Jahon

Ozarbayjonda “Buxoro karvonsaroyi” qayta ochildi: tarix va zamonaviylik uyg‘unligi

pic
Foto: “Dunyo” AA

Loading

Ozarbayjon poytaxti Bokuda keng ko‘lamli restavratsiyadan o‘tgan “Buxoro karvonsaroyi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan XV asrga oid ushbu tarixiy yodgorlik Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev topshirig‘i asosida 3,5 yil davomida kapital ta’mirlandi. Restavratsiya ishlari Avstriyaning “Atelier Erich Pummer GmbH” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.

Tadbirda yuqori martabali mehmonlar, jumladan, prezident yordamchisi va Haydar Aliyev fondi ijrochi direktori Anar Alekperov, madaniyat vaziri o‘rinbosari Saodat Yusufova, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov hamda “Icherishahar” qo‘riqxonasi rahbari Rufat Mahmud ishtirok etdi.

pic 03

So‘zga chiqqanlar ushbu loyiha tarixiy merosni asrash va uni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, “Buxoro karvonsaroyi” O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalar ramzi ekani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, qadimda bu maskan Movarounnahrdan kelgan savdogarlar va sayyohlar uchun savdo va madaniy markaz vazifasini bajargan. U yerda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlangan.

Yangilangan majmua endilikda zamonaviy hunarmandchilik markazi sifatida faoliyat yuritadi. Karvonsaroyda 18 ta xona mavjud bo‘lib, har birida turli yo‘nalishdagi ustalar ijod bilan shug‘ullanadi.

pic 02

Bu yerda to‘quvchilik, haykaltaroshlik, ko‘nchilik, rassomlik, gilamdo‘zlik, miniatyura, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi.

Mazkur maskan nafaqat sayyohlar, balki san’at ixlosmandlari uchun ham o‘ziga xos ijodiy makonga aylanib, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq amaliy san’ati an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.