21.09.2021
    -
  • -
  • -
  • -
  • -
  • -
photo 253

 40 

Yangilanayotgan Buxoroda ham mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi har sohada munosib yutuqlar bilan kutib olinmoqda

Eng aziz va eng ulug‘ ayyom Buxorodagi har bir mahalla, ko‘cha va xonadonda o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olinmoqda. Mamlakatimiz Mustaqilligining qutlug‘ 30 yilligi arafasida Buxoro viloyatida xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, undagi moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va rag‘bat har qachongidan kuchaytirildi. Birgina viloyat markazini olsak, bugun qadimiylik va zamonaviylikni o‘zida uyg‘unlashtirgan muhtasham “Bukhara city” zamonaviy turar-joy va ishbilarmonlik markazidan tortib, barcha hududda borayotgan sa’y-harakat, ta’lim va sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish inshootlari, qurilish-bunyodkorlik ishlari avj olgan obyektlarda hayot qaynayotganini ko‘rish mumkin. Bu xayrli ishlar zamirida bevosita Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va rahnamoligi yotibdi, albatta.


Hududni ijtimoiy rivojlantirish, har jabhada borayotgan islohotlardan voqif bo‘lish maqsadida keng qurilish maydoniga aylangan viloyat markazi va undagi muhtasham inshootlarni ko‘zdan kechirish kifoya. Masalan, o‘ziga xos zamonaviy tibbiyot shaharchasiga aylantirilayotgan Buxoro davlat Tibbiyot institutining yangi binosi va undagi majmualarda ado etilayotgan qurilish-bunyodkorliklar ishlarini olaylik.


Faoliyat ko‘lami va reytingi bilan respublikada o‘z mavqeiga ega bo‘lib borayotgan mazkur oliy ta’lim dargohining 900 o‘rinli yangi o‘quv binosi hamda 200 o‘rinli klinikasi, yana 600 o‘rinli 3 ta shinam yotoqxona va simuliatsion markaz binolari qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.


Muhtasham majmua ko‘rinishini olayotgan ushbu inshootlar loyihasi mamlakatimiz Prezidentining o‘tgan yilgi viloyatga tashrifi davomidagi bergan tavsiya va ko‘rsatmalari tufayli ishlab chiqilgan bo‘lib, uning ro‘yobi uchun umumiy qiymati 134 000 000 000 so‘m mablag‘ ajratilgan. Yaxlit majmua qurilishini bu yerdagi o‘nga yaqin qurilish-pudrat korxonasi mirishkor bunyodkorlari shu kecha-kunduzda so‘nggi bosqichda davom ettirmoqdalar.


Tibbiyotda olib borilayotgan izchil islohotlar samarasi sifatida esa Buxoro shahrida “Tibtexnika” O‘zbekiston––Janubiy Koreya qo‘shma korxonasini ko‘rsatish mumkin. U 2019-yilning noyabr oyida ishga tushirilgan. Janubiy Koreyaning “Vujin Pleimvujin pleim”, “KFM Co. Ltd“, “Naomix corporation”, “Osy med Co. Ltd”, “Pinico biomed materials Co. Ltd”, “Reno medical Co. Ltd” kompaniyalari bilan hamkorlikda barpo etilgan “Tibtexnika” korxonasida hozirda koronar stendlar, koronar ballonlar va diagnostik kateter va introdyuserlar ishlab chiqarilmoqda.


Mazkur qo‘shma korxonaning ishga tushirilishi uchun $5 300 000 miqdorida sarmoya kiritilgan bo‘lib, uning $2 500 000 kredit hisobidan, $1 000 000 tadbirkor mablag‘lari va $1 800 000 xorijiy investorlar hisobidan amalga oshirildi.

Yurak–qon tomir kasalliklarini davolashda stentlash amaliyotini bajarish uchun zarur jihozlar ishlab chiqarayotgan bunday korxona Markaziy Osiyoda yagonadir. Stentlash vositalarining Buxoroda ishlab chiqarilishi nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki uni xorijga eksport qilish imkoniyatini ham yaratmoqda. Muassasaning to‘la quvvat bilan ishlashi natijasida yiliga $12 000 000 miqdoridagi tibbiyot buyumlarini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.


Bugungi kunda paxta xomashyosi yetishtirish, uni qayta ishlab, sifatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va jahon bozoriga olib chiqish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgan subyektlar qatorida 1 000 dan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlagan paxta yigiruv va to‘qimachilik klasteri — “Merganteks” MCHJ negizidagi yengil sanoat korxonasini ko‘rsatish mumkin. Unda tabiiy va kimyoviy tolalar aralashmasidan integratsiyalashtirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda.


— Fabrikaning loyiha qiymati $25 000 000 ga teng bo‘lib, uning $10 000 000 Milliy bank viloyat filialining kredit mablag‘i hisoblanadi. Umuman, mazkur loyiha doirasida Buxoro shahrida 750 kishilik mehnat jamoasiga ega “Nigora” MCHJ ni tashkil etib, ishlab chiqarishni boshlaganmiz. Ikkinchi bosqichda esa Qorako‘l tumanida yana 1 ta liniyani foydalanishga topshirib, qo‘shimcha 300 kishini ish bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqqan loyihamiz bor, – deydi “Merganteks” MCHJ rahbari Ibrohim Hamroyev.


Asosan erkaklar kiyim-kechagi tikib tayyorlanadigan “Nigora” MCHJ yengil sanoat korxonasining yillik quvvati $35 000 000 ga teng. Ushbu mablag‘dan $10 000 000 ga teng mahsulot chet elga eksport qilinishi belgilangan.


Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy ko‘chasida joylashgan “Bukhara Agrocluster DZZ” MCHJ tomonidan tashkil etilgan sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasini olsak. Uning rahbari, ko‘p yillik tadbirkor Temur Sharipovning bildirishicha, ayni kunda 2 gektar yerni egallagan korxonani qurib, ishga tushirish maqsadiga umumiy qiymati 46 200 000 000 so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunda 16 800 000 000 so‘m tadbirkor tomoni sarmoyasi bo‘lsa, $2 800 000 xorijiy kredit liniyasi ulushidir. Hademay, aniqrog‘i, mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi tantanasi kunlarida foydalanishga topshirilishi kutilayotgan ishlab chiqarish inshootining yillik quvvati 30 000 tonnadan oshiqroq. Bunda dastlabki bosqichda ish bilan ta’minlanadigan yoshlar esa 50 kishidan kam emas.


Buxoro shahrida Arxitektura va qurilish kolleji qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi sifatida professional ta’lim muassasasi etib belgilangan edi. Bu markazda 11 016 000 000 so‘mlik rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, “Orient house invest stroy” MCHJ, “Bobir Buxoro qurilish” MCHJ va “Peshku trans qurilish” MCHJ pudrat tashkilotlari tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilgan.


Bu yerda elektrgaz paydvanlash, g‘isht terish, suvoq-bo‘yoq ishlari, keramik plitka va bruschatka terish, alyumin va plastik eshik -deraza romlarini yig‘ish, o‘rnatish, yirik devor panellarini va gipsokartonlarni montajlash, santexnika, suv, gaz, kanalizatsiya va isitish quvurlarini montajlash, elektromontaj ishlari, ko‘tarma kran mashinisti yordamchisi, yer ishlari texnikasi operatori va shunga o‘xshash 16 ta kasb bo‘yicha o‘rtacha bir yilda 500 nafar o‘quvchini kasb-hunarga o‘rgatish rejalashtirilgan. O‘qish muddati – 3 oy.


Viloyatdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik sifatida endilikda Buxoro politexnika kolleji negizida barpo qilingan “Ishga marhamat” monomarkazi va unda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar ish topish, daromadli bo‘lishda yaxshigina imtiyoz desak, mubolag‘a emas.


––Monomarkaz binosida Buxoro tumanidagi «47-xo‘jaliklararo ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonna» MCHJ tomonidan olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlariga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 15 000 000 000 so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan,––deydi monomarkaz direktori Alisher Jumayev. ––Muhimi, monomarkazda 8 ta soha, 21 ta kasbiy yo‘nalish va 4 ta tilga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari joriy etilmoqda. Buning uchun zarur stanoklar, mebel, mulyaj va boshqa amaliyot vositalari keltirib o‘rnatildi. Bu yerga kelganlarga avval bandlik masalalari bo‘yicha maslahat xizmati ko‘rsatiladi. Doimiy ishga ega bo‘lmasa, bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan ta’minlanadi.


Bundan tashqari, markazda kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi o‘quv kursiga jalb qilinadi. Boshqa mamlakatda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga bu boradagi ko‘nikma va xorijiy tillar o‘rgatiladi. Markaz yiliga 500 kishini o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ismoil Fozilov nomidagi Buxoro trikotaj fabrikasi o‘tgan asr saksoninchi yillarida ishga tushirilgan bo‘lib, viloyat markazidagi 2 000 ga yaqin kishini ish bilan ta’minlagan. Ammo bir paytlar gullab-yashnagan korxona mana, yigirma yildirki, inqirozga yuz tutib, qariyb 4 gektar maydonni egallagan hudud butunlay xaroba holga kelib qolgandi.


Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 29-, 30-mart kunlari viloyatimizga tashrifi davomida berilgan tavsiya va topshiriqlardan kelib chiqqan holda, Buxoro shahrining Jo‘ybor ko‘chasi, 162-uyda joylashgan sobiq Ismoil Fozilov nomidagi trikotaj fabrikasining bo‘sh turgan bino-inshootlari 18 oy davomida $8 000 0000 miqdorida investitsiya kiritish va 750 ta yangi ish o‘rnini yaratish sharti bilan “Shofirkon Ekvatorial teks” MCHJ ixtiyoriga “nol” xarid qiymatida berildi.


Endilikda bu yerda “G‘ayrat Chodak” brendi ostida ayollar kiyim-kechagi va sviter-jemper ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati $9 500 000 ga teng. Ajratilayotgan sarmoyaning $6 500 000 “Xalq banki” viloyat filialiga tegishli bo‘lib, $3 000 000 tadbirkor mablag‘i.


Yana obod va gavjum maskanga aylantiriladigan to‘quv, bo‘yoq va tikuv fabrikasi 1 350 kishini ish bilan ta’minlashi, albatta ishlab chiqarishni barqaror izga solishi lozim.


Shunda bu yerda yiliga 900 000 dona ayollar jemperi va 4 000 000 dona kiyim-kechak ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Biroq ishlar endi boshlanmoqda. Bugungi holatda investor tomonidan jami $650 000 miqdorida investitsiya kiritilgan. Tashkiliy jihatdan uning egalari zimmasida qator muammolarni hal qilish majburiyati yotibdi. Shu ma’noda viloyat rahbari tomonidan hududda avvalo kommunikatsiya-muhandislik tarmoqlarini nuqsonsiz qurib bitkazish, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti va oqava suv kanalizatsiya tarmog‘ini soz holga keltirish, atrofni obodonlashtirish talabi qo‘yildi.


Viloyat markazidagi “Carmen Plus” MCHJ faoliyati ham boshqa turdoshlariga namuna bo‘layotgani bilan ahamiyatli. Mana, 2 yildirki, Buxoroda yangicha tibbiy usullar samarali amalga oshirilayotgani hisobidan muayyan yutuqlar qo‘lga kiritilayotgani, bu borada buxorolik shifokorlar ham zarur bilim va tajribalarini boyitib borayotganiliklari maqsadga muvofiq.


Shundan kelib chiqib, ayni paytda viloyatdagi tibbiyot markazlarida yangi usuldagi jarrohlik amaliyoti, xususan, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak kasalliklari, ortopediya va travmotologiya kabi puxta o‘zlashtirilayotgan sohalarda oyiga yuzdan ortiq bemor davolanmoqda. Bu degani shuncha nafar inson davolanish uchun poytaxt yoki xorijiy davlatlarga borishdek ko‘plab ovvoragarchilik va moliyaviy qiyinchiliklardan ham xalos bo‘lmoqda.


O‘tgan yillar davomida viloyatda bir nechta ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, “Carmen Plus” MCHJ shaklidagi tibbiyot markazi faoliyati ham yuqoridagi fikrlarimiz dalili. Buxoro shahrining tobora obod hududga aylanayotgan Namozgoh ko‘chasi, 12-uy manzilida, 1,2 gektar hududda joylashgan mazkur tibbiyot muasassasi bu yerga tashrif buyuruvchi bemorlar salomatligini saqlash, zamonaviy tibbiy yondashuv va uslublarni qo‘llagan holda ularga yuqori aniqlikdagi tashxis qo‘yish va tibbiy muolajalarni tayinlash, tor doiradagi mutaxassislar yordamida malakali xizmat ko‘rsatish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.


“Carmen Plus” MCHJ shaklidagi tibbiyot markazida ayni kunda 130 nafar bemor o‘rni hozirlangan bo‘lib, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 118 nafar tibbiyot personali ish bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, “Carmen Plus” MCHJ korxonasiga AQSH, Janubiy Koreya, Gollandiya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Turkiya, Xitoy va Rossiya Federatsiyasi davlatlaridan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar olib kelinganini ko‘rish mumkin.


Bu loyihaga tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati $9 500 000 miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, shundan $3 000 000 miqdoridagi sarmoya bevosita tijorat banki qo‘llab-quvvatlovidir. Korxona jarrohlik sohasida yuqori texnologik intervension kardiologiya, kardioxirurgiya, rentgenendovaskulyar xirurgiya, laparoskopik xirurgiya va ginekologiya, umumiy xirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va travmatologiya, shuningdek, terapevtik sohasida revmatologiya, kardiologiya, gastroenterologiya, nevrologiya, pulmonologiya hamda stomatologiya, kosmetologiya, fizioterapiya va reabilitatsiya bilan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.


Yana bir xushxabar, Buxoroda Prezident maktabi mamlakatimiz Mustaqilligi tantanasi kunlarida foydalanishga topshiriladi. Mamlakatimizda ochilayotgan Prezident maktablari iqtidorli bolalarni saralash, zamonaviy texnologiyalar asosida o‘kuvchi-yoshlarga bilim berish va tarbiyalash bo‘yicha yagona tizim hisoblanadi. Eng asosiysi, mazkur dargohda ta’lim oladigan yoshlarga rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida saboq beriladi. Ta’lim dargohi 168 o‘rinli bo‘lib, ayni paytda qurilish-ta’mirlash va pardoz ishlari ishlari avjida.


Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan inshootdan yotoqxona, stadion, basseyn, yopiq va ochiq sport zallari, kutubxona, bolalar dam olish joylari, chet eldan keladigan o‘qituvchilar uchun alohida mehmonxona, avtoturargoh, ota-onalar uchun kutish joyi, faollar zali joy olgan.


–Mazkur inshootning o‘ziga xosligi zamonaviy texnologiyalar asosida qurilayotganidadir, – deydi ob’ekt dizayneri Ilhom Muhammedov. –Ma’lumki Buxoroning iqlim sharoiti yozda juda ham issiq, qishda o‘ta sovuq hisoblanadi. Mana shu sharoitni inobatga olgan holda, sharq me’morchiligi an’analari asosida binoning fasad qismida chet eldan olib kelingan seromit toshidan foydalanildi. Bu qurilish mahsuloti binoning ichidagi haroratni fasllarga qarab bir xil saqlaydi. Mazkur qurilish materiali joriy yildan boshlab viloyatning barcha qurilish obyektlarida ishlatiladi. Ilgari bu qurilish mahsulotidan foydalanilmagan. Obyektning ichki qismida yong‘inga qarshi materiallar ishlatilgan. Maktabda maxsus interaktiv jihozlar, noutbuklar, o‘quv qurollari va elektron doskalar o‘rnatilmoqda.


Viloyat markazining o‘ziga xos infratuzilmasini shakllantirayotgan va tarixiy ahamiyatga ega muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor obidalar qatorida zamonaviy me’moriy yechimiga ega bo‘lib borayotgan muhtasham inshoot va majmualar, sanoat ishlab chiqarish korxonalari, muassasalar avvalo xalqimiz hayot sifatini yaxshilash, turmush darajasini barqaror izga solish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatdir.


Mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!


Uchqun TOJIYEV, “www.buxoroisharif.uz” internet nashri bosh muharriri

Fikr bildirish

• • • • • • • • • • • • • • • • • • • • •