Qiziqarli

Koinotda sayyoralar qanday shakllanganiga oid nazariya chippakka chiqdi (-mi?)

photo
Foto: European Space Agency (illyustratsiya)

Loading

Yevropa kosmik agentligi — European Space Agency (ESA)ga tegishli Cheops kosmik teleskopi olimlarni hayratda qoldirgan noodatiy sayyora tizimini aniqladi. Tadqiqotchilar fikricha, ushbu kashfiyot sayyoralarning shakllanishi haqidagi mavjud tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkin.

Gap Somon yo‘lining “qalin disk” qismida joylashgan LHS 1903 nomli yulduz atrofidagi tizim haqida bormoqda. Bu yulduz qizil mitti turkumiga kiradi — u Quyoshimizdan sovuqroq va xira nur sochadi.

Avvalgi kuzatuvlarda ushbu yulduz atrofida uchta sayyora aniqlangan edi: yulduzga eng yaqin sayyora toshli, undan keyingi ikkisi esa gaz gigantlari. Bu tartib olimlar kutgan klassik sxemaga mos keladi: ichkarida toshli sayyoralar, uzoqroqda esa gazli ulkan jismlar joylashadi.

Biroq Cheops teleskopi ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan batafsil tahlil to‘rtinchi sayyorani ham aniqladi. Eng ajablanarlisi shundaki, yulduzdan eng uzoqda joylashgan ushbu sayyora ham toshli bo‘lib chiqdi.

Tadqiqotning yetakchi muallifi, Uorvik universiteti astrofizigi Tomas Uilson ta’kidlashicha, tizim “go‘yoki ich-ichidan ag‘darilgandek”: tartib quyidagicha — toshli, gazli, gazli va yana toshli sayyora.

Amaldagi nazariyaga ko‘ra, yulduzga yaqin hududlarda kuchli nurlanish gazni uchirib yuboradi va natijada kichik, qattiq yadroli toshli sayyoralar shakllanadi. Uzoqroqda esa sovuq sharoitda yadro atrofida qalin gaz qatlami to‘planib, gaz gigantlari vujudga keladi.

Olimlar LHS 1903 tizimidagi noodatiy joylashuvni tushuntirish uchun bir nechta ssenariylarni ko‘rib chiqdi. Eng ehtimoliy taxminga ko‘ra, sayyoralar bir vaqtda emas, balki ketma-ket shakllangan bo‘lishi mumkin.

An’anaviy qarashga ko‘ra, sayyoralar protosayyora diskida — gaz va changdan iborat ulkan halqada — bir paytda hosil bo‘ladi. Chang zarralari birlashib, asta-sekin kattalashadi va oxir-oqibat yirik sayyoralarga aylanadi.

Biroq bu tizimda tashqi toshli sayyora gazning asosiy qismi yo‘qolib ketganidan keyin, ya’ni “gazga kambag‘al muhit”da shakllangan bo‘lishi mumkin. Bu esa mavjud nazariyalarga zid.

1990-yillardan buyon astronomlar Quyosh tizimidan tashqarida 6 mingdan ortiq ekzoplanetani aniqlagan. Biroq ko‘pchilik nazariyalar hanuz Quyosh tizimi tuzilishiga asoslangan edi.

ESA tadqiqotchisi Izabel Rebolyido ta’kidlashicha, turli va g‘ayrioddiy tizimlarning kashf etilishi sayyoralar shakllanishi haqidagi ilmiy qarashlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishga olib kelmoqda.

Yangi topilma koinotda sayyora tizimlari xilma-xilligi biz o‘ylaganimizdan ancha keng ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.