O‘zbekiston

Naqshbandiya taʼlimotini dunyoga tarqalishiga muhim rol o‘ynagan maktab haqida bilasizmi?

photo 526

Loading

2017-yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida boʻlib oʻtgan anjumanda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning qoshida islom dinining alohida yoʻnalishlari boʻyicha ilm olishga, mutaxassis boʻlishga tayyorlab boradigan ilmiy maktablar tashkil etsak, nima deysizlar?”, degan murojaatlari anjuman ishtirokchilari tomonidan koʻtarinki kayfiyatda qabul qilindi[1].

Anjumanda yigʻilganlar Prezidentimizning “Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch boʻlib xizmat qiladi. Imom Buxoriy bobomiz yodgorlik majmuasida boʻlganimda bu masalaning naqadar muhim va dolzarb ekanini ayniqsa chuqur his etdim” [1] degan fikrlari bugungi kunda jamiyatda yoshlarimiz tarbiyasida muhim ahamiyatiga ega ekanligi oʻz isbotini topib bormoqda.

Shu maqsadda Prezidentimizning Samarqandda – Imom Buxoriy xalqaro markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazida kalom ilmi, Fargʻonada – Margʻinoniy ilmiy markazida islom huquqi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktablarini tashkil etish, kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch boʻlib xizmat qilishini amalda isbotlashimiz kerak. Chunki, jahon fani, diniy ilmlarni rivojlanishida qoʻshgan hissasida mutasavviflarimiz, muhaddislarimiz, mutakallimlarimizda ana shunday maktablarning ahamiyati katta boʻlgan.

Shunday maktablardan biri XVI asrda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan Dahbed maktabi boʻlib, naqshbandiya taʼlimotini dunyoga tarqalishiga muhim rol oʻynagan. Maktabning asoschisi naqshbandiya tariqatining nazariyotchisi Maxdumi Aʼzamning toʻliq ismi Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediydir. U Fargʻona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan. Kosoniyning otasi Qoraxoniylar (840-1212) sulolasiga mansub sultonlardan Burhoniddin Qilich (XI asr) avlodlaridan boʻlib, onasi esa Koson sayyidlari oilalariga mansub edi. Maxdumi Aʼzam ilk taʼlimni Koson maktablaridan birida olgan. Soʻng Axsikatda, Xoja Muborak madrasasida oʻqishni davom ettiradi. Kosoniyning domlasi Mulla Ziyo oʻz shogirdining aʼlo darajadagi qobiliyatini eʼtiborga olib, unga “ilm uz-zohir” va “ilm ul-botin” dan yaxshi taʼlim beradi.

Mutasavvifning Sayyid Ahmad Kosoniyning tariqat ilmidagi favqulodda isteʼdod va qobiliyatlari tufayli oʻz davrining zabardast ulamolari tomonidan eʼtirof etilib, “Maxdumi Aʼzam” unvoniga musharraf boʻladilar. “Mahdum” – xizmat qiluvchi odam. Odatda u piru ustozlarga beriladigan taxallus, chunki ularga oʻz muridlari va shogirdlari xizmat qilishadi. Bu taxallusni baʼzi joylarda piru ustoz va ulamolarning oʻgʻillariga nisbatan ham ishlatadilar.

photo 02 175

Naqshbandiya tariqatining nazariyotchi piri murshidi Hazrati Maxdumi Aʼzami Dahbediy va ushbu tariqatning yirik namoyandasi Maxdumi Aʼzam Hofiz al-Basir, kubraviya tariqatining piru muridi Hazrati Maxdumi Xorazmiylar shunday muborak va sharafli nom bilan sharaflanganlar.

“Aʼzam”, yaʼni ulugʻ degan maʼnoga ega. Tasavvuf va fiqhshunoslik ilmlari bobida uch buyuk zot “Aʼzam” (Ulugʻ) unvonini olishgan. Bular Imomi Aʼzam [2], Gʻavsul Aʼzam [3] va Maxdumi Aʼzam.

Dahbed maktabi va uning faoliyati nafaqat Markaziy Osiyoda balki uzoq Gʻarbda ham keng oʻrganilgan. Masalan, Buyuk Britaniyalik manbashunos olim Algar Hamid oʻzining “Dahbidiya” nomli maqolasida naqshbandiya tariqati piri Maxdumi Aʼzam hamda u kishining avlodlari faoliyatiga yuqori baho beradi[4]. Rus tadqiqotchisi professor N.Veselovskiyning “Dagbed” nomli tadqiqotida ham Maxdumi Aʼzamning qabrtoshlaridan koʻchirilgan toʻliq shajarasi keltirilgan.

Maxdumi Aʼzam shariat va tariqat ilmiga oid, axloq va ilohiyot masalalariga doir oʻttizdan ortiq diniy, falsafiy, axloqiy, ilmiy va adabiy risolalarni yozib qoldirgan.

Mutasavvif “Asror un-nikoh” risolasida muridlarni kuz shabadasi singari daraxtlarning yaprogʻini xazon qilib ularni gʻaflat tomon yetaklovchi noqobil “pirlar”ning bexosiyat nafaslaridan ogoh boʻlish lozimligini uqtiradi. Maxdumi Aʼzam har bir jamiyatning kelajagini uning qoʻynida oʻsib, ulgʻayayotgan yoshlarning yetarli va toʻliq parvarish olishga bogʻliq degan gʻoyani ilgari surgan. Bu masalada loqaydlik qilish yoki eʼtiborsiz boʻlishning oqibati halokat ekanligidan ogoh etganlar. Bu esa Dahbed maktabining qanchalik ahamiyatli ekanligini koʻrsatib beradi.

Maxdumi Aʼzamning izdoshlari, muridlari va muxlislari juda koʻp boʻlgan. Manbalarda Maxdumi Aʼzamni oltmishta avliyoni yetishtirgan murshid, (piri shasti) deb atashgan. Koʻpchilik hukmdorlar, davlat arboblari, shoiru ulamolar, unga qoʻl berib murid boʻlishgan. Jumladan, mutasavvif shayxlardan Muhammad Islom (1494-1563), Mavlono Lutfulloh ( 967/ 1559-979/ 1571), Mavlono Poyanda (1601.v.e.), Shayboniy hukmdorlaridan Ubaydulloxon (1538.v.e.), Abdulazizxon (1550.v.e.), Jonibek Sulton (1529.v.e.), temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) unga murid tushishgan.

“Buxoro avliyolarining tarixi” asarida Poyanda Muhammad Axsiy Fayziobodiyning faoliyati joʻybor shayxlari bilan chambarchas bogʻlangan, deb maʼlumot berilgan. Aslida Poyanda (abadiy, davom etuvchi. –Z.E.) hazrati Maxdumi Aʼzamning eng yaqin muridlaridan biri boʻlgan.

Maxdumi Aʼzamdan keyin naqshbandiya tariqatiga Joʻybor shayxlari piru murshidlik qilgan va naqshbandiyaning Oʻrta Osiyo tarmogʻining markazi yana Buxoroga koʻchgan. Maʼlumki, naqshbandiya tasavvufiy taʼlimoti va tariqati Buxoroda Bahouddin Naqshband tomonidan asoslangan. Uning xalifalari Alouddin Attor, Muhammad Porso va Yaʼqubi Charxiylar uni rivojlantirganlar. Yaʼqubi Charxiydan naqshbandiya taʼlimotini olgan Xoja Ahrori Valiy bu tariqatni Turkiya va Hindistonda yoyilishi, shu tufayli butun jahonga tarqalishiga sabab boʻlgan. Uning gʻoyalarini Muhammad Qozi orqali Maxdumi Aʼzam rivojlantirgan.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, birinchidan, Maxdumi Aʼzam vafotidan soʻng naqshbandiya tariqatlarida xalifalar oʻrtasida pirning maqomini olish, irshod huquqini qoʻlga kiritishga intilish kuchaygan deyish mumkin. Pirlik maqomini, irshod ijozatnomasini olish boʻyicha naqshbandiya tariqatining namoyandalari Maxdumi Aʼzamning muridlari Xoja Islom Joʻyboriy va Mavlona Lutfulloh oʻrtasida kurash kuchaygan deyish mumkin.

Prof. A. A. Semyonov Mahdumi Aʼzamning muridi Mavlono Lutfulloh Chustiyning [5] ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida fikr yuritgan. Amerikalik tadqiqotchi Vess Devin ham naqshbandiya-kubroviya taʼlimotining baʼzi kelishmovchiliklari haqida aytib oʻtgan. Unda Mavlono Lutfulloh Chustiy bilan kubraviya tariqati namoyandalari oʻrtasidagi kelishmovchilik boʻyicha soʻz ketadi. Ushbu tadqiqotlarda manbalarga asoslangan holda, Mavlono Lutfullohni turli shahar va viloyatlarda maʼlum taʼsirga ega boʻlgan shayxlarning pinhona va goho oshkora hujumi qurshovida qolganini koʻrsatib oʻtganlar. Bu holatdan maʼlumki, Markaziy Osiyoda Maxdumi Aʼzam vafotidan keyingi davrda naqshbandiya maktablari ichidagi raqobat tobora keskinlashib borgan.

photo 03 128

Manbalarni oʻrganish natijasida shunday xulosaga kelishimiz mumkinki, Xoja Islom Samarqand, Karmana, Buxoro viloyatlarida, Mavlono Lutfulloh esa, Toshkent, Fargʻona vodiysi, Hisor, Afgʻoniston hududlarida naqshbandiya tariqatidagi faoliyatlarini olib borganlar.

Dahbediya maktabining XVIII asr vakillari toʻgʻrisida tadqiqotchi Xaydarxon Yuldashxodjayev “Musoxon Dahbediyning Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni” (XVIII asr) mavzuidagi dissertatsiyasida alohida toʻxtalib oʻtgan.

Musoxon Dahbediy Maxdumi Aʼzam Kosoniy Dahbediy (1461-1542) avlodlaridan boʻlib, Samarqanddan 15 km shimolda joylashgan Dahbed mavzesida dunyoga kelgan. Ilk tahsilini Samarqanddagi Tillakori madrasasida olgan Musoxon Dahbediy keyinchalik Kubraviya tariqatidan koʻzga koʻringan vakili Muhammad Rizo Qarnakiy hamda Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqatidan Miyon Obid Jahonobodiy (vaf. 1738-39) qoʻlida taʼlim oladi. Shayx Muhammad Obid Musoxon Dahbediyga toʻrt tariqat: Naqshbandiya, Qodiriya, Suhravardiya va Chishtiyaga rahbarlik qilish ijozatini bergan. 1756 yillarda Musoxon Dahbediy va uning izdoshlari Hindistondan Samarqandga keladi. Shu tariqa Naqshbandiya taʼlimotining markazi Hindistondan Markaziy Osiyoga koʻchadi. Musoxon Dahbed maktabining faoliyat doirasi butun Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Xuroson, Hindiston oʻlkalarini oʻz ichiga qamrab olgan.

Xulosa qilib aytganda, Musoxon Dahbediy Naqshbandiya-Mujaddidiya sulukining nazariy rivojiga katta hissa qoʻshdi, Naqshbandiya tariqatini eʼtiqod va amaliyot borasidagi turli xurofotlardan tozalab, asarlarida tariqat taʼlimotini Qurʼon va sunna asosida qayta ishlab chiqdi. Naqshbandiya tariqati Movarounnahrda tashkil topib, shu makonda gurkirab rivojlangan boʻlsa-da, lekin XVII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, uning markazi Hind diyoriga koʻchgan edi. Musoxon Dahbediy bu tariqatni oʻz diyori – Movarounnahrga qaytarib olib keldi va rivojlantirdi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki Dahbed maktabi oʻz vaqtida Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy hayotda muhim oʻrin egallagan. Maxdumi Aʼzam merosidan bizgacha yetib kelgan risolalalar globallashuv sharoitida yoshlarni gʻoyaviy-tarbiyaviy immunitetini kuchaytirishda, oila farovonligi va nikoh tushunchalarini qadrlashni shakllanishida foydalanish yoʻllarini tadqiq etishda muhim ahamiyatga egadir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  • “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev maʼruzasi (2017-yil, 15-iyun, Toshkent);
  • 699-767-yillarda yashagan: “Xanafiya” mazhabining asoschisi;
  • 1079-1166-yillarda yashagan: “Qodiriya” tariqatining asoschisi;
  • https://www.iranicaonline.org/articles/dahbidiya ;
  • A. A. Semyonov “Unikalniy pamyatnik agiograficheskoy sredneaziatskoy literaturi XYI veke“, Izvestiya Uzbekistanskogo filiala Akademii nauk SSSR, № 12 (1940), S. 42-52; № 13 (1941).

Mualliflar: Erkin Zoyirov, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti hamda Doniyor Gʻafurov, tadqiqotchi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    photo
    18.03.2024

    Buxoroda maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus va yuk mashinasi o‘rtasida sodir bo‘lgan avariya oqibatida o‘quvchi halok bo‘ldi (video)

    photo
    29.02.2024

    Buxorodagi san’at maktabida usta pianinoni keti bilan chalgani rostmi yoxud feyk-xabar ortida nima turibdi?

    photo
    27.02.2024

    Buxorolik tadbirkorning o‘z joniga qasd qilgani rostmi yoxud yolg‘on xabar ortida shaxsiy manfaat turibdimi?

    photo
    26.02.2024

    Buxoroda aeroport orqali qadimiy tangalarni Dog‘istonga olib ketishmoqchi bo‘lishdi

    photo
    23.02.2024

    Har bir murojaat e’tiborda — Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi

    photo
    09.02.2024

    Ipoteka krediti asosida olingan uy-joyni kreditni to’lamasdan boshqa shaxsga sotish mumkinmi?

    photo
    31.01.2024

    Huquqshunos sharhi: talabalar ham oliygohdan “suyunchi puli” olishga haqli

    picture
    25.01.2024

    Murodjon Umarov O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi

    picture
    23.01.2024

    Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Achilovga hayfsan berildi

    picture
    19.01.2024

    “Yordam beringlar, otam onamni o‘ldiryapti!” — 20 yillik turmushdan so‘ng qorako‘llik erkak o‘z xotinini bolalari ko‘z o‘ngida o‘ldirdi

    picture
    18.01.2024

    G‘ijduvonlik “uddaburon” tanishining xonadonidan tamaki kontrabandasi uchun foydalanmoqchi bo‘ldi

    picture 1
    17.01.2024

    Markaziy bankning Buxorodagi rahbari Erkin Mansurovning 20 mln dollarlik jinoyat ishidagi aybi isbotlanmadi

    picture
    17.01.2024

    Buxoroda bojxona orqali jangovor o‘qlarni olib o‘tishga urinish bo‘ldi

    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.