Agar inspektorning tezkorligi va jasorati bo‘lmaganida, 4 nafar norasida farzand onasiz qolishi mumkin edi.

Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan ayol tuman shifoxonasiga olib borildi. Shifokorlarning aytishicha, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan, hozirda ahvoli barqaror.

Kapitan Amrillo Rasulovning bu harakati — chin ma’noda mardlik, fidoyilik va kasbga sadoqat namunasi. Ba’zan bir soniya, bir qaror butun bir oilaning taqdirini o‘zgartiradi. Bu voqea esa insoniylik va jasoratning yorqin misoliga aylandi.

Buxoro IIB dan olingan ma’lumotlarga koʻra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, favqulodda vaziyatda ko‘rsatgan jasorati, qat’iyati va kasbiga sadoqati uchun kapitan Amrillo Rasulovga muddatidan oldin “mayor” maxsus unvoni berildi.

Bugun viloyat hokimligida Vobkent tumani IIB profilaktika inspektori Amrillo Rasulovni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla profilaktikasining huquqbuzarliklarning oldini olishdagi hal qiluvchi ahamiyati alohida ta’kidlanganini qayd etdi. Shuningdek, profilaktika inspektorlarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi fidokorona mehnati yuksak e’tirofga loyiq ekanini ta’kidladi. Vobkentlik inspektorning jasorati bir inson hayotini emas, balki butun bir oilaning kelajagini saqlab qolgani bilan alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Amrillo Rasulovning o‘zi esa G‘ijduvon tumanida tug‘ilib voyaga yetgani, 2018-yilda Buxoro davlat universitetini tamomlab, ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini boshlaganini aytdi. Hozirda u Vobkent tumanidagi “Kulolchi” mahallasida xizmat olib borib, profilaktik tadbirlar natijasida mahalla “yashil” hududga kiritilganini bildirdi.

pic 02

U 29-yanvar kuni sodir bo‘lgan voqea haqida to‘xtalar ekan, asosiy maqsadi suvga tushgan ayolni qutqarish bo‘lganini, bunda atrofdagi fuqarolar ham yordam berganini aytib o‘tdi.

Marosim yakunida Amrillo Rasulovga “mayor” maxsus unvonini berish to‘g‘risidagi buyruq o‘qib eshittirildi. Shuningdek, u viloyat hokimligi va ichki ishlar boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.