Qiziqarli

Nima uchun kinoteatrlarda film tomoshasi paytida aynan popkorn iste’mol qilinadi?

pic
Foto: Aussiedlerbote.de

Loading

Kinoteatrga kirganingizda birinchi sezadigan narsalardan biri popkornning xushbo‘y isidir. Popkorn oddiy gazak emas, balki film tomosha qilish jarayonining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Lekin nega aynan popkorn? Nega muzqaymoq, pirojki yoki yong‘oqlar emas? Daryo shular haqida yozmoqda.

Kino faqat oliy tabaqali insonlar uchun edi

XX asr boshlarida kinoteatrlar butunlay boshqacha ko‘rinishda edi. Ular haqiqiy saroy kabi dizaynga ega, gilamlar, naqshlar, baland pardalar va jonli musiqaga to‘la edi. Kinoteatr operaga tenglashtirilgan, shuning uchun zalda ovqat yeyish man etilgan.

Buning bir necha sababi bor edi. Birinchidan, har qanday begona tovush tomoshabin e’tiborini chalg‘itadi. Ikkinchidan, kinoteatr egalari badavlat va o‘qimishli tomoshabinlardan iborat bo‘lgan: ular “ko‘cha taomi”ni iste’mol qilmaydilar, deb hisoblashgan. Shu sababli popkorn 1920-yillargacha kinoteatr obro‘siga tahdid sifatida qaralgan. O‘sha paytda popkorn yarmarkalar va sirklar yonida sotiladigan oddiy mahsulot edi.

Buyuk depressiya: popkorn qanday qilib kinoteatrlarni saqlab qoldi?

1929-yilda Buyuk depressiya Amerikani qamrab oldi. Millionlab odamlar ish va doimiy daromad manbaidan mahrum bo‘ldi, shunda kino ommaviy dam olish vositasiga aylandi. Chipta narxi atigi 5–10 sent bo‘lgan, bu esa teatr yoki konsertdan ancha arzon bo‘lgan. Odamlar bir necha soatlik dam olish va tashvishlardan qochish imkonini izlar edi, shu sababli kinoteatrlar har qanday turdagi tomoshabinlar bilan to‘la boshladi.

Ana shu paytda popkorn “kerakli vaqtda, kerakli joyda” paydo bo‘ldi. Ko‘chada savdo qiladigan shaxslar kinoteatrlar oldidagi navbatlarni tezda payqab, aravachalarni kirish eshigi oldiga qo‘ya boshladi. Tomoshabinlar seansdan oldin popkorn sotib olishdi va taqiqlarga qaramay, uni zalga olib kirishdi. Avvaliga kinoteatr egalari popkornni uning imijiga tahdid deb hisoblashdi, ammo tez orada bir haqiqatni tushunib yetishdi: popkorn tomoshabinlarni jalb qilar va hammaga birdek ma’qul kelar edi.

1930-yillarning boshlariga kelib chiptalardan tushadigan daromad yetarli emasligini anglagan kinoteatr egalari popkornni asosiy daromad manbaiga aylantirdi. Uning tannarxi bir necha sent bo‘lib, 304 barobar qimmatga sotilishi mumkin edi. Ba’zi kinoteatrlar hatto ijara, elektr energiyasi va xodim maoshlarini faqat popkorn sotuvidan qoplay boshlashdi.

Kanzasdagi kinoteatrlar tarmog‘i egasi birinchilardan bo‘lib foyesida popkorn mashinalarini o‘rnatdi. Bir necha yil ichida u Buyuk depressiyani muvaffaqiyatli boshdan kechirdi va yangi kinoteatrlarni sotib olish orqali biznesini kengaytirdi. Barchasi faqat gazaklardan tushgan daromad hisobiga bajarilgan edi. Shu paytdan boshlab popkorn ko‘cha taomi bo‘lmay, kino sanoatining iqtisodiy tayanchiga aylandi.

Nima uchun aynan popkorn, boshqa taom emas?

Buning bir necha oddiy sabablari bor.

1. Don iqtisodiyoti

Makkajo‘xori inqiroz yillarida ham arzon edi. Bitta don hajmi 40–50 marta kattalashib, katta porsiyaga aylanadi. Bu mo‘l-ko‘lchilik hissini beradi va og‘ir damlarda psixologik ta’sir ko‘rsatadi.

2. Ishlab chiqarish jarayonining osonligi

Popkorn tayyorlash uchun murakkab oshxona, muzlatgich yoki maxsus oshpazlar kerak emas. Apparat, yog‘, shakar va don yetarli. Tayyor mahsulot uzoq vaqt saqlanadi va maxsus saqlash sharoitini talab qilmaydi.

3. Universallik

Popkorn qorong‘ida yeyish uchun qulay, qoshiq yoki vilkasiz iste’mol qilsa bo‘ladi. U tomchilab oqmaydi yoki erib ketmaydi. Asosiysi, qisqa vaqtda to‘yinganlik hissi beradi. Shuning uchun ikki soatlik film uchun juda mos keladi.

Boshqa hech bir gazak bu xususiyatlarni bir vaqtda to‘liq qamrab olmaydi:

• Chipslar barmoqlarda yog‘ qoldiradi;

• Hotdoglar tez iste’mol qilinadi va salfetka talab qiladi;

• Muzqaymoq eriydi va tomoshadan chalg‘itadi;

• Yong‘oqlar qattiq va ovozi o‘tkir bo‘ladi.

Zamonaviy kinoteatr iqtisodiyotida popkornning o‘rni

Bugungi kunda kinoteatrlarda popkornning roli yanada mustahkamlandi. Chiptalar narxi kinoteatrlarning daromadining faqat 20–30 foizini tashkil etadi, qolgan qismi distribyutorlar va kinostudiyalarga ketadi. Aslida, chiptalar ko‘pincha faqat asosiy xarajatlarni qoplaydi.

Popkorn esa zal tomonidan to‘liq nazorat qilinadigan mahsulot bo‘lib, xomashyoni sotib olishdan yakuniy narxgacha hamma narsa kinoteatr foydasiga ishlaydi. Popkorn uchun ustama 1000–1500% gacha bo‘lishi mumkin va bu daromad binolarni ijaraga olish, xodimlarga ish haqi berish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi xarajatlarni qoplashga sarflanadi.

Popkorn sotib olgandan so‘ng, tomoshabinlar ko‘pincha ichimlik yoki qo‘shimcha gazak ham olishadi, bu esa har bir tashrif buyuruvchidan o‘rtacha daromadni oshiradi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.