Buxoro yangiliklari

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi nega Buxoroga keldi?

photo 546

Loading

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-iyuldagi Qarori bilan «Sahovat» va «Muruvvat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktirilganligidan xabarimiz bor, albatta.

Shunga asosan, joriy yilning 5-sentabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi Akmalxo‘ja Mavlomov Buxoro shahridagi nogironligi bo‘lgan ayollar va bolalar uchun mo‘ljallangan “Muruvvat” uylari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, – deya xabar bermoqda qo‘mita axborot xizmati. Mazkur tibbiy-ijtimoiy muassasalarda 267 nafar bolalar parvarishlanmoqda va 306 nafar ayollar istiqomat qilmoqda.

photo 01 144

“Muruvvat” uylari faoliyati bilan tanishish jarayonida Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi bu yerdagi mavjud shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, xususan kirish yo‘llarini asfalt bilan qoplash, bo‘sh yer maydonlarini hudud iqlimiga mos nihollar ekish orqali ko‘kalamzorlashtirish, ruhiy va jismoniy rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan shaxslarning zamonaviy abilitasiya va reabilitasiya muolajalari uchun zarur texnologik sharoitlarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Qo‘mita raisi “Muruvvat” uylarida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlarida qatnashib, tarbiyalanuvchilarning quvonchiga sherik bo‘ldi.

Shuningdek, mas’ul rahbar Qorako‘l tumanidagi nogironligi bo‘lgan erkaklar “Muruvvat” uyi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu muassasada hozirda 305 nafar vasiylikka olingan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

photo 03 132

Ma’lumki, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga bojxona organlari tomonidan aniqlanib, davlat daromadiga o‘tkazilgan tovar moddiy boyliklarni Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslantirilgan so‘rovlariga asosan tibbiy-ijtimoiy muassasalarga beg‘araz topshirish huquqi berildi.

photo 02 184

– Bularning barchasini Muhtaram Prezidentimizing sizlarga ko‘rsatayotgan yuksak g‘amxo‘rligi deb qabul qiling. Unutmang, Sizlar hamisha davlatimiz rahbarining doimiy e’tiboridasizlar! – dedi Akmalxo‘ja Mavlonov.

Ayni shu imkoniyatdan foydalanib, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi Buxoro viloyatidagi “Muruvvat” uylariga 42 dona televizor va 24 ta konditsionerlarni beg‘araz topshirdi.

Akmalxo‘ja Mavlonov kun boshida Buxoro shahridan 70 km olisdagi Qorako‘l tumanining “Do‘rmon” mahallasi, “Yangi O‘zbekiston” massivida Davlat bojxona qo‘mitasi hissasi bilan 330 o‘rinli yangi maktab binosi qurib, foydalanishga topshirish jarayonida ham qatnashdi. Tadbirda faxriy qorovul saf tortib, davlatimiz madhiyasi jarangladi.

photo 04 102

Bu maktabning aynan Qorako‘l tumanida ham qurilishi bejiz emas. Qorako‘l maktab ta’lim tizimi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda o‘z o‘rni va nufuziga ega. Ushbu hudud azaldan o‘zining bilimga chanqoq yoshlari bilan nafaqat Vatanimizda, balki jahon miqyosida ham mashhurdir.

Jumladan, joriy yilning o‘zida qorako‘llik o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 7 ta kumush, 5 ta bronza medallari qo‘lga kiritganliklari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Tadbirda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva, tuman faollari, ustozlar, ota-onalar va o‘quvchilar ishtirok etishdi.

DBQ Raisi maktabdagi shart-sharoitlar bilan atroflicha tanishib, mavjud shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, ayniqsa yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligi ta’kidladi.

Maktab o‘quvchilari va ota-onalar bilan yaqindan suhbatlashib, ularning Prezidentimizga yo‘llangan bayram tilaklariga quloq tutdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.