Qiziqarli
“I operatsiyasi”: nima uchun filmga aynan shunday nom qo‘yilgan? (video)
“I operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari” filmi 1965-yilda ekranlarga chiqib, darhol sovet kinosining hitiga aylanadi. Rejissyor Leonid Gayday bosh qahramon — talaba Shurik atrofida birlashtirilgan uchta novellani jamlaydi. Shurik rolini Aleksandr Demyanenko ijro etgan. Har bir qism hazil, bema’ni vaziyatlar va esda qolarli personajlarga to‘la, ammo aynan uchinchi novella butun filmga nom bergan. Unda uchta firibgar — Qo‘rqoq, Dovdir va Barzangi omborni talon-toroj qilishni rejalashtiradi va ularning rejasi “I” degan maxsus nom oladi. Daryo shu haqida yozmoqda.
Filmda bu oddiygina tushuntiriladi: qahramonlar operatsiya nomini muhokama qilayotganda, Dovdir “hech kim tushunib qolmasligi uchun” I harfini taklif etadi. Ammo bu nomning paydo bo‘lish tarixi ancha qiziqarli bo‘lib, ssenariy ustida ishlash paytidagi real voqealar bilan bog‘liq. Dastlab loyiha “Jiddiy bo‘lmagan hikoyalar” deb nomlangan va ssenariyning ilk versiyalarida bu operatsiya umuman yo‘q edi. Novellalar boshqacha bo‘lib, Shurik repetitor yoki quruvchi kabi boshqa obrazlarda namoyon bo‘lardi.

Keyinchalik ssenariy shakllangach, uchinchi novelladagi operatsiya “U” deb nomlandi. Bu qisqa va sirli tuyulardi. Biroq ssenariy hammualliflari — Yakov Kostyukovskiy, Moris Slobodskoy va Gayday suratga olish ishlari tugaganini do‘stona ziyofat bilan nishonlaganlaridan so‘ng vaziyat o‘zgaradi. Ertasi kuni ulardan biri boshi og‘rib qiynalgan holda, yana ichishni taklif qilishganida rad etadi. Yo‘q deyish o‘rniga u faqat cho‘ziq ovoz chiqaradi: “IIIII….”. Bu holat Gaydayga juda kulgili tuyuladi. Ovoz ma’nosiz, ammo ta’sirchan — absurd hukmronlik qiladigan komediya uchun ayni muddao edi.

Rejissyorning aytishicha, bunday harf aniq bir narsaga ishora qilmaydi, ma’no anglatmaydi, ammo oson yodda qoladi va qiziqish uyg‘otadi. Natijada I operatsiyasining nomi ssenariyga eng oxirida, asosiy tahrirlash ishlaridan so‘ng kiritiladi. Gayday doim kutilmagan g‘oyalarni qadrlardi. Ko‘plab sahnalar, xuddi shu nom singari, to‘g‘ridan to‘g‘ri suratga olish maydonida tug‘ilardi.

“I operatsiyasi” sarlavhasi oxir-oqibat faqatgina novellaning nomi emas, balki butun film ramziga aylandi. Film kinoteatrlarda 70 millionga yaqin tomoshabinni to‘pladi va undagi iboralar tez orada tilga tushdi. Uch aktyor — Georgiy Vitsin, Yuriy Nikulin va Yevgeniy Morgunov — firibgarlarni shunchalik yorqin gavdalantirdilarki, ularning obrazlari aynan shu operatsiya bilan bog‘lanib qoldi.

“I operatsiyasi” Gaydayning keyingi asarlari, jumladan, Shurik qayta ishtirok etgan “Kavkaz asirasi” kabi filmlarga ta’sir ko‘rsatdi. “I” harfi internet paydo bo‘lishidan ancha oldin memga aylangan edi. U sirli yoki bema’ni narsalarni ifodalash uchun ishlatiladi. Aslida esa mastlik asoratidagi tong pallasida tasodifiy tovush kino tarixiga aylanadi. Ushbu improvizatsiya bo‘lmaganda, film “U operatsiyasi” bo‘lib qolishi mumkin edi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


