Mashhurlar

Talabalik vaqtlarimda ofitsiant bo‘lib ishlardim – Bahrom Nazarov

pic
Foto: Instagram / bahromnazarovofficial

Loading

Taniqli xonanda Bahrom Nazarov YouTube’dagi “Chotki TV” dasturi mehmoni bo‘lib, unda ustozi Ozodbek Nazarbekov bilan qanday tanishgani, restoranda ofitsiant bo‘lib ishlagani haqida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Menda faqat ijro qobiliyati bor edi, xolos”

Xonanda Bahrom Nazarov talabalik yillari, san’atga qadam qo‘yishi haqida eslar ekan, dastlab unda musiqa bo‘yicha faqat ijro qobiliyati bor bo‘lganini, keyinchalik notalarni o‘qib-o‘zlashtirganini aytadi.

— Yoshligimdan san’atga qiziqishim baland bo‘lgan. Oilada otam san’atkor bo‘lgan. Bu menga ham o‘tgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, musiqa yo‘nalishida emas, temiryo‘l mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olganman. Qo‘shiqchilikka kirib kelishdan oldin ustozim Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqlarini eshitib, xirgoyi qilib yurardim. Asosiy shug‘ullanish Ozodbek aka bilan tanishib, ularga shogird bo‘lganimdan keyin boshlangan. Shu tarzda bu yerda san’atkor bo‘lib shakllandim. Ungacha faqatgina ijro bor edi menda, notalarni ham bilmas edim. Ozodbek Nazarbekovning yonida yurib, qo‘ldan kelgancha ancha narsalarni o‘rgandim.

“Ustoz bilan tanishuv shunday bo‘lgan edi”

— Talabalik vaqtlarimda uydagilarga og‘irligim tushmasligi uchun ham o‘qib, ham bir restoranda ofitsiant bo‘lib ishlardim. Men ishlaydigan restoranga yaqin bino — tibbiyot kollejida Ozodbek akaning prodyuseri Ilyos akaning singlisi o‘qir edi. Tushlik mahali tez-tez restoranga ovqatlangani kelib turishar edi. Bir kuni shu qiz — Nodira tug‘ilgan kunini restoranimizda o‘tkazdi. Ilyos aka ham tug‘ilgan kunga keldi. Ularga men xizmat qildim. Ishlarni qilib yurish barobarida televizorda Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqlarini qo‘yib qo‘ydim. Qo‘shiq so‘zlarini aytib yurganimda Ilyos aka mendan san’atga qiziqasizmi, deb so‘rab qoldi. 

O‘shanda Ilyos aka bilan ozroq suhbatlashdik, Ozodbek akaning raqamini olib, menga aytilgan manzilni topib bordim. Ustozning o‘zlari kutib oldi. Temiryo‘lda o‘qir ekansan, qanday bo‘lar ekan xonandalik, degandi. So‘ng shu vaqtlar o‘zim ko‘p eshitib yuradigan bir qo‘shiqdan parchani aytib berdim. Eshitib, o‘ylanib qolgan. Aytib bo‘lganimdan so‘ng ovozing yaxshi ekan, dedi. Shundan keyin meni shogirdlikka olgandi. Biroz vaqt mobaynida o‘qib-o‘rganib yurdim. Bir kuni oldiga chaqirib bir yo‘lni, ya’ni yo xonandalikni, yoki temiryo‘l sohasini tanlashim kerakligini aytdi. Chunki u paytda ham ofitsantlik qilardim, bir tomonda o‘qish, boshqa tomonda san’at — hammasini eplash qiyin edi. Yo shu yerda qolib o‘rgan, o‘zim senga yordam beraman, yoki narigi ishlaringga e’tibor qarat, deganidan so‘ng shu bilan ofisda qolib ketdim va ijodga sho‘ng‘idim, deydi xonanda.

“Onaming vafotlariga 27 yil bo‘ldi”

— Onam ancha yillar avval saraton kasali bilan og‘rib, olamdan o‘tgan. U paytda 14 yoshda edim. Hamma san’atkor konsertlarida birinchi qatorda onasining o‘tirishini, sahnaga chiqishidan oldin yoki keyin onasidan duo olishni, unga gul berishni istaydi. Bir so‘z bilan aytganda, erishgan yutuqlarimni onam ko‘rsin, deydi. Shu narsa menga armon bo‘ldi. Taqdir ekan, umri qisqa bo‘ldi. Har viloyatga borganimda ularning qabrlarini ziyorat qilaman.

Shukurki, otam hayot. Yoshlari 70 ga qarab ketyapti. Ularning duosini olib qolishga harakat qilaman. Uch kishining dousi to‘siqsiz qabul bo‘ladi, deyilgan bo‘lsa, shulardan birinchisi ota-onaning farzandiga qilgan duosi bo‘larkan. Otam Andijonda yashaydilar va haligacha ishlaydilar. O‘zim ham ularning ishlashi tarafdoriman. Chunki uyda o‘tirib qolsa, kasal bo‘lib qolishi mumkin. Har Andijonga to‘yga borganimda ularni ko‘rib, suhbatlashishga harakat qilaman, deydi u.

“Qo‘shig‘imni boshqalar aytsa, xursand bo‘laman”

“Nima sababdan ba’zi san’atkorlar qo‘shiqlarini boshqalar ijro etishini xohlamaydi yoki sudga berishadi? Siz bu masalaga qanday qaraysiz?”, deb berilgan savolga xonanda quyidagicha javob berdi.

— Qo‘shiqlarimni boshqalar aytishidan xursand bo‘laman. Bu yaxshi-ku. Chunki 50-60 yillik ijodda, umrda sizdan qo‘shiqlaringiz qoladi. Ertaga olamdan o‘tganingizdan keyin ham qo‘shiqlaringiz og‘izdan og‘izga o‘tishini yaxshi deb bilaman. O‘tmishda ijod qilgan ustozlar Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozovlarning qo‘shig‘i bizgacha qanday yetib keldi? Shubhasiz, boshqalar aytib, kuylab kelgani uchun yetib kelgan, deydi xonanda.https://www.youtube.com/embed/ZneZaArmQww

Ma’lumot uchun, Bahrom Nazarov 20 yoshida O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning shogirdi bo‘lgan. U ilk marta katta sahnada  ustozi konsertida “Isming nima, andijonlik qiz?” qo‘shig‘in ijro etdi. Shundan so‘ng 2007-yilda “Bulbul” qo‘shig‘ini chiqardi.  U ustozi ijrosidagi “Rayhon, senga uylanaman”, “Layli sendan xafa ana” kabi hit taronalarining muallifi. 2014-yilda yaratilgan “Ayrildim” qo‘shig‘i uni keng ommaga tanitdi va “Yil qoʻshigʻi-2014” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.