Qiziqarli

Faqat kir yuvish vositasi emas: xo‘jalik sovuni bilan 5 ta foydali layfxak

photo
Foto: Freepic.com

Loading

Xo‘jalik sovunidan ko‘pchilik faqat kiyimdagi dog‘larni ketkazish vositasi sifatida foydalanadi. Aslida esa bu oddiy va arzon mahsulot uy-ro‘zg‘orda, hatto teri parvarishida ham keng qo‘llaniladi. Tarkibidagi tabiiy ishqor tufayli xo‘jalik sovuni kuchli tozalovchi va dezinfeksiyalovchi xususiyatga ega. Quyida Daryo uning boshqa qo‘llanilish usullari bilan tanishtirgan.

1. Yopiq jarohat va zamburug‘larga qarshi

Iliq suvda eritilgan bir bo‘lak xo‘jalik sovuni noqulay poyabzalda yurishdan hosil bo‘lgan jarohatlarni quritishga yordam beradi. Buning uchun suv soviguncha oyoqlarni tog‘orada ushlab turish kifoya. Uning ta’siri spa-muolajadan qolishmaydi.

Bundan tashqari, bunday vosita tirnoqlardagi zamburug‘lardan xalos bo‘lishga yordam beradi, ammo u zamburug‘ endigina paydo bo‘la boshlagan hollarda foyda beradi.

2. Santexnika buyumlarini tozalash

Agar uyda santexnika tozalash uchun mo‘ljallangan maxsus vosita tugab qolsa, xo‘jalik sovuni yaxshi muqobil bo‘la oladi. Buning uchun sovunning kichik bo‘lagini qirg‘ichdan o‘tkazing, ustiga oz miqdorda xantal kukuni qo‘shing va yaxshilab aralashtiring. Hosil bo‘lgan quyuq aralashmani cho‘tka yoki gubkaning qattiq tomoni yordamida rakovina, unitaz yoki vannadagi ifloslangan joylarga surtib tozalang. Ushbu aralashma yog‘li qatlamlar va suvdan qolgan oq dog‘larni samarali ketkazadi. Tozalashdan so‘ng sirtni suv bilan chayib tashlash kifoya, natija esa sizni albatta xursand qiladi.

3. Husnbuzarlarga qarshi

Xo‘jalik sovuni tarkibidagi ishqor akne va husnbuzarlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan patogen bakteriyalarni yo‘q qilishga yordam beradi. Shu sababli ilgari ko‘plab ayollar yuz terisini aynan xo‘jalik sovuni bilan parvarish qilgan. Ular sovunni yuzga surtib, yengil massaj qilib ko‘pirtirishgan, so‘ng iliq suv bilan yuvib tashlashgan. Shundan keyin terining qurib ketmasligi uchun albatta namlantiruvchi krem surtishgan.

Shuni unutmaslik kerakki, xo‘jalik sovuni terini tez quritib yuboradi. Shu bois ushbu usulni sinab ko‘rishdan oldin dermatolog bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, yuz terisi uchun sovunni ikki haftada bir martadan ortiq ishlatmaslik lozim.

4. Deraza va oynalarni tozalash uchun

Xo‘jalik sovuni deraza va oynalarni tozalashda ham juda qulay vosita. Ifloslangan oynani xo‘jalik sovunining bir bo‘lagi bilan bir tekisda ishqalab chiqing. Shundan so‘ng oynani gazeta qog‘ozi yoki quruq mato yordamida arting. Natijada oynada na dog‘, na iz qoladi. Bu usul, ayniqsa, kimyoviy vositalardan foydalanishni xohlamaydiganlar uchun qulaydir.

5. Bog‘ va tomorqada zararkunandalarga qarshi

Xo‘jalik sovuni bog‘ va tomorqada ham foydali yordamchi bo‘la oladi. Uning tarkibidagi ishqor o‘simliklarga zarar yetkazmagan holda shira, o‘rgimchaklar, shilliqqurt va boshqa mayda zararkunandalarni yo‘qotishga yordam beradi. Buning uchun xo‘jalik sovunini suvda eritib, hosil bo‘lgan eritma bilan o‘simlik barglariga purkash kifoya. Sovun eritmasi barg yuzasida yupqa himoya qatlamini hosil qiladi va zararkunandalarni haydaydi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.