Islom

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘n ikki sunnatlari

photo 02
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim mening sunnatimni tiriltirsa, menga muhabbat qilibdi. Kim menga muhabbat qilsa, jannatda men bilan birga bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

1. Uyquga erta yoting va barvaqt turing.

Kechqurun uxlashga vaqtli yoting, shunda tahajjud va bomdod namozlarini ado etishga qiynalmaysiz. Natijada erta tongdan ishingizni boshlaysiz va kuningiz barakali hamda xayrli o‘tadi.

2. Tabassum qiling.

Dinimiz qovoq solib yurishdan ham, doimo hazil-mutoyiba bilan qahqaha urib yurishdan ham qaytaradi. Balki jiddiylik, viqorlik hamda xushchaqchaqlik va ishonch bilan yurishga buyuradi. Yuzni tirishtirib, qovoq solib yurish kishining nimadandir noroziligiga ishora qiladi.

Islom dinida tabassum odatiy amal emas, balki ibodat hisoblanadi. Tabassum inson jismi va aqliga foyda beradi, qon bosimini oshishidan va yurak xastaliklaridan himoya qiladi.

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: “Men musulmon bo‘lganimdan keyin qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan bo‘lsam, albatta yuzimga tabassum bilan qaraganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

3. Misvok ishlating.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Misvok og‘izni poklovchi va Allohni rozi qiluvchidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Nasoiy rivoyati).

Misvok milkni baquvvat qiladi. Tish toshlarini, og‘izdagi noxush hidlar va bakteriyalarni yo‘qotadi. Xotirani mustahkamlaydi, nutqni ravon qiladi. Ko‘z nurini ravshanlashtiradi, oshqozon-ichak xastaliklarining oldini oladi.

4. Sochni parvarishlab turing.

Afsuski, bugungi kunda aksariyat odamlar soch to‘kilishi muammosidan shikoyat qilmoqda. Ayniqsa, bu kasallik kundan kunga yoshlar orasida ham tobora avj olib bormoqda. Uning sabablari ko‘p, ammo sochini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashish uchun parvarishlaydiganlar juda kam.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning sochi bo‘lsa, unga ehtirom ko‘rsatsin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Sochni moy surtib parvarishlash ham foydali, ham unutilgan sunnat amallardan biridir.

5. Ovqatlanishning oltin qoidasi – “uch birini to‘ldirish”ga amal qiling.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).

Mutaxassislar aytishicha, oshqozonning to‘la bo‘lishi, insonning chuqur nafas olishiga to‘sqinliq qilar ekan. Erkin nafas olmaslik oqibatida qon kislorod bilan to‘yina olmaydi. Qolaversa, tanadagi modda almashinuvi buziladi va qonning kislorod bilan to‘yinishi uchun yetarli miqdorda kislorod kirmaydi. Bu turli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

6. Suvni tik turib ichmang.

Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suvni tik turib ichishdan qaytarganlar (Imom Muslim rivoyati).

Ovqat va suvni o‘tirgan holatda yeyish va ichish sog‘liq uchun foydalidir. Bunda insonning oshqozoni tinch va bo‘shashgan holatda bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida suvni oshqozonga hech qanday to‘siqlarsiz to‘g‘ri kelib tushishini ta’minlaydi. O‘tirib ichilganda suv avval oshqozonga tushib, kislotali muhit bilan qorishadi, so‘ngra organizmdagi mikroblarni tozalaydi va o‘n ikki barmoq ichakka o‘tadi. Inson tik turib suv ichganda esa, suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘n ikki barmoq ichakka o‘tib ketadi. Bu inson salomatligi uchun xavfli va zararlidir.

7. Gapirsangiz faqat yaxshi so‘zlarni so‘zlang yoki jim turing.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa (faqat) yaxshi so‘zlarni so‘zlasin yoki sukut saqlasin”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

8. Bemorlarni ziyorat qilib turing.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki bir betob musulmonni ertalab borib ko‘rsa, albatta, unga kechqurungacha yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kechqurun borib ko‘rsa, unga yetmish ming farishta ertalabgacha salavot aytadi. Yana unga jannatda bir bog‘ yaratiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

9. O‘ng tomonga qarab yoting.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamisha o‘ng tomonga yonboshlab, o‘ng kaftlarini yuzlariga qo‘yib yotganlar.

Nabiy alayhissalom Baro ibn Ozib roziyallohu anhuga: “Qachon yotmoqchi bo‘lsang, namozga qiladiganingdek tahorat qil. So‘ng o‘ng tomoning bilan yonboshla ….”, deganlar.

Olimlarning ta’kidlashlaricha, o‘ng yon bilan yotish Alsgeymer, Parkinson va boshqa asab kasalliklarining yuzaga kelish xavfini kamaytiradi.

O‘ng yon bilan yotilganda jigar osilib qolmasdan bir tekisda turadi. Oshqozon ham jigarning tepasida qulay joylashadi. Oshqozon oziq-ovqatni hazm qilib bo‘lgach, oson va yengil tozalanadi.

O‘ng tomonga qarab uxlash chap o‘pkaning nafas olish yo‘llaridagi shilliqsimon suyuqliklarni chiqarib yuborishidagi vazifasini yengillashtiradi.

10. Uyga kirganda salom bering.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “…Bas, qachon uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni ayting (ya’ni “Assalomu alaykum” deng!)…” (Nur surasi, 61-oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey bola, agar uyingga kirsang ahlingga salom ber, senga va ahli baytingga baraka bo‘ladi», dedilar».

11. Shayton bog‘lagan uch tugunni yeching.

Shirin uyqudan kechib bomdod namozini ado etish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Agar sizni ham shu muammo qiynayotgan bo‘lsa, ushbu hadisga amal qilishga harakat qiling. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz qachon uxlasa, shayton uning boshi orqasiga uchta tugun tugadi. Har bir tugunni bog‘lab: “Seni ustingda uzun kecha bor, uxlay qolgin!” deydi. Agar u uyg‘onib, Allohni zikr qilsa, bir tugun yechiladi. Agar tahorat qilsa, yana bir tugun yechiladi. Agar namoz o‘qisa, tugunlari yechilib, faol, ruhi pok bo‘lib o‘yg‘onadi. Agar undoq qilmasa, ruhi chirkin, o‘zi dangasa bo‘lib o‘rnidan turadi”, dedilar.

12. Qon oldirib turing.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Davolanadigan yaxshi narsalaringiz ichida eng yaxshisi qon oldirishdir”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).

Qon oldirish orqali xastalikka sabab bo‘layotgan zararli qonlar chiqib ketadi. Qon suyuqlashib tomirlar yumshaydi, qon aylanish jarayoni yaxshilanadi. Qon oldirish ko‘zni ravshanlashtiradi. Qon oldirishning yana boshqa juda ko‘plab foydalari bor.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.