Mashhurlar
“Yolg‘on asirasi” seriali bosh qahhamoni Gabriela Spanik haqida qiziqarli ma’lumotlar
Oʻzbek tomoshabinlariga “Yolgʻon asirasi” serialidagi egizak opa-singillar roli bilan yaxshi tanish boʻlgan aktrisa Gabriela Spanik haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni Daryo havola qilmoqda.
Qanday oilada tugʻilgan?

Gabriela Spanik 1973-yil 10-dekabr kuni Venesuelada tugʻilgan. Onasi ingliz, otasi esa xorvat millatiga mansub. Gabrielaning otasi ota-onasi bilan birga 1947-yilda Xorvatiyadan Venesuelaga koʻchib kelgan.
Aktrisaning egizak singlisi Daniyela Spanik uzoq yillar model boʻlib ishlagan. Shuningdek, uning Patrisiya ismli singlisi hamda Antonio va Adiel ismli ikki akasi ham bor.
Goʻzallik — muvaffaqiyat degani

Gabriela bolaligida balerina boʻlishni orzu qilgan. Ammo vaqt oʻtib, u kino sanʼatiga qiziqib qoladi. Dastlab ota-onasi qizining bu tanlovini maʼqullamagan boʻlsa-da, Gabrielaning qatʼiyati va mehnatkashligini koʻrib, uni bu yoʻldan qaytarolmasliklarini anglab yetishdi.
U avvaliga telenovellalarda kichik, deyarli soʻzsiz rollarni ijro etadi. Gabriela tushundiki, muvaffaqiyatga erishish uchun tashqi koʻrinish va goʻzallik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli u qatʼiy diyeta qilib, qisqa vaqt ichida 25 kilogramm vazn tashladi. Bugungi kunda uning boʻyi 174 sm, vazni esa 57 kilogrammni tashkil etadi.
Goʻzallik tanlovidan yulduzlikkacha

1992-yilda Gabriela “Miss Venesuela” tanlovida Guariko shtati nomidan qatnashib, Miss Venezuela International unvoniga sazovor boʻldi. Bu gʻalaba uning hayotini butunlay oʻzgartirdi. 1993-yildan boshlab u professional fotomodel sifatida faoliyat yurita boshladi.
Shuningdek, u bir yil davomida psixologiya fanini oʻrgandi, shuningdek, Nelson Ortega rahbarligidagi Luz Columba teatr sanʼati markazida aktyorlik boʻyicha taʼlim oldi. Keyinchalik u professional aktyorlar tayyorlash markazlarida ham tahsil olib, fotomodellik boʻyicha maxsus kurslarni ham muvaffaqiyatli yakunladi.
Seriallar orqali tanilish

1991-yilda Gabriela “Rosangelika” telenovellasida Karla ismli kichik rol bilan ilk bor ekranlarda koʻrindi. Keyinchalik u “Shafqatsiz dunyo” va “Yaralangan boʻri ayol” seriallarida ishtirok etdi. 1993-yilda esa “Morena Klara” telenovellasidagi ayyor Linda Prado obrazi uning aktyorlik salohiyatini toʻliq ochib berdi.

Bu rol unga 1994-yilda suratga olingan “Mariya Seleste” serialiga yoʻl ochdi. Ammo Gabrielaning ilk bosh roli “Faqat sen” telenovellasida boʻldi. Bu serialda u aktyor Migel de Leon bilan birga rol ijro etdi.
Dastlab Gabriela Migelni yoqtirmagan, uni “qoʻgʻirchoqqa oʻxshaydi” deb hisoblagan. Ammo vaqt oʻtishi bilan ular orasida his-tuygʻular paydo boʻlib, serial oxiriga kelib, haqiqiy hayotda ham juftlikka aylanishdi. Bu munosabat sabab ular avvalgi sevgilari bilan aloqani uzishga majbur boʻlishdi: Gabriela unashtirilgan, Migel esa uylangan edi.
“Faqat sen” Venesuelaning eng mashhur seriallaridan biriga aylandi va 80 dan ortiq davlatga sotildi.
Nikoh va Meksikadagi yulduzlik

1997-yil 22-oktyabrda Gabriela Spanik va Migel de Leon turmush qurdi. Ularning toʻyi Lotin Amerikasining deyarli barcha davlatlarida jonli efirda namoyish etildi. Asal oyiga chiqish oʻrniga, yosh oila Meksikaga ish bilan yoʻl oldi.
Aynan shu davrda mashhur ssenariynavis Karlos Romero Gabrielani “Yolgʻon asirasi” serialiga taklif qildi. Avvaliga loyiha uchun meksikalik megayulduz, xonanda Taliya koʻrib chiqilgan, biroq Romero “Gabriela Spanik, yoki hech kim!” deb qatʼiy fikr bildirdi.
Bu qaror oʻzini toʻliq oqladi. Gabriela serialda birdaniga ikki qarama-qarshi obraz — yovuz Paola Bracho va mehribon Paulina Martinez rollarini ijro etdi. Migel de Leon esa millioner Duglas Maldonado rolini oʻynadi.
“Yolgʻon asirasi” jahon boʻylab rekord reytinglarni qayd etdi, 120 mamlakatga sotildi va 25 tilga tarjima qilindi. Ushbu muvaffaqiyat Gabrielani dunyo miqyosidagi yulduzga aylantirdi.
Omadsiz nikoh va xiyonat

2003-yil may oyida Gabriela va Migel de Leon rasman ajrashganini eʼlon qilishdi. Ularning aytishicha, ajralish tinch va doʻstona ruhda kechgan. Biroq biroz vaqt oʻtgach, Gabriela va Xose Anxel Llamas real hayotda ham munosabat boshlaganini tan olishdi. Ammo bu sevgi ham uzoqqa choʻzilmadi — munosabatlar bir necha oy oʻtib yakunlandi.
Ayrim manbalarda uning Migel de Leon bilan nikohi aynan aktrisaning sahnadagi hamkasblari bilan munosabatlari sabab buzilgani aytiladi. Xususan, “Yolgʻon asirasi” suratga olinayotgan paytda u aktyor Fernando Kolunga bilan haddan ortiq yaqin boʻlgani haqida mish-mishlar tarqalgan.
“Ikki qiyofa” atrofidagi gumonlar

Gabriela Spanik faoliyati davomida koʻpincha ezgulik va yovuzlikni bir obrazda mujassam etgan rollarni ijro etgani bilan tanildi. “Yolgʻon asirasi”, “Zolim ayol”, “Qasos” kabi seriallar tomoshabinlarga uning “ikki qiyofali” aktyorlik mahoratini namoyish etdi.
Ammo vaqt oʻtib, tomoshabinlar va OAV aktrisaning real hayotida ham shunga oʻxshash qarama-qarshi holatlar borligini taʼkidlashdi. U bir necha bor janjallar markazida qoldi: ayrim hollarda jabrlanuvchi sifatida koʻrilgan boʻlsa, boshqa vaziyatlarda yolgʻonchilikda ayblandi.

2008-yilda Gabriela egizak singlisi Daniyela bilan barcha aloqalarni uzganini maʼlum qildi. Aktrisaning soʻzlariga koʻra, Daniyela sogʻligʻi bilan bogʻliq jiddiy muammolardan soʻng oʻzgargan va eri Ademar Naum taʼsiri ostida qolgan.
Biroq Daniyela koʻz yoshlar bilan bu ayblovlarni rad etdi. Uning aytishicha, ogʻir damlarda unga yagona tayanch boʻlgan inson — eri bo‘lgan. Opa-singillar oʻrtasidagi bu ziddiyat hozirga qadar hal etilmagan.
Oʻzini zaharlashmi yoki fitna?
2010-yil avgust oyining oxirlarida Gabriela Spanik hayotidagi eng dahshatli mojaro yuz berdi. Aktrisaning oʻzi, uning oʻgʻli, onasi va enagasi zaharlangani haqida rasmiy bayonot berildi. Aytilishicha, ularning ovqatiga toʻrt hafta davomida ammoniy sulfidi qoʻshib kelingan.

Asosiy gumondor sifatida argentinalik yordamchi ayol — Marsiya Seleste Fernandes Babbio hibsga olindi. Unga nisbatan toʻrt marotaba qotillikka urinish aybi qoʻyildi. Gabriela esa zaharlanish oqibatida shifoxonaga yotqizildi.
Biroq keyinchalik tibbiy tekshiruvlarda aktrisa organizmida zaharlanish moddalari izini topilmadi. Oradan koʻp oʻtmay, ayblanuvchi ayolning qarindoshlari bayonot berib, bu voqea aktrisa tomonidan uyushtirilgan fitna ekanini daʼvo qilishdi.
Bu mojaro ham ochiq yakun topmadi, ammo Gabriela Spanik obroʻsiga jiddiy putur yetkazdi.
Plastik jarrohlik haqidagi mish-mishlar

Yoshligida ortiqcha vazndan aziyat chekkan Gabriela Spanik 1992-yilgi “Miss Venesuela” tanlovidan soʻng tanasini keskin oʻzgartirgani bilan ham eʼtiborni tortgan. U Meksikaga allaqachon nozik bel, uzun oyoqlar va jozibali qomat bilan kelgandi.
Ammo yillar oʻtib, aktrisaning tashqi koʻrinishidagi yana bir oʻzgarish — katta va eʼtiborni tortuvchi glyuteoplastika shakli muxlislar orasida shubha uygʻotdi. Koʻpchilik bu holatni plastik jarrohlik bilan bogʻlay boshladi.
Gabriela esa “Menda doim shunday boʻlgan. Men juda koʻp mashq qilaman, koʻp oʻtirib-turaman. Agar odamlar shunga ishonsa va bundan xursand boʻlsa — menga farqi yoʻq”, deb qatʼiyan rad etgan.
Aktrisa 2008-yili ona boʻlgan, uning Gabriel de Jesus ismli oʻgʻil farzandi bor.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


