26.02.2021
  • -
  • -
  • -
  • -
photo 1

 99 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hijratga shoshilmadilar. O‘zlari bilan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) va Ali (roziyallohu anhu)ni olib qoldilar. Abu Bakr (roziyallohu anhu) Yasribga hijrat qilish uchun ijozat so‘raganlarida:

“Sabr qiling, balki Alloh sizga bir hamroh berib qolar”, deb Abu Bakr (roziyallohu anhu)ning safarini orqaga surdilar.

Abu Jahl va uning sheriklari Islom Makkadan tashqariga tarqalib, Yasrib aholisi orasida kengayib ketayotganidan juda qo‘rqar edi. Buning ustiga musulmonlar Yasribga hijrat qilayotgani, ularni yasribliklar eski qadrdonlardek, mehmonnavozlik bilan quchoq ochib kutib olishayotganini eshitganlaridan keyin, agar Muhammad ham Yasribga ketib qolsa va u yerda musulmonlarni birlashtirib, ularga o‘zi boshchilik qilsa, bu dushmanni keyin yengib bo‘lmaydi, katta xavf-xatarga qolamiz, Makka tijorati uchun Shom yo‘li ham bekiladi, degan vahima mushriklarni chulg‘ab oldi.

“Muhammad kuchayyapti, butun atrof unga ishonyapti, bu katta tahlikadir, uni o‘ldirib, bu tahlikaning oldini olaylik”, deyishdi.

Mushriklar maslahatga to‘planib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni qanday usul bilan yo‘qotish ustida bosh qotirishdi. Ularga Abu Jahl bunday maslahat berdi:

“Quraysh qabilasining hamma urug‘laridan bittadan odam tanlanadi. Ular keskir qilichlar bilan qurollanib, bir paytda Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ga hujum qiladi va baravar zarba bilan o‘ldiradi. Kim o‘ldirgani aniq bo‘lmagach, hoshimiylar da’vo qilolmaydi va diya (xun haqi) olish bilan kifoyalanadi”.

Abu Jahlning bu taklifi bir ovozdan qabul qilindi. Mushriklar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning uylarini o‘rab oldi. Jabroil (alayhissalom) bu voqeadan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni xabardor qildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hazrat Ali (roziyallohu anhu)ni chaqirtirib, unga:

“Men Madinaga ketyapman. Bu omonatlarni ertaga egalariga topshirib, mendan keyin bu yerda qolmasdan, sen ham yo‘lga chiq! Bu kecha mening o‘rnimga kirib yot! Mening yopinchig‘im bilan o‘ran!” dedilar.

Keyin shu kecha xonalaridan chiqib, Yosin surasidan:

«Yana ularning oldilaridan bir to‘siq (parda), ortlaridan bir to‘siq (parda) qilib,ularni o‘rab qo‘ydik. Bas, ular «ko‘ra» olmaslar» (Yosin, 9), oyati karimani o‘qib, yerdan bir siqim tuproq olib, mushriklarning ustilaridan sochdilar va ularning oldidan o‘tib ketdilar. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu)ning uyiga borib, piyoda Makkadan chiqib ketishdi.

Shu kun ikkovlon piyoda yurib Savr tog‘idagi g‘orga yetib borishdi. U yerda bir necha kun turishdi. Quraysh kofirlari Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning chiqib ketganlarini bilganidan keyin, chor-atrofga odam yuborib, u kishini izlay boshladi. Qidiruvchilar g‘orning og‘zigacha bordi. Alloh taolo ularni g‘or ichiga kirishdan yiroq qildi. Holbuki, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va Abu Bakr (roziyallohu anhu) ularni ko‘rib turishgan edi. Hattoki, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) bir oz qo‘rqdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakrga: “Qo‘rqmang, Alloh biz bilan birgadir”, dedilar.

Ertasiga dunyodagi eng sodiq ikki do‘st, bir necha kundan buyon Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) safarga tayyorlab, boqib turgan tuyalarga minib, birgalashib Yasrib tomonga qarab jo‘nab ketishdi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

«Kofir bo‘lganlar sizni asir olish yo o‘ldirish, yoki (yurtdan) chiqarib yuborish uchunmakr qilganlarini eslang! (Ular) makr qiladi, Alloh ham “makr” qiladi. Allohmakr qiluvchilarning yaxshisidir» (Anfol, 30).

Makkadan Madinaga yuradigan karvon qumliklar va tog‘lar orasidan o‘tadi hamda bir necha kunga cho‘ziladi. Shuning uchun ular turli qishloqlarda qo‘nib o‘tadi. Masalan: Makkadan chiqqan karvon Saniyatul G‘azol, Kadid, Xalis, G‘uddid, Kuliyya, Jo‘hfa, Badr, Ravjo va Zulhulayfa qishloqlarini bosib, so‘ng Yasribga kirib kelardi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hamrohlari bilan karvon yo‘lida mushriklarga duch kelib qolmaslik, ularni chalg‘itish uchun, karvon yo‘lini ba’zi joylarda kesib o‘tib, zanjir hosil qilib safar qildilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning safar yo‘llari avval Yasribga qarama-qarshi tarafga, ya’ni Savr tog‘iga bo‘ldi. U yerdan Hudaybiyyaga bordilar, Batni Murra yaqinida karvon yo‘lini kesib o‘tib, Asfon yaqinidan o‘tdilar. Karvon yo‘lini yana Amaj qishlog‘i yaqinida kesib o‘tib, Ummu Ma’bad chodiriga yetdilar. Qarama-qarshi karvon yo‘lini kesib o‘tib, Saniyatul Murra qishlog‘iga va u yerdan bir necha kichik-kichik qishloqlar oralab, Quboga yetib bordilar.

Yasribga avvalroq hijrat qilgan muhojirlar va ularga g‘amxo‘rlik qilgan ansorlar shahar tashqarisiga chiqib, sevimli Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni intizorlik bilan kutib turishardi.

Havo issiq, barcha musulmonlar o‘zlarini soyaga olgan edi. Zarurat bilan qir tepasiga chiqqan bir yasriblik yahudiy uzoqdan bir to‘p qora kiyimlilar orasida oq libos kiygan ikki kishiga ko‘zi tushdi. Yasribliklar intizor bo‘lib kutayotgan kishilar shular bo‘lsa kerak, deb beixtiyor: “Ey arab eli, baxtinglar keldi, iqbolinglar ochildi”, deb baqirdi.

Shu kuni Yasrib yaqinida Shomdan qaytayotgan musulmonlar tijorat karvoni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yo‘liqib qoldi, ularning boshlig‘i Zubayr ibn Avvom edi. Ular Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va hamrohlarini ko‘rib: “Ey Allohning Rasuli, shahrimizga kelishingiz muborak bo‘lsin, yangilik bo‘lsin”, deb ikki oq libosni ikkovlarining ustilariga kiygazib qo‘yishdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning kelayotganlarini eshitgan musulmonlar soya-salqindan chiqib kelib, u zotga peshvoz chiqdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Yasribdan to‘rt chaqirim masofadagi Qubo qishlog‘iga kelib tushdilar. Bu kun milodiy sananing 622 yil, 20 sentabr, Rabiul avval oyining o‘n ikkisi, dushanba kuni edi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Quboda bir necha kun qolib ketdilar. U yerda Qubo masjidini bino qilish uchun joy hozirladilar. Sahobalar bilan birgalikda tosh jamlandi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari masjid qiblasini to‘g‘rilab, keyin muborak qo‘llari bilan masjid poydevoriga birinchi toshni qo‘yib berdilar.

Qur’oni karimda bu joy:

«Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid» (Tavba, 108), deb zikr qilindi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) juma kuni quyosh chiqar paytida yuzga yaqin musulmonlar hamrohligida Yasrib shahri tomon yurdilar. Yarim yo‘lga borganda peshin namozining vaqti kirdi. Shu yerda musulmonlar uchun juma namozi farz bo‘ldi va birinchi juma namozi ham, birinchi juma xutbasi ham shu yerda o‘qildi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shu kuni hamdu sanodan so‘ng: «Ey insonlar, salomatlik paytingizda oxiratingiz uchun tayyorgarlik ko‘ringlar. Bilinglar, qiyomat kunida Allohning huzuriga tarjimonsiz, vositachisiz borganingizda, Alloh sizga:

“Senga mening Rasulim kelib ogohlantirmadimi? Men senga mol berdim, senga lutfu ehson qildim, o‘zing uchun qanday hozirlik ko‘rding? Nafsing uchun nima hozirlading?” deb so‘raydi.

Shunda o‘ng va chap tomoningizga qarab hech narsa topa olmaysiz, so‘ngra old tomonga qaraysiz, jahannamdan boshqa hech narsa ko‘rmaysiz. Shunday ekan, har kim o‘zini, hattoki yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham, olovdan saqlasin, yaxshiliklar qilsin. Uni topa olmasa, go‘zal so‘z bilan o‘zini qutqarsin. Chunki yaxshilikning o‘n barobardan yuz barobargacha savobi bordir. Barchangizga Allohning salomi va rahmati bo‘lsin», dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar bilan birinchi jumani o‘qigan joylariga bugungi kunda “Jum’a” masjidi deb aytiladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) juma namozidan keyin Yasrib shahriga yaqinlashdilar. Yasrib ahlining qalbini Alloh allaqachon hidoyatga ochib qo‘ygan edi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni juda katta hurmat bilan kutib olishdi. Kattayu kichik, erkagu ayol ko‘chalarga, tomlarga chiqib, Saniyyatul Vado tepaligida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ko‘zlari tushishi bilan yuraklari jo‘shib, “Rasululloh”(Allohning rasuli) keldi, deb sevinganlaridan jo‘r bo‘lib ohang bilan:

“Tala’al badru alayna min saniyyatil vado’i,

Vajabash shukru alayna moda’a lillahi do’i,

Ayyuhal mab’usu fiyna ji’ta bil–amril muto’i,

Ji’ta sharraftal Madina, marhaban yo xoyra do’i.

Tarjimasi:

To‘lin oy chiqdi bizlarga Vado tog‘ining ustidan,

Kerakdur shukrini aytmoq, bu dunyo boricha bizdan.

Kelibsiz, xush kelibsiz, ey yubormish Alloh elchisi,

Kelib Madinani sharaflantirgan, marhabo, ey mohir do’i.

deyishar edi. Xalq Saniyyatul Vado tepaligidan ko‘ringan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni o‘n to‘rt kunlik oyga o‘xshatdi. Bir-birlarini tabriklashdi. Yasribda musulmonlar sonining ko‘payishini buyuk ne’mat deb bildilar. Ayniqsa, yosh qiz bolalar sevinch ko‘z yoshlari bilan:

“Biz qahramonlikda dong taratgan Bani Najjorning qizlarimiz. Hazrati Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) biz bilan qo‘shni bo‘lganlari bilan faxrlanamiz”, deyishdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bolalarga yaqin kelib: “Meni yaxshi ko‘rasizlarmi?” dedilar. Bolalar: “Jonu dilimiz bilan yaxshi ko‘ramiz”, dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham bolalarning javoblaridan mamnun bo‘lib: “Men ham sizlarni sevaman”, dedilar.

Har bir yasriblik musulmon u kishini o‘z uyiga tushishlarini istab, taklif etardi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularga:

“Tuyani o‘z holiga qo‘yinglar, u qayerda to‘xtasa, o‘sha yerda mehmon bo‘lamiz”, dedilar. Tuya asta-sekin yurib, hozirgi Masjidi Nabiy qurilgan joyga kelib cho‘kdi. Bir ozdan keyin o‘rnidan turib, Masjid minbari qo‘yilgan joyga borib cho‘kdi va bo‘kira boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Inshaalloh manzilimiz shu yerdir”, dedilar va tuyadan tushib: “Bu yerga eng yaqin uy kimning uyi?” deb so‘radilar. Hozirda qabrlari Istanbulda bo‘lgan Abu Ayyub Ansoriy darhol Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yaqin kelib: “Eng yaqin uy mening uyimdir, yo Rasululloh”, deb yuklarni ko‘tarib, o‘z uyi tomon boshladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):

«Yana ayt: “Ey Rabbim! Meni bir muborak manzilga tushirgin! Sen (manzilga) tushiruvchilarning yaxshisidirsan”» (Mu’minun, 29), deb duo qildilar va Abu Ayyubning orqasidan yurdilar. Tuya cho‘kkan joyning haqini to‘lab, sotib oldilar va u yerga masjid, yoniga esa oilalari uchun hujralar qurishni buyurib, o‘zlari to masjid qurilgunga qadar Abu Ayyubning uyida turdilar.

Hijratning ikkinchi yili, safar oyida masjid qurib bitkazildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) masjid yonida o‘zlari uchun qurilgan alohida xonalarga ko‘chib o‘tdilar. Bu xonalar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning “azvoji mutahharot”lari uchun qurilgan bo‘lib, ular“saodat hujralari” deyilar edi. Oysha onamiz (roziyallohu anho) ana shu hujralarning birida turgan, yosh bo‘lsa-da, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu)dek ulug‘ sahobaning xonadonlarida tarbiya ko‘rgan farzand ekanini har bir qadamda izhor qilgan va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning muhabbatlarini qozonishga muyassar bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga yashagan to‘qqiz yillik hayotlari davomida vahiyga shohid bo‘lib, ko‘p ilm o‘rgandi va sahobalar orasida ulug‘ mufassirlar hamda fiqh bilimdonlari qatoridan joy oldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarining ko‘pchiligi dehqonlar va savdogarlar edi. Ular Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan faqat namoz vaqtlaridagina ko‘risha olardi.

Shuning uchun masjidning yoniga bir suffa ham qilinib, uning usti kapa shaklida yopildi va u suffada faqir sahobalar, boshpanasiz g‘ariblar yashay boshladi. Ular doim masjidda bo‘lar, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlaridan hech ajralmas edi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) ham Suffa as’hoblaridan edi. Ular doim Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlarida bo‘lib, din ta’limini o‘rganishar, vahiylarni birinchi bo‘lib tinglashar, Qur’on va hadisni o‘rganishar edi. U joy alohida o‘ziga xos maktab bo‘lib, bu maktabning darsxonasi masjid, maskani Suffa, talabalari Suffa as’hoblari va muallimi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari edilar. Suffa as’hoblari butun hayotlarini din va ilmga baxshida etgan edi. Islom ilmlarining dastlabki maktabi shu tariqa tabiiy va sodda holda bunyod etildi. O‘ziga to‘q bo‘lgan sahobalar bu yerda istiqomat qiladigan tolibi ilmlar – “ahli suffa”larga qarar va oziq-ovqatlaridan xabar olib turardi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinadan tashqari biror yerga muallim yubormoqchi bo‘lsalar, Suffa as’hoblaridan birini tanlab yuborar edilar.

Payg‘ambar masjidining qurilishi bitgandan keyin masjid jamoasini jamoat namozlariga chaqirish muammosi paydo bo‘ldi. Masjidga yaqin mavzelarda yashovchi musulmonlar namozga avvalgi vaqtda kelib olishar, uzoqdagilar yetib kelguncha kutishga majbur bo‘lishar edi. Bu hol jamoatga og‘irlik qila boshladi. Juma va boshqa farz namozlarni o‘z vaqtida bildiradigan bir alomatga muhtoj bo‘lishdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarni mashvaratga yig‘dilar. Ba’zilar qo‘ng‘iroq chalishni, yana ba’zilar karnay chalishni, uchinchilari esa tepalikka olov yoqishni taklif qildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), bu odatlar yahudiylar, nasroniylar va majusiylarning odatlari ekanini aytib, ma’qul ko‘rmadilar. Mashvarat ahli, hozircha Bilol habashiy baland ovoz bilan: “Namozga, namozga!” deb chaqirib turishiga ittifoq qilib tarqaldi. Shu kuni kechasi ansorlardan biri Abdulloh ibn Zayd tush ko‘rdi va darhol kelib ko‘rgan tushini Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga aytib berdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xursand bo‘lib: “Inshaalloh, haq tush ko‘ribsan. Ko‘rganingni Bilolga aytib tur, uning ovozi senikidan balandroq, azonni u aytsin!” dedilar.

Bilolning azon tovushini eshitib, Umar (roziyallohu anhu) ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib, shunday tush ko‘rganini aytdi. Ayni shu paytda Jabroil (alayhissalom) azon haqida vahiy ham keltirgan edi. Shunday qilib, azon namoz vaqti va din erkinligining alomati sifatida joriy etildi. Azon lafzlari eshitganlarga Allohning yagonaligini, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning haqligini e’lon etish bilan birga, namozning ulug‘ ibodat va najot topishning asosiy yo‘rig‘i ekanini eslatadi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hijratlarigacha Yasrib deb atalgan shahar, u zot kelganlaridan so‘ng “Madinatun Nabiy”, ya’ni “Payg‘ambar shahri” yoki “Madinatul munavvara”, ya’ni “Payg‘ambar kelishlari bilan nur olgan shahar”, deb nomlandi. Bu nomlar qisqartirilib, faqat “Madina” shakligina qoldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlaridan keyin, bu yerda katta o‘zgarish sodir bo‘ldi. Hamma musulmonlar Madinaga ko‘chib kela boshladi. Ilgari Makka arablariga kuchli adovati bo‘lgan Avs va Xazraj qabilalari yoppasiga musulmonlikni qabul qilib, hijrat qilib kelgan makkaliklarga g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatar edi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ansorlar va muhojirlar o‘rtasida “muoxot”, ya’ni bir-birlari bilan “qardoshlik ahdlashuvi” orqali diniy birodarlik rishtalarini mustahkamlaganlaridan keyin, madinalik musulmonlar makkalik musulmonlarni uylariga olib borishlari, mol-mulklarini baham ko‘rishlari zarur bo‘ldi. Bu din qardoshligi tug‘ishgan qarindoshlikdan ham afzal edi. Ansorlar hayotlik paytidagina muhojirlarga yordam ko‘rsatmasdan, balki o‘layotgan paytida ham din qardoshiga me’rosidan ulush berishi lozim edi. Muhojirlar va ansorlar o‘rtasidagi bu qardoshlik Qur’oni karim oyatlari bilan mustahkamlandi:

«Albatta, imon keltirgan, hijrat qilgan, mollari va jonlari bilan Alloh yo‘lida(dushmanga qarshi) kurashgan va (muhojirlarga) joy berib yordam ko‘rsatgan(madinalik ansor)lar, aynan o‘shalar bir–birlariga do‘stdirlar» (Anfol, 72).

Madinada Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga va musulmonlarga do‘st ikki qabila bilan birga ikki ashaddiy dushman toifasi ham bor edi, ularning birinchisi Avs va Xazraj qabilasi orasidan chiqqan munofiqlar bo‘lib, bu toifaning boshlig‘i Abdulloh ibn Ubay ibn Salul edi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelmaslaridan avval Xazraj zodagonlaridan bo‘lgan Abdulloh ibn Ubay qabila raisligiga saylanish arafasida edi, bu ish amalga oshmadi. Ikki qabila ahli ham musulmonlikni qabul qilib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat qilishi va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni yaxshi ko‘rishi Abdulloh ibn Ubay hamda uning tarafdorlari qalbida adovat, nifoq olovi kuchayishiga sabab bo‘ldi. Munofiqlar zohiran musulmonlikni qabul qilgan bo‘lsa-da, qalblarida eski butparastlik e’tiqodini saqlayotgan edi.

Ikkinchisi, Madina yahudiylari: Falastindan kelib qolgan Bani Qurayza, Bani Qaynuqo’ va Bani Nazir nomli uchta qabila bo‘lib, ular munofiqlardan ham xavfliroq edi.

Yahudiylar azaldan Makka arablari bilan juda mustahkam savdo aloqalarini o‘rnatgan edi. Madinadagi bu ikki ashaddiy dushman kuchi Islomga qattiq xavf-xatar solib turardi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ehtiyot chorasini ko‘rib, xavfning oldini olish va Islom bag‘rikengligini izhor qilish maqsadida ansorlar va muhojirlarni bir-birlariga qanday qarindosh tutintirgan bo‘lsalar, ansorlar bilan yahudiylar orasida “Hamyurtlik, vatandoshlik” ahdnomasini tuzdirdilar.

Shunday qilib, hijratning birinchi yilida quyidagi muhim voqealar sodir bo‘ldi:

Juma namozi farz qilindi.
Payg‘ambar masjidi qurildi.
Azon mashru’ bo‘ldi.
Muhojirlar bilan ansorlar o‘zaro do‘stlashtirildi.
Yahudiylar bilan tinchlik ahdnomasi imzolandi.
Oysha onamizning to‘ylari bo‘ldi.
Payg‘ambar masjidlaridan keyin birin-ketin Madinada boshqa masjidlar ham qurila boshladi. Hamma masjidlarning qiblasi Quddus tarafga qaratilgan bo‘lib, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qiblaning Ka’ba tarafda bo‘lishini juda-juda xohlardilar. Ana shunday masjidlardan biri Bani Salama urug‘i masjidida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) asr namozini jamoatga o‘qib berayotgan edilar. Namozning ikkinchi rakatiga yetganlarida Alloh taolo oyat nozil qildi.

«Yuzingizni Masjidul Harom tarafga buring!» (Baqara, 144) oyati karimasi bilan Alloh taolo musulmonlarning qiblasi shu kundan e’tiboran Masdijul Harom tomonda bo‘lishini buyurdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) muborak yuzlarini Quddus tarafdan Makka tarafga burdilar, jamoa ham o‘z saflarini to‘g‘rilab oldi, asr namozining qolgan ikki rakatini Masjidul Haromga qarab ado qildilar. Shu kundan e’tiboran ana shu masjid – “Masjidul qiblatayn”, ya’ni “Ikki qiblali masjid”, deb nom oldi.

Bu voqea hijratning ikkinchi yilida sodir bo‘lib, birinchidan, musulmonlarning yahudiylar va nasroniylardan iborat ahli kitoblar bilan “qibla birligi” buzilgan bo‘lsa, ikkinchidan yaqinda Makka musulmonlar tomonidan fath etilishiga, Islom yuksak darajada ravnaq topishiga qat’iy ishora ham edi.

Hijratning birinchi yilida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar bilan yahudiylar orasida “hamyurtlik” ahdnomasini tuzdirgan bo‘lsalar-da, bu ahdnomaga amal qilishni yahudiylar istamayotgan edi.

Buning ustiga, tijorat hamkorlari bo‘lgan makkalik zodagonlar ketma-ket odam yuborib, yahudiylarni musulmonlarga qarshi gijgijlashar, agar musulmonlar kuchayib ketsa, Madina orqali Shomga o‘tadigan tijorat yo‘llari bekilib qolishini aytib qo‘rqitishar, shuning uchun musulmonlarni hali kuchaymasdan yo‘q qilish, imkon topilgan vaqtda o‘ldirishga tezlar edi. Shu sababli musulmonlarning hijratdan keyingi dastlabki yillari xavfu xatar bilan o‘tdi. Kechalari navbatchilik qilib, mijja qoqmay o‘tirishardi. Shuning uchun Madina atrofini qo‘riqlash maqsadida musulmonlardan birinchi posbonlar guruhi tuzildi va unga boshliq etib Abdulloh ibn Jahsh tayinlandi.

Yahudiylar va munofiqlardan har soniyada ehtiyot bo‘lish lozim edi. Buning ustiga qiblaning Masjidul Haromga o‘zgarishi Islom dushmanlari – yahudiylar, munofiqlar, mushriklarning g‘alamisligini oshirdi, adovatini kuchaytirdi. Natijada musulmonlar Islom dushmanlariga qarshi bir necha bor katta-kichik urushlar olib bordi. Aslida, musulmonchilikka majburan emas, da’vat, amru ma’ruf va nahyi munkar bilan odamlarni, qabilalarni, millatlarni jalb qilishga Alloh buyurgan edi. Sahobalar mushriklarga hujum qilish, zarba berish uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan ijozat so‘radi. Ammo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Biz bunga buyurilmadik”, deb ruxsat bermagan edilar. Ammo mushriklar, munofiqlar va yahudiylarning tajovuzkorliklari haddan oshib borishi, bir-birlari bilan musulmonlarga qarshi o‘zaro yordamlashishga ahdlashuvlari, musulmonlar bilan qilgan ahdlarini buzganlaridan keyin, Alloh taolo musulmonlarga ham mudofaa uchun jang qilishga izn berdi:

«Albatta, Alloh imon keltirganlarni mudofaa qilur. Albatta, Alloh barcha xoinva noshukrlarni suymas. (Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan(musulmon)larga, mazlum bo‘lganliklari sababli, (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir» (Haj, 38–39).

Janobimiz Muhammad (alayhissalom) Madinada 10 yildan ortiq ilohiy vazifalarni ado etdilar. 12 yil Makkada jami sal kam 23 yil mobaynida payg‘ambarlik faoliyatlarini olib bordilar.

Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan zot 632 yil dushanba kuni dorulfanodan dorulbaqoga rihlat qildilar. Payg‘ambar (alayhissalom) qamariy yil hisobi bo‘yicha salkam 63, shamsiy yil hisobida esa 61 yoshda olamdan o‘tganlar (ul zotga Allohning salavot va salomlari bo‘lsin).

Alloh taoloning mukarram bandasi, bashariyat ichida eng azizu mukarrami bo‘lgan Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlik burchlarini juda qisqa muddat ichida, a’lo darajada ado etib ulgurdilar. Biroq shu qisqa vaqt ichida oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlarga nisbatan juda og‘ir, murakkab, azob-uqubatli yo‘lni bosib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) avvalo, Allohning bandasi, shu bilan birga savdogar, ibratli oila boshlig‘i, mushriklar ta’qibiga uchragan muhojir, mohir notiq, so‘zi ta’sirli voiz, adolatli qozi edilar. Ko‘p narsadan xabardor alloma, yetuk sarkarda, mashhur davlat arbobi, hatto, podsho bo‘la olgan, insu jinga yuborilgan payg‘ambar edilar.

Ul zotdan bashariyatga, maxluqotu mavjudotga zulmatdan yorug‘likka, zalolatdan hidoyatga olib chiquvchi ikki buyuk nur qoldi. Biri Allohning kalomi – ilohiy vahiy bo‘lmish Qur’oni karim, ikkinchisi ul zotning sunnatlari – insoniyatga foydali hikmatlarga to‘la hadislari – vasiyatlaridir.

Usmonxon Alimovning “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlari” (1-jild) kitobidan

Manba

Fikr bildirish

• • • • • • • • • • • • • • • • • • • • •