Mashhurlar

“Gazetalar Obid Asomovning menga uylanganini yozishgan” — Huvaydo Jumayeva

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Aktrisa Huvaydo Jumayeva “Oʻzimizning gap” koʻrsatuviga bergan intervyusida turmush oʻrtogʻi bilan qanday tanishgani, marhum qiziqchi Obid Asomov bilan bogʻliq shov-shuvli xabarlar hamda bugungi kunda nima sababdan koʻproq vaynlarda koʻrinish berayotgani haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, aktrisa erishgan yutuqlarini ota-onasi koʻrmaganini ham eslab oʻtdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Turmush oʻrtogʻim meni yaxshi koʻrib uylangan”

Aktrisa dastur davomida oliy taʼlimni tugatib, ishga joylashib, ijodiy karyerasini boshlagandan soʻng turmushga chiqqanini maʼlum qilarkan, turmush oʻrtogʻi bilan qanday tanishganini ham aytib oʻtdi.

—Turmush oʻrtogʻim meni yaxshi koʻrib uylangan. Ayni oʻsha paytlar milliy teatr bilan gastrol safarlariga ketadigan vaqtlar edi. Bir avtobus erkak-ayol aktyorlarni Samarqand, Qashqadaryo, Buxoroga olib ketishardi. Xoʻjayinim politexnikada oʻqir edi. Orqamizdan qarab qolardilar. Uning ustiga oʻlganning ustiga tepgandek qilib bir safar kechki oʻn birda reklama uchun borishim kerak boʻlib qolgan.

Universitetni kechagina bitirgan shogirdman. Ustoz Obid Asomov kunlardan bir kuni bir reklama borligini aytib qoldi. Ammo reklamada suratga tushish uchun ishlab chiqarish sexiga borib syomka qilinar ekan. Obid aka “men kechasi 11 da ishlarimdan boʻshayman. Ishdan chiqib sizni olib ketamiz”, dedi.

Oʻshanda turmush oʻrtogʻim “sen qanday qilib kechasi 11 da erkaklar bilan ketasan? Nima uchun ertalab yoki tushlik payti emas, aynan, kechasi ketishing kerak”, deb turib olgandi. Mashhurlar shunday, ularning boʻsh vaqti deyarli boʻlmaydi, shuning uchun shu paytga vaqt topgan, deb ming tushuntirsam ham tushunmasdi.

“Gazetalarda Obid Asomov menga uylangani haqida yozishgan”

— Keyinchalik Obid Asomovning konsertlarida kotibasi boʻlib ishtirok etdim. Bundan juda ham xursandman. Chunki kimsan, Obid Asomovday inson meni katta sahnaga olib chiqyapti. Katta sahnada, katta ustozlar bilan bir qatorda turish har bir sanʼatkor uchun orzu-baxt boʻlgan. U paytda faqat shu xayollarda boʻlganman.

Oʻshandan keyin “Obid Asomov uylandi”, degan sarlavha bilan gazeta chiqqan. Muqova rasmida esa Obid aka bilan mening rasmim turibdi. Juda yomon boʻlgandi. Chunki u vaqtlari hali turmushga chiqmagan, ayni sovchilar kelayotgan paytlar edi, deydi aktrisa.

“Omad otim chopib, teatrga vaqt topolmay qoldim”

— Avval milliy keyinchalik satira teatrida ishlaganman. Onalik taʼtiliga chiqqanimdan soʻng hali satira teatriga qaytib borolmadim. Chunki bunga vaqt masalasi muammo boʻlyapti.

Zoʻr spektakllar, filmlardagi rollaringiz bilan tarixda qolishni xohlaymiz. Ammo sizga Xudo bunga eltuvchi yoʻlni bermasa nima qilasiz? Sanʼatkorlarning maqsadi oʻz ijodini tomoshabinlarga taqdim etib, qarsaklar olib, xalq eʼtiborini oʻziga jalb etish. Biroq 15 yillab teatrda ishlab, kinolarda ishtirok etib yurgan paytim bunday boʻlmadi.

Hozir omma eʼtiborini qiziqarli va kulgili vaynlar orqali oʻziga qaratish mumkin. Shundan soʻng men ham vaynerlar jamoasida qo‘shildim. Bunday kontentlar faqat tirikchilik uchun ishlanmaydi. Chunki faqat shuning uchun olinganida bu muxlislarga sezilib qolib, keng ommaning diqqatini torta olmagan boʻlardi.

Rolingizga kirishib ijro etmasangiz, teatr yo kinoda emas, vaynda ham sizni tomosha qilishmaydi. Vaynerlik ertaga tarixda qoladigan, professional kasb boʻlmasligi mumkin, ammo bunda ham muxlis yigʻib olish ancha mehnat talab qiladi.

“Uyli boʻlganimda ota-onam yoʻq edi”

—Onamga hech ham dardimni ayta olmaganman. Ammo ota-onam bugungi kundagi yutuqlarimni koʻrishlarini xohlardim. Onam rahmatlida ayol kishida nima dard boʻlishi mumkin boʻlsa, shularning hammasi bor edi. Bizlarni katta qilaman, oʻqitaman, deb harakat qilib sogʻligiga beeʼtibor boʻlganlar.

Onam tirik paytlarda uyim yoʻq edi. Onamga pul yigʻib qoʻydim, keling, grijangizni operatsiya qildiramiz, desam, ular “yoʻq, avval uy olinglar”, derdi. Kun kelib uy ham oldim. Uyli boʻlgach derazaga qarab xayol surib qoldim. Oʻshanda “ona, uy oldim, keling endi”, degim kelgan, ammo, afsuski, bu paytda onam yoʻq edi.

Avtomobil olganimdan soʻng opalarimni oldimda ota-onamning qabriga olib bordim. Lekin oʻzim ayrim sabablarga koʻra qabristonga kirolmadim. Oʻsha yerda bir chekkaroq joyda oʻtirdim. Soʻng “Mana oyi, dada, men keldim. Turing, ketdik, sizlarni aylantirib kelaman. Hozir sharoitim bor”, dedim. Shunday deganim bilan qaniydi, ular tirilib kelsa. Oʻshanda xayolan ularning men tomonga qarab kelayotganlarini tasavvur qilganman. Dadam meni erkalatib “Shermatim”, deb chaqirardi. O‘shanda ham xuddi shunday deb chaqirganday tuyilgandi, deydi Huvaydo Jo‘rayeva ota-onasi haqida so‘z yuritib. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.