Mashhurlar

Instabloger Yunka qo‘shiqchilikdagi qadamlari hamda pulni to‘g‘ri taqsimlay olmasligi haqida gapirdi

pic
Foto: Instagram / yunka_a

Loading

Taniqli instabloger, model, havaskor xonanda Yunetta Akopyan (Yunka) “Mehmonda” dasturi uchun intervyu berdi. U suhbat davomida xonanda Shohruxxonni tanimagani, yulduzlik kasali va shaxsiy hayotidagi yangiliklar haqida gapirdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Xonanda Shohruxxon duet aytish taklifi bilan chiqdi, lekin uni tanimadim”

— Avval o‘zbek shou-biznesiga umuman qiziqmaganman. Bir kuni menga qo‘ng‘iroq qilib “Shohruxxon siz bilan duet kuylashni xohlayapti, rozimsiz” deyishdi. Men “O‘ylab ko‘rib, maslahatlashib, javobimni aytaman”, dedim. Instablogerlar Abduvali Sahiyevning jamoasi bilan yaqinman. Ularning oldiga borib, “Menga Izzat aka degan odam qo‘ng‘iroq qilib, Shohruxxon bilan duet aytishga roziligimni so‘radi. Shohruxxon o‘zi kim?” deb ulardan so‘radim. Do‘stim, bloger Axror Yorqulov “Bunchalar zo‘rsan” deganidan keyingina gap mashhur Shohruxxon haqida ketayotganini tushundim. Chunki bunday mashhur odam menga taklif bilan chiqishini xayolimga ham keltirmagan edim. Qaytarib qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rab, darhol rozilik berdim.

“Sevimli” telekanalining Yangi yil shousida Shohruxxon bilan duet aytdim. Bu chin ma’noda meni qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. Yulduzlik kasaliga chalinding, deganlar ham bo‘ldi, lekin unday emas. Shundan so‘ng endi faqat shou-biznesini tinglayapman, deydi u.

“To‘ylarda qo‘shiq kuylash niyatim bor”

— Bundan tashqari, Shohruxxon “Bezori” klipi uchun ham aktrisa sifatida meni taklif qilib, bu rolga aynan men mos ekanimni aytdi. Shu vaqtgacha ko‘pchilik klipiga suratga tushishimni so‘ragan, lekin hali hech kimnikida rol ijro etmagandim. Shohruxxonga rozi bo‘lishimning sababi, bundan oldin u meni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Men xonandalikka hali pul topish manbayi sifatida qaramayapman, shu sababli hozircha repertuarim boy emas. Ammo kelajakda to‘y xizmatlariga chiqish niyatim bor, chunki to‘ylar, xursandchiliklar, o‘yin-kulgi menga yoqadi. Buning uchun sho‘xroq qo‘shiqlar kuylashim kerak. Hozircha sho‘x qo‘shiq kuylolmayapman. Shu oy 2 ta yangi qo‘shig‘imni taqdim etaman, bittasi tug‘ilgan kunim uchun atalgan o‘zim haqimdagi qo‘shiq. 23 yoshga to‘lganim sababli “XXIII” nomli qo‘shiq aytdim, deydi Yunka.

Bundan tashqari Yunka O‘zbekiston birinchi prezidentining nabirasi, instabloger Maryam Tillayeva bilan ham duet kuyladi. Uning ilk “Dardim” nomli qo‘shig‘i klip ishlanmagan bo‘lsa-da, YouTube’da 15 million martadan ortiq tomosha qilingan.

Yunettaning sevgan insoni bormi?

— Hozir hech kim munosabatda emasman, sevgan insonim, yigitim yo‘q. Sevgan insonim endi o‘zimman. Bor e’tiborimni o‘zimga qaratyapman, chunki insondan nima talab qilsang, avvalo o‘zing shunday bo‘lishing kerak ekan. Mas’uliyatli, mehribon bo‘lishi, talablarimga javob berishi uchun men ham shunday bo‘lib olishim lozim. Talablarimga yarasha o‘zim ham yaxshilanib boryapman, dedi instabloger.

Jurnalistning “Chin dildan ayting, kechirmagan odamingiz qoldimi” degan savoliga, Yunetta o‘ylanib, quyidagicha javob berdi:

— Bu kechirishga kirmaydi, ammo hech kimdan xafaligim qolmagan. Lekin baribir qalbimda izi qolgan.

Hozir Yunetta o‘zining bir yil avvalgi holatiga qarata nima degan bo‘lardi?

— “Sen to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapsan, hozir hissiyotlarining juda muhim, bu tuyg‘ular seni kuchli qiladi. Hech qaysi ishingdan uyalma, barchasi Xudodan kelgan. To‘g‘ri bo‘lgan. Uyalma. Uy, mashina kabilar darrov bo‘lmaydi, ammo hurmating boshqalarni oldida ko‘tariladi. Necha oy xohlasang, shuncha yig‘lab ol. Ammo keyin hayotingda paydo bo‘lgan insonlardan o‘zing shokka tushasan”, degan bo‘lar edim.

image

Shu kunga qadar o‘zimni chalg‘itish uchun ko‘p narsa qildim. Xonandalik, blogerlar bilan dunyo bo‘ylab sayohatlar, festivallarda qo‘shiq kuylash. Mening moliyaviy savodxonligim 0 darajada, shuning uchun shaxsiy uyim ham, mashinam ham yo‘q, lekin sotib ololar edim. Shuning o‘rniga bitta BMW’ning pulini boshqa narsalarga sarfladim, deydi u.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.