Buxoro yangiliklari
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoroga amaliy tashrif bilan keldi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.






Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi.



Milliy kuy-qoʻshiq va raqslardan iborat tantanali kutib olish marosimi boʻldi. Ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida davlat madhiyalari yangradi.


Bugun yetakchilar ikki tomonlama muzokara o‘tkazadilar. Shuningdek, Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish hamda boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.


Bugun o‘tkaziladigan tashrif doirasida Buxoro shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.


Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.


Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.


O‘zbek va qozoq xalqlarining dini, ma’naviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozog‘istonda ham e’zozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.


Ansambl asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, so‘fiylik tarixiga bag‘ishlangan muzey o‘rin olgan.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mang‘itlar sulolasiga mansub bo‘lgan Buxoro otalig‘i Doniyolbiy qurdirgan madrasa ta’mirlanmoqda.

Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.

Shundan so‘ng Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston – Qozogʻiston doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentini yangi Konstitutsiya boʻyicha referendum muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.
Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oʻtgan yil noyabr oyida Qozogʻiston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi.

Tovar ayirboshlash barqaror oʻsib, oʻtgan yili 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Transport va logistika sohasida oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, toʻsiqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni taʼminlaydigan samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qatʼiyligini bildirdilar.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini oʻtkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.

Siyosiy muloqotning mantiqiy davomi sifatida ikki davlat yetakchilari Buxoro viloyati hokimligining Situatsion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur zamonaviy markaz ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini raqamlashtirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilishni tezlashtirish va aholi muammolariga tezkor yechim topish maqsadida tashkil etilgan.



Prezidentlarga markazning viloyat hududlarida kompleks monitoring olib borish, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi kamchiliklarni barvaqt aniqlash va ish samaradorligini xolis baholash imkoniyatlari amaliy misollar bilan namoyish etildi. Ushbu tizim davlat va xalq o‘rtasidagi muloqotni yangi sifat darajasiga olib chiqish bilan bir qatorda, hududiy boshqaruvda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.



Qozog‘iston Prezidentining ushbu texnologik tajriba bilan tanishuvi ikki davlat o‘rtasida “elektron hukumat” va hududiy boshqaruvni raqamlashtirish yo‘nalishidagi tajriba almashinuvi uchun ham muhim poydevor bo‘ldi.

Buxoroda o‘tgan norasmiy uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoev Qosim-Jo‘mart To‘qaevga bir qator arxiv materiallarini topshirdi.

Xususan, Qozog‘iston tomoniga O‘zbekistonda topilgan, Turkistondagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy va Robiya Sulton Begim maqbaralariga oid 1920–1950-yillarga tegishli qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallarning nusxalari taqdim etildi.

Ushbu materiallarning aksariyati shu vaqtgacha ilmiy muomalaga kiritilmagan bo‘lib, ular katta madaniy va tarixiy ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining “Universal” sport majmuasida o‘tkazilayotgan “National AI Hackathon” – sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.

Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.
Yetakchilarga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, “Raqamli hukumat” tizimi, transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yechimlarni o‘z ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.

Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.

Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, “UZUM”, “TBC Bank”, “Aloqabank”, “HUMO”, “UZCARD” faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar tinglandi.
Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy to‘lov yechimlarining rivojiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlariga xakaton o‘tkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy jihatdan qo‘llashga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori baholandi.
Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxorodagi qo‘shma dastur doirasida mamlakatimizdagi yetakchi to‘qimachilik korxonalaridan birining faoliyati bilan tanishdilar.

Davlat rahbarlari Buxoro shahrida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishning to‘liq zanjirini yo‘lga qo‘ygan “Nigora” kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlariga tashrif buyurdilar.

Ushbu loyihaning qiymati 35 million dollarni tashkil etib, 2024-yil avgust oyida muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Bu yerda 840 nafar xodim ish bilan ta’minlangan, ularning aksariyatini ayollar tashkil etadi.

Yaponiya, Italiya, Belgiya va Germaniyadan keltirilgan yuqori texnologik uskunalar xalqaro bozorlarda dadil raqobatlashish hamda har yili 20 million pogon metr tayyor mato va 1 million dona to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradi.


Prezidentlarga tayyor kiyim-kechak va matolar namunalari namoyish etildi. “Shoyigul” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda.

Davlat rahbarlari kompaniyaning yillik eksportni 10 million dollarga olib chiqish, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda kelgusida sintetik tola va aralash matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalarini yuksak baholadilar.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda qadimiy Buxoroning dunyoga mashhur yodgorliklari – Ark qoʻrgʻoni, Poyi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ziyorat qildi.

Oliy martabali mehmonga ushbu noyob yodgorliklarning tarixi, meʼmorchiligi hamda Sharq ilm-fani, madaniyati va shaharsozligi taraqqiyotida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berildi.


Tashrifning birinchi manzili – koʻp asrlar davomida Buxoroning siyosiy va maʼmuriy markazi boʻlib xizmat qilgan Ark qalʼasi boʻldi. Arxeologik va tarixiy maʼlumotlarga koʻra, qalʼa uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan va yaqin tarixdagi davrdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi boʻlgan. Bugungi kunda Ark UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazining asosiy ramzlaridan biri va muhim qismi hisoblanadi.

Shundan soʻng yetakchilar Markaziy Osiyoning eng ulugʻvor meʼmoriy majmualaridan biri Poyi Kalon ansambliga tashrif buyurdilar. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Minorai Kalon majmuaning eng diqqatga sazovor obidasi boʻlib, u asrlar davomida nafaqat Buxoro meʼmorchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qogʻozi” boʻlib xizmat qilgan.

Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda Shayboniylar davridagi Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.

Qadimiy hovuz atrofida qurilgan Labi Hovuz majmuasi oliy martabali mehmonda katta taassurot uygʻotdi. Majmua tarkibiga Koʻkaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi. Bu joy asrlar davomida mahalliy aholi, sayohatchilar va olimlarni oʻziga jalb qiluvchi maskan boʻlib kelgan hamda oʻrta asrlardagi Buxoroning oʻziga xos muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.

Shuningdek, tashrif davomida xalq hunarmandchiligi va anʼanaviy bezak sanʼati namunalari, meʼmoriy obidalardagi naqshlarning oʻziga xosligi namoyish etildi.

Oliy martabali mehmonga Buxoroning Buyuk ipak yoʻlidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, taʼlim va savdo markazlaridan biri sifatidagi koʻp asrlik tarixi haqida soʻzlab berildi.



Taʼkidlash joizki, Buxoro butun mintaqa uchun muhim maʼnaviy-maʼrifiy makon ham edi. Bu yerda oʻz vaqtida qozoq ziyolilari va maʼrifatparvarlarining koʻplab taniqli namoyandalari tahsil olgan, bu esa xalqlarimiz umumiy tarixiy-madaniy merosining alohida sahifasini tashkil etadi. Xususan, qozoq adabiyoti, maʼnaviyati va ijtimoiy tafakkuri rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan Mashhur Jusup Koʻpeyev, Nurjon Naushabayev, Shortanbay Qanay oʻgʻli, Sultonmahmut Toʻraygʻirov va boshqalarning nomlari Buxoro madrasalari bilan bogʻliq.



Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Oʻzbekistonga amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi.

Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.

Shu bilan davlatimiz rahbari Buxoroga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


