Buxoro yangiliklari

Kecha, 12-may kuni Buxoroda jurnalist va blogerlar uchun “Media haftalik” boshlandi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Kecha, 12-may kuni Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan “Media haftalik” tadbirlariga start berildi. Haftalik viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan.

Tadbirda internet va bosma nashrlar jurnalistlari, televideniye va radio vakillari, davlat idoralari matbuot kotiblari, blogerlar, mobilograflar hamda media sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Haftalik davomida ishtirokchilar uchun zamonaviy jurnalistika, kontent yaratish va axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida amaliy seminar-treninglar tashkil qilinmoqda.

Tashkilotchilar ta’kidlashicha, “Media haftalik”dan asosiy maqsad — media sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish, zamonaviy axborot makonidagi yangi tendensiyalar bilan tanishtirish hamda tajriba almashish uchun ochiq platforma yaratishdan iborat.

Mashg‘ulotlarda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy mavzularni ta’sirchan yoritish, auditoriya bilan samarali ishlash, sun’iy intellektdan media sohasida foydalanish, media xavfsizlik va raqamli gigiyena masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda OAVning o‘rni, yirik siyosiy jarayonlarni yoritishda mas’uliyat va tahliliy yondashuv mavzulari ham muhokama qilinmoqda.

Ta’kidlanganidek, qadimiy ilm-ma’rifat markazi bo‘lgan Buxoro bugungi kunda ham ijodkorlar va media vakillari uchun muhim maydonlardan biriga aylanmoqda. Haftalik davomida yangi media loyihalar, kreativ g‘oyalar va hamkorlik aloqalarining shakllanishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha bundan avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Navoiy hamda Urganchda yuqori saviyada tashkil etilgan. Har bir hududdagi tadbir media sohasi vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otgan.

Ayniqsa, amaliy mashg‘ulotlar, real media keyslar asosida olib borilayotgan treninglar hamda tajribali ekspertlarning ochiq muloqotlari ko‘plab jurnalist va blogerlarning e’tiborini tortmoqda. Shu sababli avvalgi hududlardagi tadbirlarda qatnasha olmagan ayrim media vakillari aynan Buxorodagi bosqichda ishtirok etish uchun kelgan.

Xususan, Qashqadaryo viloyati, Surxondaryo viloyati, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan ishtirokchilar media haftalikning amaliy va interaktiv ruhda o‘tayotganini ta’kidlashmoqda. Ayrim bloger va mobilograflar uchun esa bu ilk bor professional media ekspertlari bilan bir platformada ishlash imkoniyatini yaratdi.

Mashg‘ulotlarda zamonaviy jurnalistikada qisqa video kontentning o‘rni, auditoriyani ushlab qolish usullari, mobil jurnalistika, media etikasi, feyk axborotlarga qarshi kurashish hamda axborotni tezkor va ishonchli uzatish bo‘yicha ham tavsiyalar berilmoqda. Ishtirokchilar sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib media mahsulot tayyorlash, vizual kontent sifati va algoritmlar bilan ishlash bo‘yicha ham amaliy ko‘nikmalar olmoqda.

Tadbir davomida hududiy OAV vakillari o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengayib, yangi media loyihalar yuzasidan fikr almashilmoqda. Ayrim ishtirokchilar kelgusida qo‘shma podkast, videoloyiha va maxsus media mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha ham tashabbuslar ilgari surmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, bunday loyihalar hududiy jurnalistika rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy media makonida nafaqat tezkorlik, balki sifatli, tahliliy va auditoriyaga mos kontent yaratish talabi kuchayib bormoqda.

“Media haftalik” tadbirlari 15-may kuniga qadar davom etadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.