Buxoro yangiliklari
Buxoroda tarbiyasi og‘ir yoshlar harbiy sharoitda yashab, qayta tarbiyalanishadi
Buxoroda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni jamiyatga faol jalb etishga qaratilgan “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘ini boshlandi.
Viloyatdagi harbiy qismlardan birida tashkil etilgan ushbu loyiha ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turuvchi, tarbiyasi og‘ir deb baholanadigan yoshlar bilan ishlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Mazkur loyiha aslida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 12-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida amalga oshirilmoqda. Unda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, ularni mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga faol jalb etish hamda intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.
Shu vazifalar ijrosi doirasida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarda “Jasorat maktabi” loyihasi har chorakda bir marta o‘tkaziladi. Unda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, huquqbuzarlikka moyilligi sabab profilaktik hisobda turuvchi yoshlar 5–10 kunlik maxsus o‘quv mashg‘ulotlariga jalb qilinadi. Bu safargi yig‘inda Buxoro viloyatining turli hududlaridan kelgan 80 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etmoqda.
Kun tartibi qanday?
Yig‘in davomida ishtirokchilar harbiy qism yotoqxonalarida yashab, qat’iy kun tartibi asosida mashg‘ulotlarda qatnashadi. Dastur bir nechta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:
- harbiy tayyorgarlik asoslari;
- jangovar va sport mashg‘ulotlari;
- ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar;
- sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi tadbirlar;
- kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha amaliy darslar.
Shuningdek, yoshlar biznes-reja tuzish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, kompyuter savodxonligi, dasturlash, avtoelektrik va dvigatel ta’miri, hatto zamonaviy eshik-rom ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda dastlabki kasbiy bilimlarni ham egallaydi. Bu esa ularga kelajakda o‘z kasbini topish va band bo‘lish imkonini yaratadi.
Rahbarlar va yoshlar ochiq muloqot qildi
Harbiy-o‘quv yig‘inining ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirok etdi. Ular bu kabi loyihalar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va harbiy xizmatga qiziqtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Tadbir doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ham tashkil etildi. Uchrashuv davomida yigitlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Ikromjon Tursunovga, Buxoro viloyati prokurori Ulug‘bek Xamdamovga hamda Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkatjon Rahmonovga ochiq bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, qolgan muammolar bo‘yicha mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
Loyiha tashkilotchilarining ta’kidlashicha, “Jasorat maktabi” nafaqat harbiy tayyorgarlikni kuchaytiradi, balki yoshlarning hayotga bo‘lgan qarashini ham o‘zgartiradi. Harbiy intizom, sport mashg‘ulotlari, ma’naviy suhbatlar va kasbiy darslar orqali ishtirokchilar o‘z salohiyatini namoyon qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shu tariqa, turli hududlardan kelgan yoshlar bir necha kun davomida harbiy tartib, jismoniy chiniqish va kasb o‘rganish orqali yangi hayotiy tajribaga ega bo‘lishmoqda. Mutaxassislar fikricha, bunday tashabbuslar huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni jamiyatga faol qaytarish hamda ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


