Mashhurlar
“Boyvachcha”dan yarim million dollar foyda ko‘rgan va og‘ir operatsiyani boshdan kechirgan “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov haqida
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professional rejissyor, “Boyvachcha” filmi ortidan mashhurlikka erishgan “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov shu yili 48 yoshni qarshiladi. Otasi san’atkor bo‘lishini istamagan, bo‘lajak ayolini suratga olish maydonchasida uchratgan xonandaning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar solamiz.
“Xonam yo‘qligi uchun yo‘lakda uxlardim”
Jahongir Poziljonov san’atdan butunlay yiroq oshpazlar oilasida dunyoga kelgan. Otasi o‘z davrining mashhur oshpazi bo‘lib, davlat tadbirlarida ham katta qozonlarda osh damlagan. Shunday bo‘lsa-da, oila nihoyatda kamtarona kun kechirgan va moddiy jihatdan qiynalgan. Bu haqda xonanda intervyularida so‘zlab bergan.

— Esimni taniganimdan dadam bilan to‘y-hashamlarga birga borardim. Tong sahardan borib, katta qozonlarga ovqat solardik. Men o‘choq yoqishga mas’ul edim. Oshpazlarning mehnati og‘ir bo‘lsa-da, ular mehnatini pulga baholashmasdi. Odamlar ko‘nglidan chiqarib, ozgina pul yoki qand-qurs solingan paket berishardi. Dadam biror marta to‘y egasidan falon pul berasiz, deganini eshitmaganman. Shukrki, qornimiz hamisha to‘q edi, ammo hayot bundan iborat emasligini keyinchalik tushunganman. Besh farzand va ota-onam bilan uch xonali “dom”da turardik. Alohida xonam bo‘lmagani uchun yo‘lakda uxlashimga to‘g‘ri kelardi. Dadam buni ko‘rib, yuragi siqilishini istamasdim. Shuning uchun bomdod namoziga turishidan avvalroq uyg‘onib, ichkari xonaga kirib ketardim.
“14 yoshimdan ishlaganman”
Bolaligida sho‘x va nihoyatda urishqoq bo‘lgan Jahongir Poziljonovning kun kelib mashhur xonanda bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmasdi. Jahongir bir necha bor janjallar sabab jazolangan, hatto uni maktabdan haydamoqchi bo‘lishgan.

— Bir so‘z bilan aytganda, xira bola bo‘lganman. Shoshqaloqligim va gap ko‘tarolmasligimdan ko‘p pand yeganman. Shunda ham oxirigacha olishardim. Maktabni bitirgunga qadar 5-6 marta militsiyaxonaga olib borishgan. Maktabdan haydash bo‘yicha ham ko‘p ogohlantirishgan. Fe’lim yomonligini bilgani uchun ham dadam hamisha tergab, tanbeh berib, eng og‘ir ishlarni menga buyurardi. Keyinchalik buning sababini tushundim. Daraxtning shohi kichikligida to‘g‘ri yo‘lga solish oson ekan, egri o‘sgandan keyin uni qayirmoqchi bo‘lsangiz, sinarkan.
14 yoshimdan mustaqil pul topishga intilganman. Yozda tarvuz-qovunlarni vagonga joylash bilan, boshqa payt esa vulkanizatsiyada ishlardim. Arzimagan pul olsam-da, tengdoshlarim orasida obro‘m baland edi.
“Dadam oshpaz bo‘lishimni istagandi”
Oshpazlar oilasida tug‘ilgan uch o‘g‘ilning bari bolaligidan mustaqil taom tayyorlashga o‘rgangan. Jahongir Poziljonov ham otasining maslahati bilan 1992-yili oshpazlik kollejiga o‘qishga kiradi.

— Qo‘shiqlarim kimgadir yoqmasligi mumkin, ammo tayyorlagan taomlarim haqida biror marta yomon gap eshitmaganman. Oshpaz bo‘lishimni mendan ko‘ra dadam ko‘proq istagan. Ammo o‘zi istamagan ishni qilish baribir odamni bezdirar ekan. Dadam rahmatlining bir odati bor edi, har yakshanba o‘zi bozorlik qilib, lag‘mon tayyorlab berardi. Bir kuni “San’atkor bo‘lging kelyaptimi? Senga bir oy vaqt, agar uydan to ‘Chorsu’ bozoriga borgunga qadar seni 3 ta odam tanisa, san’atkor bo‘lishingga qarshi bo‘lmayman”, degan. Ana shu gapdan keyin bor imkoniyatdan foydalanganman. Bir oydan keyin Shifokorlar shaharchasidan Chorsuga ketayotganimizda yo‘lda bir gala qizlar kelib, dastxat so‘rashgan. Ana shu voqeadan keyin O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirganman.
“Mo‘min Oripov institutga kirishimga yordam bergan”
“Bojalar” guruhida Mo‘min Oripovning o‘z o‘rni bor edi. Jahongir Poziljonov u bilan qanday tanishgani va nega hozir u haqda gapirishni istamasligi haqida so‘zlab berdi.

— Institutga kirishimdan oldin “Quvnoqlar va zukkolar”da ishtirok etib yurardim. Shu orada tanishlarimdan biri Toshkent yuridik kolleji talabalarini “QVZ”ga tayyorlab berishimni so‘radi. Ular bilan shug‘ullanib, maxsus qo‘shiqlar yozayotganimizda Mo‘min bilan do‘stlashib qolganmiz. Ana shu voqea sabab bo‘lib tanishganmiz. U O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qirdi. Ijodiy imtihonlarga tayyorlanishimda yordam bergan.
“Ilgari qo‘shiqlaringiz boshqacha edi”, degan gapni ko‘p eshitaman. Chunki u paytda Mo‘min bor edi. U hovurimni bosib turadigan, to‘g‘ri maslahat beradigan insonim edi. Shoshib “Bo‘ldi, shu qo‘shiqni aytaman”, desam “To‘xtang, bunisini ham eshitib ko‘ring”, deb to‘g‘ri maslahat berardi. Yaqin insonidan ayrilish juda qiyin. U bilan bog‘liq shirin xotiralarim juda ko‘p. Ularni gapirib, o‘zimni qiynagim kelmaydi. Ammo bu unutib yubordi, degani emas.
“Men professional rejissyorman”
Jahongir Poziljonov suratga olgan filmlar ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ladi. Hatto unga chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin, deb keskin tanqidlar ham qilishgan. Ammo u, aslida, xonanda emas, mutaxassisligi bo‘yicha kinorejissyor hisoblanadi.

— Shuhrat Abbosovning qo‘lida tahsil olgan professional rejissyorman. Avvaliga xonanda bo‘lish niyatim bo‘lmagan. 23 yoshimga qadar tinimsiz harakat qilib ham san’atda o‘z o‘rnimni topolmaganman. Tohir Sodiqov bilan tanishishim hayotimda tub burilish yasagan. Birinchi qo‘shiqni yaratishimga akam sarmoya kiritgan. O‘sha paytlari u qaysidir restoranda kichik oshpaz bo‘lib ishlardi. Bir oylik maoshini olib kelib, qo‘limga tutgan. O‘sha pul bilan ilk qo‘shig‘imizni studiyada yozdirganmiz.
“Avtohalokatdan keyin oyog‘imni ulashgan”
2009-yil “Bojalar” guruhi uchun og‘ir kelgan. Boisi o‘sha yilning 28-iyunida guruh vakillari Termizdagi konsert dasturidan qaytayotgan paytda haydovchi uxlab qolishi sababli ayanchli yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Xonanda Mo‘min Oripov voqea joyida vafot etgan. Guruh a’zosi Jahongir Poziljonov og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan va bir necha kun komada bo‘lgan. O‘ziga kelganidan so‘ng ham sog‘lig‘ini tiklashi qiyin kechgan. Oyog‘i singan xonanda ancha paytgacha oqsoqlanib yurgan.

— Oyog‘im ikki marta operatsiya qilinib, ulangan. Juda og‘ir operatsiyani boshdan kechirganman. Shifokorlarga rahmat, hech qanday og‘riq sezmayman. Hatto stadionlarda bitta qo‘shiqni aytib, uch marta aylanib chiqishga ham kuchim yetadi, deydi xonanda.
Suratga olish maydonchasida topilgan baxt
Jahongir Poziljonov turmush o‘rtog‘i Dildora bilan “Boyvachcha” filmini suratga olish jarayonida tanishgan. Dildora o‘shanda bir guruh qizlar bilan filmda kichik epizod rol ijro etish uchun kelgandi. Hozirda juftlikning besh nafar farzandi bor.

— Dildora bilan tanishgan paytimizda Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qirdi. Onam “Qachon uylanasan, katta yigit bo‘lib qolding”, deyaverganidan keyin Dildoraning manzilini berganman. Onam bir necha marta sovchilikka borgan. Ammo har gal rad javobini olib kelardi. “Qizimiz hali 4 yil o‘qishi kerak”, deyishgan ekan. O‘shanda dadam mendan “Niyating jiddiymi, shu qizdan boshqasini tanlamaysanmi?” deganda “yo‘q” degandim. Shundan keyin dadam ishga kirishgandi. Dadamning sa’y-harakatlari sabab tug‘ilgan kunim kuni to‘yim belgilangan. To‘ygacha bo‘lgan kunlarimiz ham qiziqarli voqealarga boy o‘tgan. Men ham Dildora ham pozitiv inson bo‘lganimiz uchun kunimiz faqat xursandchilik bilan o‘tardi, deydi Jahongir Poziljonov.
“Boyvachcha”dan keyin haqiqiy boyvachchaga aylangan

2008-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Boyvachcha” filmi Jahongir Poziljonovni haqiqiy ma’nodagi boyvachchaga aylantirgan. Bu haqda “Bravo” jamoasi aktyori Otabek Mirzaxolov intervyularidan birida aytib o‘tgan.
— Jahongir Poziljonov “Boyvachcha” filmidan keyin haqiqatan ham boyib ketgan. O‘shanda kinosaroy kassasidan 550 ming AQSh dollaridan ortiq foyda qilgan. Qizig‘i, film uchun 10 ming AQSh dollariga yaqin xarajat qilingan. U paytlari haqiqatan ham ijod qilinardi. Jahongir Poziljonov o‘zi yozib, rejissorlik qilib, asosiy rolni ham o‘zi o‘ynardi. Operator Yodgor Nosirov bilan gaplashib, shunchaki do‘stlarning yordami bilan filmlarni suratga olardik. Ijodga unaqa ko‘p mablag‘ sarflamasdik, ammo mehr berib ijod qilardik.
“Klyosh” degan qo‘shiq va uning klipini ko‘pchilik biladi. O‘sha klipni suratga olish uchun bor-yo‘g‘i 110 AQSH dollari sarflaganmiz. Jahongir Poziljonovning do‘stlari, shogirdlari ko‘p edi. “Sen buni, sen uni qil”, deyish bilan ko‘p ishlar hal bo‘lib ketardi. Montaj qilishni ham bilardik, o‘rni kelsa dublyajni ham qilib ketaverardik, degan edi Otabek Mirzaxolov.
Jahongir Ortiqxo‘jayev unga Prado sovg‘a qilgan
Sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xonandaga Toyota Prado rusumidagi qimmatbaho mashinani sovg‘a qilgan.

— Men bu insondan juda ko‘p yaxshilik ko‘rganman. Bu Prado men ko‘rgan yaxshiliklarning eng kichik qismi. Bir necha yillardan beri shu insonning yonida yurib katta bo‘lganman. Ayta olamanki, u atrofdagilariga ham o‘ziga ravo ko‘radigan narsalarni ravo ko‘radi. Men u insondan juda ko‘p narsalarni o‘rganganman. Birinchi navbatda oddiylikni, kamtarlikni o‘rganganman.
U insondan yaxshilik ko‘rgan bir men emasman. U yerda bir necha yuz minglab inson bor. Qo‘llarida ishlaydigan qancha insonlar ularning orqasidan uyli-joyli bo‘ldi, qancha odam to‘y qildi, qancha yordam ko‘rdi, deydi Jahongir Poziljonov.

Jahongir Poziljonov sakkiz yil davomida “Akfa-media” prodyuserlik kompaniyasi bilan hamkorlikda ijod qildi. U kompaniya a’zolari, xususan, uning rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayevdan minnatdorligini aytib o‘tadi. Mo‘min Oripovning o‘limidan keyin guruhga yangi a’zo tanlash bo‘yicha takliflar ko‘p bo‘lgan. Ammo xonanda marhum do‘stining o‘rnini hech kim to‘ldirolmasligini aytib, takliflarni rad etgan. Bir paytlar aktyor, kinorejissyor, boshlovchi sifatida faoliyat yuritgan jahongir Poziljonov hozir faqatgina xonandalik bilan shug‘ullanmoqda.
Shavkat Mirziyoyevdan unvon olgan
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi Jahongir Poziljonov 2025-yil 23-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Jahongir Poziljonov O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan vatan mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi tufayli mukofotlangan.
Jahongir Poziljonov kuylagan “To‘ylar muborak“ qo‘shig‘i “Yil qo‘shig‘i 2014“ mukofotiga loyiq topilgan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


