Buxoro yangiliklari
Buxoro shahrida yangi qoidalar: bino peshlavhalari uchun yagona “dizayn-kod” tasdiqlandi
Buxoro shahrining markaziy ko‘chalarida endi tartib va estetik uyg‘unlik ustuvor bo‘ladi. Bahouddin Naqshband, Islom Karimov hamda Abu Ali ibn Sino ko‘chalaridagi bino peshlavhalari uchun yagona “dizayn-kod” tasdiqlandi. Bu qaror shahar qiyofasini zamonaviy va tartibli ko‘rinishga keltirish, ayniqsa sayyohlar gavjum hududlarda vizual muhitni yaxshilashga qaratilgan.
Ma’lumki, tashqi yozuvlar va reklama lavhalari hududning umumiy arxitektura qiyofasiga bevosita ta’sir qiladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bino peshtoqidagi 1 kvadrat metrdan katta yozuvlar yoki yer maydoniga o‘rnatiladigan har qanday tashqi reklama konstruksiyalari faqat reklama pasporti rasmiylashtirilgandan keyin o‘rnatilishi mumkin. So‘nggi yillarda bu borada ma’lum tartib o‘rnatilgan bo‘lsa-da, aynan 1 kvadrat metr va undan kichik peshlavhalarning turli o‘lcham va uslubda joylashtirilishi shahar ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgani ochiq tan olinmoqda.
Ayniqsa, tartibsiz joylashgan yozuvlar va davlat tili talablariga mos kelmaydigan nomlar sayyohlar oldida noqulay vaziyatlarni yuzaga keltirayotgani qayd etildi. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-avgustdagi 428-sonli qaroriga muvofiq, mahalliy hokimliklarga hududiy dizayn-kodni tasdiqlash va unga rioya etilishini nazorat qilish vakolati berilgan. Ana shu huquqiy asosga tayangan holda Buxoro xalqaro aeroportidan Eski shahar qismigacha bo‘lgan hudud — xususan, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Abu Ali ibn Sino ko‘chalaridagi bino peshlavhalari uchun aniq mezonlar ishlab chiqildi.
Yangi dizayn-kodga ko‘ra, mazkur ko‘chalardagi binolar peshtoqi 60 santimetr balandlikdagi brend-kamar (Sign Band) bilan qoplanadi. Brend-kamarning yuqori va pastki qismi 10 santimetr hajmda oq yoki metall rangli hoshiyadan iborat bo‘ladi. O‘rtadagi 40 santimetrli asosiy maydon esa qora yoki qo‘ng‘ir rangda bo‘lib, aynan shu qismda muassasa nomi joylashtiriladi.

Fasad yechimiga ko‘ra, brend-kamar 1-qavat vitrajlari ustiga o‘rnatiladi. Uning uzunligi bino o‘lchamiga mos bo‘ladi, agar to‘liq uzunlikda o‘rnatish imkoni bo‘lmasa, kamida 200 santimetr etib belgilanadi. Harflarning balandligi 30–35 santimetrni tashkil etadi va ichki LED yoritish bilan ta’minlanadi.
Muassasa nomi davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi shart. Shuningdek, faqat tadbirkorlik subyektining davlat ro‘yxatidan o‘tgan rasmiy nomi va patent asosida tasdiqlangan logotipi aks ettiriladi. Jahonga mashhur brendlar nomini peshlavhaga yozishga ruxsat berilmaydi. Faqatgina dilerlik yoki franshiza shartnomasi mavjud bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
Eng muhim talab — bino fasadi va oynalariga peshlavhadan tashqari boshqa yozuv yoki reklama joylashtirish qat’iyan taqiqlanadi.
Mazkur dizayn-kod Buxoro shahrining markaziy ko‘chalarini yagona arxitektura uslubida shakllantirish, tarixiy va zamonaviy muhit uyg‘unligini ta’minlash hamda sayyohlar uchun yanada jozibador shahar qiyofasini yaratishga xizmat qiladi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


