Buxoro yangiliklari
Efirda 26 yil — so‘zda mas’uliyat: Buxorolik teleboshlovchi Zilola Xudoyqulova portreti
U samimiy, kamtarin. Ayollarga xos mehribonlik shaxsiyatini bezagan. Kasbini nihoyatda sevadi. Shundanmi, baʼzan ishga oʻzini bagʻishlab yuboradi. Koʻngil kishisi boʻlgani uchunmi boshqalar koʻnglini ogʻritishdan tiyiladi. Kamtarga kamol, deganlaridek Zilola opa kasbdoshlari orasida qadr topishiga ana shu shaxsiyati va sohaga fidoyiligi birday taʼsir qilgan.
Televideniye koʻpchilikka yorugʻ ekran boʻlib koʻrinadi. Ammo, uning ortida uyqusiz tunlar zahmati va jamoat oldidagi ulkan masʼuliyat bor. Ana shu masʼuliyatni qariyb 30 yildan buyon his qilib, oʻnlab shogirdlarni tarbiyalagan jurnalist — Zilola Xudoyqulova hayot yoʻli koʻpchilikka oʻrnak.

1980-yil 28-mart kuni Buxoro shahrida tugʻilgan izlanuvchan qizaloq 1996-yil “Istiqlol” televideniyesida oddiy suxandon sifatida ish boshladi. Oradan yillar oʻtib, u oʻz mehnati, intizomi va talabchanligi bilan 2004-yildan buyon teleradiokompaniyaning bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
— Televideniye men uchun yuksak choʻqqi emas. Bu — odamlar ishonchi. Agar efir orqali aytilgan so‘zing kimgadir umid bermasa yoki muammoni ochib bermasa, demak, ishing to‘liq qilinmagan, — deydi Zilola Xudoyqulova.
U boshchiligida “Istiqlol-TV” orqali viloyat hayotidagi muhim voqealar, islohotlar, jamiyatni oʻylantirayotgan masalalar xolis va tahliliy ruhda yoritib kelinmoqda. Ayniqsa, har haftaning shanba kuni efirga uzatiladigan “Tafsilot” axborot-tahliliy dasturi nafaqat xabar, balki muammoga yechim izlaydigan maydonga aylangan.

— Tanqid qilish oson. Lekin har bir tanqid ortida taklif va yechim bo‘lishi shart. Biz shuni tamoyil qilib olganmiz, — deydi u.
Zilola Xudoyqulovaning mualliflik dasturlari — “Dardkash”, “Buxoro farzandi”, “Turmush chorrahalarida”, “Oila saboqlari”, “Hayot falsafasi” — inson taqdiri, mehnat va qadriyatlar haqida. “Munosabat”, “Bugunning mavzusi”, “Intervyu+” esa xalqning dardini xalqning oʻzi bilan muhokama qiladi.

Uning o‘zi asli tarixchi, lekin jurnalistika sohasidagi qiziqish sabab Buxoroning boy tarixi, obidalari va milliy merosini teletomoshabinlarga sodda, taʼsirchan tilda yetkazib kelmoqda.
— Tarixni kitobdan o‘qish mumkin. Lekin uni his qilish uchun jonli so‘z kerak. Men efirda shu hisni berishga harakat qilaman, — deydi u.
Z. Xudoyqulova “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Oltin qalam” tanlovlari sovrindori, “Shuhrat” medali, “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibi.

U bugun ham Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar, yoshlar maʼnaviyati, milliy qadriyatlar va jamiyatni oʻylantirayotgan masalalarni efir markaziga olib chiqmoqda.
Xolislik va jamiyat oldidagi masʼuliyat — Zilola Xudoyqulovaga kasbining asosiy mezonlari sifatida qadrli.

Obid QOʻLDOSH suhbatlashdi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


