O‘zbekiston

Hayvonlar bilan shavqatsiz munosabatda bo‘lganlar 1 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi

pic
Foto: Vetandlife.ru

Loading

O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi deputatlari tomonidan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda partiya axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, loyiha ko‘plab xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi asosida tayyorlanib, unda nafaqat jazoni kuchaytirish, balki muammoning ildiziga ta’sir ko‘rsatadigan kompleks choralar ham nazarda tutilgan.

So‘nggi yillarda jamiyatda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat kamayganiga qaramay, bu kabi holatlar hanuz uchrab turibdi. Eng achinarlisi, ayrim holatlarda bunday xatti-harakatlar hech qanday sababga ega bo‘lmay, shunchaki ko‘ngilxushlik uchun sodir etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 25-mart kuni qabul qilingan qonunga muvofiq, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

Shu bilan birga, mutaxassislar mavjud choralar yetarli emasligini ta’kidlab, ushbu masalada tizimli va kompleks yondashuv zarurligini qayd etmoqda.

Yangi qonun loyihasida bir qator muhim yo‘nalishlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat hisoblanadigan harakatlar aniq belgilab qo‘yiladi va ular qat’iy taqiqlanadi. Shuningdek, bunday huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, jarimalarni bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha oshirish yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, aybdor shaxslar hayvonlarga yetkazilgan zarar uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi, ya’ni veterinariya xarajatlarini to‘liq qoplash majburiyati ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihada hayvonlar uchun qulay ijtimoiy muhit yaratish ham alohida o‘rin tutgan. Xususan, ko‘zi ojizlar uchun xizmat qiluvchi itlar hamda emotsional ko‘makchi hayvonlarni jamoat transportida olib yurish bo‘yicha imtiyozlar qonuniy mustahkamlash taklif etilmoqda.

Shuningdek, hayvon egalari uchun ularni qarovsiz qoldirmaslik, veterinar xizmatlaridan foydalanish va mas’uliyat bilan parvarish qilish kabi majburiyatlarni belgilash, tashlab ketish holatlariga barham berish ham muhim vazifalar qatoriga kiritilgan.

Ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari orqali hayvonlarga mehr va g‘amxo‘rlik madaniyatini shakllantirish, shafqatsizlikni targ‘ib qilishga qarshi kurashish ham qonun loyihasining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalarni info@ecouz.uz elektron manzili orqali yuborish mumkin.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.