Buxoro yangiliklari
“Forbes” jurnali muxbiri va boshqa jurnalistlar Buxoroga tashrif buyurdi
Kuni kecha “Forbes” jurnali muxbiri Melik Kaylan, jurnalist, siyosiy arbob, Nyu-York shahar kengashi deputati Ari Kagan, jurnalist Isaakson Endi Samuel va amerikalik yozuvchi va jurnalist, “Bukharian Times” gazetasi (Amerikadagi buxorolik yahudiylar tomonidan tashkil etilgan) bosh muharriri Rafael Nektalov kabi AQSh ning taniqli nashrlar muxbirlari Buxoroda kutib oldi.
2 kunlik tashrif davomida mehmonlar Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari, yahudiylar sinagogasi hamda qabristonini ziyorat qilishdi.
«Biz Tashqi ishlar vazirligi taklifi bilan O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarni yoritish uchun keldik. Asli o‘zbekistonlik bo‘lganim uchun Buxoroda yahudiylar jamiyati qanday yashayotganini ko‘rish men uchun qiziq, chunki qayerda yashamaylik, biz doimo ildizlarimiz haqida o‘ylaymiz. Bu yerdagi yahudiylar mahallasini faol qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston hukumatidan, xususan, Buxoro viloyati hokimidan cheksiz minnatdormiz. Qayd etishni istardimki, Buxoro viloyati hokimligi AQSh va Kanadadagi buxorolik yahudiylar kongressi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Men o‘zim bu yerda ko‘p marta bo’lganman va yahudiy qabristoni atrofidagi o‘zgarishlar hamda qurilish ishlarini ko‘rib turibman, keng ko‘lamli rekonstruksiya qilinmoqda. O‘tgan 5 yil ichida biz O‘zbekistonda juda ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Bu Samarqanddagi qabristonlardagi buxor yahudiylarining moddiy-madaniy yodgorliklarini saqlab qolishdir. Biz Shahrisabzda ham bo’ldik, endi Qo‘qonga boramiz va tabiiyki, dunyodagi buxorolik yahudiylar markazi Buxoro shahrini chetlab o‘tolmaymiz. Bu yerda ikki bobom ibodat qilishgan. Onam tomondan barcha qarindoshlarim Buxoro shahridan. Bu mening ona shahrim», – deydi “Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov.
Ma’lumki, turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng ommaga yoritilmoqda. Xususan, “The Telegraph” yer yuzidagi eng sarguzashtbop maskanlar roʻyxatini eʼlon qildi va Oʻzbekiston mazkur roʻyxatda birinchi oʻrinni egalladi.
“The Economist” nashri tomonidan esa Oʻzbekiston yil mamlakati deya tan olindi. Bundan tashqari, “Lonely Planet”, “Harpers Bazaar”, “The Spectator” va boshqa nashrlar tomonidan mamlakatning sayyohlik potensiali yuksak baholanib kelinmoqda. Turkiyaning “Türkiye” gazetasida “Oʻzbekiston turizm yulduziga aylanib bormoqda” sarlavhali maqola chop etilgan bo’lsa, Amerikaning «Forbes» jurnalida “O’zbekiston Buyuk ipak yo‘lining markazi sifatidagi tarixiy roliga qaytmoqda” sarlavhasi ostida maqola chop etilgan.
Unda maqola muallifi Melik Kaylan O‘zbekistonga tarixiy nuqtai nazardan nigoh tashlagan:
«Ipak yo‘li sivilizatsiya tarixida global qutblar, asosan G‘arb va Sharq o‘rtasida quruqlik orqali turli mahsulotlar, g‘oyalar, texnologiyalar, tillar va, eng avvalo, madaniyatlar almashinuvini amalga oshirish uchun hayot chizig‘i vazifasini o‘tagan. Asrlar, hatto ming yillar davomida u dunyoning markaziy qon tomiri bo‘lgan. Ipak yo‘li asosini hozirgi O‘zbekiston hududi, uning shahar va vohalari tashkil qilgan. Sharqdan yoki g‘arbdan cho‘llar orqali karvonlarda harakatlanayotgan, horigan sayohatchilar va savdogarlar ufqda qandaydir sarob ko‘tarilishi, miltillab ko‘zga tashlanayotgan istehkomlarni qamrab olgan yashillik, ko‘ngilga yoqadigan xush havo, mevali daraxtlar va gullab-yashnayotgan o‘simliklar haqida orzu qilgan. Afsonaviy Buxoro, Xiva va Samarqand nomlari hashamatli boylik va qadimiy urf-odatlarni o‘zida mujassam etgan. Tut, ipak va anor. Yer yuzidagi eng lazzatli qovunlar. Betakror matolar. Bozorlardagi qimmatbaho toshlar va nafis taqinchoqlar. Falsafa, musiqa, matematika, nafis miniatyura san’ati. O‘zbekiston asrlar davomida dunyo ongida o‘zgarmas o‘rinni egallab kelgan. Mamlakat ushbu o‘ziga xoslikni yana qaytarishi mumkin».
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi