O‘zbekiston

Firibgarlar nomingizga kredit oldimi? Endi sizdan pul undirilmaydi

pic
Foto: Freepic.com

Loading

Firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kreditlar bo‘yicha to‘lovlar undirilmaydi

O‘zbekistonda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar bo‘yicha muhim yangilik joriy etilmoqda. Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvining qaroriga ko‘ra, 22-apreldan boshlab bunday holatlarda fuqarolardan kredit summasi, foizlar, neustoyka va jarimalarni undirish to‘xtatiladi.

Mazkur qaror onlayn kreditlash jarayonida axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan firibgarlik (frod) holatlarining oldini olish hamda jabrlangan fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan.

Firibgarlik qurboni bo‘lganlar nima qilishi kerak?

Agar fuqaro nomiga masofadan turib onlayn kredit rasmiylashtirilgan bo‘lsa, u ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Ushbu murojaat asosida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari olib boriladi.

Agar tekshiruv natijasida kredit firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirilgani aniqlansa, fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof etiladi. Bu haqdagi tegishli qaror kredit tashkilotiga yuboriladi. Shundan so‘ng kredit tashkiloti mazkur kredit va unga bog‘liq barcha to‘lovlarni hisoblash hamda undirishni to‘xtatadi.

Undirilgan mablag‘lar qanday qaytariladi?

Agar firibgarlik natijasida fuqaroning hisobidan mablag‘lar yechib olingan bo‘lsa, ular sud qarori asosida qaytariladi. Qaytarish muddati sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab 15 kun etib belgilangan.

Zarar kimdan undiriladi?

Kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni firibgardan regress tartibida undirish choralarini ko‘radi. U tergov va sud jarayonlarida fuqaroviy da’vogar sifatida ishtirok etadi va aybdor shaxs aniqlanganda zararni undirish bo‘yicha talab kiritadi.

Agar firibgarlik tasdiqlanmasa

Agar tergov yoki sud qarori bilan firibgarlik holati tasdiqlanmasa, kredit tashkiloti kredit bo‘yicha to‘lovlarni hisoblash va undirishni davom ettiradi. Shuningdek, kredit tashkiloti qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Xavfsizlik choralar kuchaytiriladi

Yangi talablar asosida kredit va to‘lov tashkilotlari o‘z mobil ilovalarida “Firibgarlik haqida xabar berish” bo‘limini joriy etishi shart. Ushbu bo‘lim orqali foydalanuvchilar firibgarlik holati haqida tezkor xabar berishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tizimlarda antifrod mexanizmlari kuchaytiriladi. Shubhali holatlar aniqlanganda foydalanuvchilarga SMS va PUSH xabarnomalar yuboriladi hamda operatsiyalar vaqtincha to‘xtatilib, qo‘shimcha tasdiqlash talab etiladi.

Bundan tashqari, mobil ilovalar orqali bank kartalarining SMS-xabarnoma xizmatini yoqish yoki o‘chirish taqiqlanadi.

Oldini olish imkoniyati

Fuqarolar firibgarlikdan himoyalanish uchun “kreditga taqiq” xizmatidan foydalanishi mumkin. Ushbu xizmat orqali shaxs nomiga kredit rasmiylashtirishni to‘liq cheklash mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda qariyb 440 ming fuqaro ushbu xizmatni faollashtirgan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.