Islom
“Kim silai rahm qilsa, uning ajali kechiktiriladi”, deyilganda…
Uzoq umr ko‘rishni, umrining barakali va mazmunli bo‘lishini istamaydigan insonni aql egalari orasidan topish qiyin bo‘lsa kerak. Chunki har bir inson hayotda o‘zi ko‘zlagan yuksak marralarni zabt etishni, mazmunli va fayzli umr kechirishni istaydi. Shunday ekan, mazkur maqola hech bir aql egasini befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
Ulug‘ ajdodlarimiz insonlarga yaxshilik qilish, ezgulik ulashish bandani dunyo va oxiratda baxt-saodatga erishtirishini ko‘p bora ta’kidlaganlar. Darhaqiqat, yaxshilik urug‘larini ekkan inson hech qachon afsuslanmaydi, kam bo‘lmaydi. Vaqti-soati kelib, uning shirin mevalaridan albatta bahramand bo‘ladi. Qolaversa, yaxshilik qilgan odamning umriga ham baraka kiradi. Bu haqda quyidagi hadisda bayon qilingan:
عَنْ ثَوْبَانَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ الرَّجُلَ لَيُحْرَمُ الرِّزْقَ بِالذَّنْبِ يُصِيبُهُ وَلاَ يَرُدُّ الْقَدَرَ إِلاَّ الدُّعَاءُ وَلاَ يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ
Savbon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, kishi qilgan gunohlari sababli rizqidan mahrum bo‘ladi. Qadarni faqat duo qaytaradi. Umrni esa faqat yaxshilik uzaytiradi”, deganlar (Ahmad “Musnad”da, Tabaroniy “Kabir”da va Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).
Hadisi sharifga diqqat bilan nazar tashlasak, unda yaxshilik inson umrini uzaytirishi ta’kidlangan. Xo‘sh, buning hikmati nimada?
Ma’lumki, inson tanasidagi barcha hujayra va to‘qimalarning faoliyatini boshqarish, ularning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash asab tizimiga yuklatilgan. Kishining ruhiy holati, xususan, xafa bo‘lishi, g‘am-tashvish chekishi yoki g‘azablanishi asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar inson doimiy ruhiy bosim ostida yashasa, bu uning butun organizmiga zarar yetkazadi.
Aksincha, inson biror kishiga samimiy yaxshilik qilganida qalbida huzur-halovat his qiladi. Ezgulik qilgan odamning ko‘nglidagi g‘uborlar, g‘illu-g‘ashlar tarqaladi. Bu esa asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, organizm faoliyatining yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.
Odamlarga yaxshilik qilgan bandani Alloh taolo ne’matlari bilan siylaydi, umriga baraka beradi. Farishtalar ham uning haqqiga ertayu-kech yaxshilik tilab duo qiladilar. Bundan tashqari, yaxshilik ko‘rgan inson ham: “Umringizdan baraka toping”, “Umringiz ziyoda bo‘lsin”, kabi samimiy duolar qiladi.
Shu o‘rinda: “Hamma yaxshilik qiluvchilarning ham umri uzoq bo‘lavermaydi-ku?” degan savol tug‘ilishi mumkin.
Darhaqiqat, ba’zan yaxshilik qilgan insonning umri yil hisobida uzoq bo‘lmasligi mumkin. Ammo uning hayoti ma’nan uzayadi, umriga fayz va baraka kiradi. Hayotda shunday insonlarni ko‘ramizki, ularning umri oddiy odamlar kabi kechgan bo‘lsa-da, amalga oshirgan ishlari asrlar davomida odamlar manfaatiga xizmat qiladi. Ba’zan esa ular yozib qoldirgan asarlarni o‘qishning o‘zi muallif yashagan umridan ham ko‘proq vaqt talab qiladi.
Bunga ilm ahlining hayoti, xususan, Imom Buxoriy kabi buyuk allomalarning umr yo‘li yorqin misol bo‘la oladi.
Tabarruk aqida kitoblarimizda, jumladan, “Aqoidi Nasafiy”da: “Ajal bittadir”, deb ta’kidlangan.
Shunday ekan, umrning uzayishi qanday tushuniladi? Bu borada ulamolar turli izohlar berganlar. Ayrim ulamolar: “Amallarda baraka va tavfiq hosil bo‘lishi, umrning behuda o‘tmasligi xuddi uning uzayganiga o‘xshaydi”, deganlar.
Boshqa ulamolar esa: “Silai rahm qilgan inson vafotidan keyin ham yaxshilik bilan yodga olinadi. Bu umrning ma’nan uzayishidir”, deya izoh berganlar.
Ba’zi hadis olimlarining fikriga ko‘ra esa, hadisdagi “ajalning kechiktirilishi” umrning ortishi emas, balki Alloh taolo silai rahm qiluvchi kishining naslidan xayrli zurriyot chiqarishini anglatadi.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida: “Kim silai rahm qilsa, uning ajali kechiktiriladi”, deyilganda, u zot:
“Umr uzaymaydi. Alloh taolo: “Qachon ularga ajallari kelsa, uni bir lahza ham ortga sura olmaydilar va oldinga ham o‘tkaza olmaydilar”, degan” (A’rof surasi, 34-oyat), deb marhamat qilganlar.
So‘ngra u zot: “Ammo inson silai rahm qilsa, uning ortidan duo qilib turadigan xayrli zurriyot qoladi”, deganlar (Tabaroniy rivoyati).
Xulosa qilib aytganda, jamiyatga, insonlarga yaxshilik qilish faqat xursandchilik va manfaat keltiradi. Aksincha, yomonlik qilish, zulm o‘tkazish, boshqalarga ozor va ziyon yetkazish insonni ko‘plab ne’matlardan mahrum etadi.
Yomonlik qiluvchining umri uzoq bo‘lishi mumkin, ammo uning hayotida baraka va fayz bo‘lmaydi. Umri behuda ishlar bilan o‘tib ketadi. Vafotidan keyin esa uni xayrli duolar bilan eslaydigan insonlar kam bo‘ladi. Natijada u dunyoda ham, oxiratda ham xorlikka duchor bo‘lishi mumkin.
Shunday ekan, har bir inson ezgulik yo‘lida sa’y-harakat qilsa, o‘zi bilan birga boshqalarning ham manfaatini ko‘zlasa, silai rahm, mehr-shafqat, yaxshilik va xayr-ehsonlarni ko‘paytirsa, umriga ham, rizqiga ham baraka kiradi. Hayoti osuda, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Zero, yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir. Yaxshilik qilgan kishilar albatta yaxshilik ko‘radilar.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


