Mashhurlar
“Kinoda pul zo‘r bo‘lganida to‘yga chiqmasdim”. Dilnoza Kubayeva gonorari, qo‘shiqlari va xorijiy tilni o‘rganayotgani haqida
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Kubayeva doim o‘z qadriyatlariga sodiq qoladigan ayol. Xalq orasida u haqda eng qimmat gonorar oladigan aktrisa ekani haqida mish-mishlar tarqalgan. Dilnoza Kubayeva mualliflik huquqi, bir film uchun 300 ming so‘m haq olgani hamda hozirgi kunda nimalar bilan bandligi haqida so‘zlab berdi. Daryo maqolasida shular haqida so‘z boradi.
Dilnoza Kubayeva bugun nima uchun ijtimoiy tarmoqlarda faol emas?

— Kamnamo bo‘lish qalbimning amri, men unga quloq solaman. Ba’zan Instagram’dagi 300 mingdan ziyod oilamning e’tibor markazida bo‘lgim kelsa, ba’zan esa butunlay yo‘q bo‘lib qolaman. Odamlarning esidan chiqmay deb ko‘rinish beraverishni xohlamayman. Nimadir aytadigan gapim, ijodiy namunamni ulashgim kelsa, qo‘yib boraman. Intervyularga keladigan bo‘lsak, boshida ko‘p intervyularga boraverib bitta gapni qaytaraverganman. Bitta inson bilan suhbat necha xil ham bo‘lardi? Hatto o‘zimga o‘zimning qizig‘im qolmaganday tuyildi. Shundan so‘ng ozroq jahlim ham chiqdi, ko‘nglim yopilishni xohladi, deydi u.
Dilnoza Kubayeva uchun mualliflik huquqi shunchaki rasmiyatchilikmi?

— Jiddiy mavzu deb qarayman bunga. Axir ota-onalarimiz birovning omonatiga xiyonat qilma, deb o‘rgatishmadimi? Olgan taqdiringda ham egasidan so‘rab olgin, deb o‘rgatishgan. Ijodimga kelsak, Mahmud Toirga qo‘ng‘iroq qildim. “Tohir aka, qo‘shiq tayyor bo‘lishiga yaqin telefon qilyapman. Yulduz Usmonova kuylagan she’rni qaytadan qo‘shiq qilib qo‘ygan ekanmiz rahmatli Sultonali Rahmatov aka bilan” dedim. Ular sizga ruxsat beraman, qizim. Yulduzxon ham juda chiroyli kuylaganlar, dedilar. Shunda ko‘nglim taskin topdi. Keyingi safar bu xatoni takrorlamaslik uchun avvaldan Usmon Azimni oldilariga borib ruxsatlarini va duolarini olib ishga kirishdim. Undan keyin ham bir qancha shoirlarimiz bilan xizmat haqi masalalarini hal qilib olganimdan so‘ng birga ishladik. Birovni haqi masalasiga juda jiddiy qarayman. Rozi-rizolik bilan bo‘lgan ishda baraka-unum bo‘ladi, deydi aktrisa.
Ssenariy tanlashda nimalarga e’tibor berasiz, qahramonga qanday mezonlaringiz bor?

— Ssenariy tanlashda juda injiq, talabchanman. Ustozlarimning, ishlagan rejissyorlarimning aytgan gaplari qulog‘im ostidan ketmay jaranglab turaveradi. Bizga boshlanish, avj pallasi va yechimi bo‘ladi, deb o‘rgatishgan. Rol ham xuddi shunday yozilgan bo‘lishi kerak men uchun. Qahramon kim, avj nuqtasiga yetib boradimi, xulosasi, yechimi bormi, shu kabi qonun-qoidalariga e’tibor beraman. Ustasiga farqi yo‘q, deb chiqib ketaversak, shunchaki sonda bor-u, sifatda yo‘q bo‘lib qolamiz. Qadriyatlarim, sifat tarafdoriman. Kam ko‘rin, arzigulik ko‘rin, deydi u.
“Eng qimmat aktrisa bo‘lganimda to‘yma-to‘y yurarmidim?”

— Eng qimmat gonorar oladigan aktrisa, suxandon ekanligim haqida gaplar yuradi. Gonorar masalasiga ham ozgina to‘xtalaylik. Davlat buyurtmasi asosidagi filmlarda baholi qudrat to‘lashadi. Lekin men bilan shunday xunuk holat ham yuz berdi. Bir filmda 300 ming so‘mdan ziyodroq pul oldim. Qadrimga achinsam ham bu holatni ancha vaqtgacha berkitib kelayotgandim. Bir kun Telegram’da jonli efirda suhbat jarayonida shu haqda bir opa qayta-qayta so‘rayverganlaridan keyin beixtiyor aytib yuboribman. Bu gap keng tarqaldi. Meni quvontirgani, adliyachilarimiz bo‘ldi. Bu masala uchun kurashish xususida Adliya vazirligidan akamga qo‘ng‘iroq qilishibdi. Biz ijodkorlar uchun ham kurashadiganlar borligidan xursand bo‘ldim. Xalqimizda san’atkorlar juda katta moyana oladi, degan fikr bor. Agar rostdan ham shunday bo‘lganda to‘y xizmatlariga chiqmasdik, deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Kubayeva.
“Instagram’da soxta Dilnozalar ko‘payib ketdi”

— Instagram’da soxta Dilnozalar paydo bo‘lib “pul ishlash” darajasigacha yetib kelishdi. Ya’ni qaysidir tadbirlar uchun oldindan to‘lov summalarni olishgan. Ana shu paytda bu masalaga qattiq kirishdim. Ishni avvalo ogohlantirishdan boshladim. Shundan keyin murojaat qildim, kelinglar shu shu foydalanuvchiga taqiqlash (bloklash) tugmasini bosinglar, deb. Men avval ogohlantirish tarafdoriman. Ochiqchasiga hurmatsizlik bo‘lgan taqdirda, albatta, qonunga murojaat qilgan yaxshi, deydi u.
“Turk tilini o‘rganyapman”

— Avvalgilar “Beshikdan to qabrgacha ilm izla”, deyishgan. Men ham shunga amal qilgan holda izlanuvchan yoshlarga qo‘shilib, milliy sertifikat olish uchun turk tilini o‘rganmoqdaman. Magistraturaga o‘qishga kirish niyatim ham bor. Menimcha hech qaysi davlatda milliy sertifikating bo‘lsa, bakalavr diplomingiz bo‘lsa, davlat hisobidan qiz-ayollarning magistratura bosqichida ta’lim olish imkoniyati bo‘lmasa kerak. Men shu imtiyozdan foydalanish maqsadida yangi til o‘rganishni boshlaganman, deydi aktrisa.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


