O‘zbekiston

Buxoroliklar Taekvondo ITF Jahon kubogi musoboqasida 3–o‘rinda

photo 01 169

Loading

Joriy yilning 1-oktabridan Sloveniya davlatining Koper shahrida sportning “Taekwon-do ITF” turi bo‘yicha Jahon kubogi musobaqasi boshlandi.

Ushbu musobaqada Buxoro tumani sport maktabi o‘quvchilari ham munosib ishtirok etishdi va faxrli o‘rinlarni egallashdi. Jumladan, Javohir Karimov 3-o‘rin bilan shoxsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, trener Umida Ahrorova ham turnirda murosasiz kechgan uchrasuvlarda qatnashib, 3-o‘rinni egalladi.

Musoboqalar bugun, 9-oktabr kuni o‘z nihoyasiga yetadi.

photo 02 243

Ushbu sport turi haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, taekvondo (koreyscha: 태권도) koreys kurash turi bo‘lib, Janubiy Koreyaning ham milliy sportidir. 2000-yildan Olimpiya oʻyinlari tarkibiga kiritilgan.

Taekvondo (koreyschada “tae” – oyoq, “kvon” – qoʻl, “do” – yoʻl, yaʼni oyoq va qoʻllarning harakat yoʻli) — sport kurashi turi. Bunda erkak va ayollar belgilangan maydonchada oʻz vazn toifalarida (himoya vositalarida) yakkama-yakka olishish va maxsus mashqlarni bajarish mahoratini namoyish etish borasida yakka va jamoaviy tarzda oyoq va qoʻllarda zarbalar berish yoki zarba harakatlarini qayd etish boʻyicha musobaqalashadilar. Taekvondoda musobaqalar 2 yoʻnalishda — Xalqaro taekvondo federatsiyasi (ITF; 1966-yil tuzilgan, 140 dan ortiq mamlakat aʼzo) va Jahon taekvondo federatsiyasi (WTF; 1973-yil tuzilgan, 140 dan ortiq mamlakat aʼzo) yoʻnalishlarida tashkil etiladi.

Taekvondo asli koreys xalqining kurash turi hisoblanadi. Tarixga nazar solsak, miloddan 600 yil ilgari koreyslar jang qilish va himoyalanish vositasi sifatida uning usullarini qoʻllaganlar. Taekvondoning rivojlanishida subak, xvaran va boshqa kurash yoʻnalishlari muhim rol oʻynadi.

Taekvondoning ITF yoʻnalishiga 1955-yil KXDR da asos solingan. Bu yoʻnalishda sportchilarning boshga tepishi, beldan pastga zarba berish, umuman, tananing ruxsat etilgan qismiga ham oyoq bilan toʻliq zarba berish taqiqlangan. Shuningdek, qoʻl bilan ham kuchli zarba berishga ruxsat etilmaydi. Musobaqalar (5 ta vazn toifasida) 2 boʻlimda (har boʻlim 2 daqiqadan, tanaffus – 1 daqiqa) davom etadi. Aniq zarbalarga “ochko” beriladi. Maxsus mashqlarni bajarishga maʼlum vaqt ajratiladi va ijro texnikasi baholandi.

Taekvondoning WTF yoʻnalishiga 1961-yil Koreya Respublikasida asos solingan. 2000-yil taekvondo (WTF) Sidney olimpiadasi dasturidan oʻrin oldi. Taekvondo (WTF) sportchilarning qoʻl va oyoqlarda tananing beldan yuqori, old qismiga zarbalar berishiga ruxsat etadi. Musobaqalar (8 vazn toifasida) sportchilarning himoya vositalarini kiygan holida tashkil qilinib, 3 boʻlimda (har boʻlim 3 daqiqadan, tanaffuslar – 1 daqiqa) davom etadi. Aniq zarbalarga “ochko” beriladi. Gʻolib nokautga yoki “ochko”lar koʻpligiga qarab aniqlanadi.

Oʻzbekistonda taekvondo (ITF) 1989-yildan ommaviylashdi. Oʻsha yili Oʻzbekiston taekvondo (ITF) federatsiyasi tuzildi va ITF ga qabul qilindi. Bu federatsiya 2000-yilda Oʻzbekiston taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasi nomi bilan qayta roʻyxatdan oʻtdi. Uning viloyatlarda boʻlimlari tuzilgan, 40 dan ziyod taekvondo (ITF) klublari faoliyat koʻrsatadi. 200 dan ortiq murabbiy 50 mingdan koʻproq taekvondochi bilan shugʻullanmoqda (2004-yil).

Oʻzbekistonda taekvondo (ITF) musobaqalari muntazam oʻtkaziladi va oʻzbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda ham ishtirok etishadi. Poʻlat Usmonov, Valeriy Pak, Viktor Nikolayev va boshqa taekvondo (ITF) ning Oʻzbekistondagi dastlabki targʻibotchilari boʻlishgan. Endilikda ular yetakchiligida Botir Mamedov, Dmitriy Nim, Nasriddin Tolipov, Shahnoza Shuqratjonova, Aleftina Kim, Moisey Nogay kabi oʻnlab sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli musobaqalarda sovrindorlar qatoridan oʻrin olishdi.

Taekvondo (WTF) Oʻzbekistonda 1990-yildan ommaviylashdi va oʻsha yili respublika taekvondo (WTF) federatsiyasiga asos solindi. Bu federatsiya 1992-yilda Oʻzbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi nomi bilan qayta roʻyxatdan oʻtdi va 1993-yilda WTF ga aʼzo boʻldi. Uning viloyatlarda boʻlimlari bor, 10 ta shahar taekvondo (WTF) klubi, tumanlardagi toʻgaraklarida 200 ga yaqin murabbiy 17 mingdan ziyod taekvondochi bilan mashgʻulot olib boryapti (2004-yil). Oʻzbekistonda taekvondo (WTF) musobaqalari muntazam oʻtkazilyapti va sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ham qatnashyapti. Olek Pak, Adik Li, Aleksey Kan va boshqa taekvondo (WTF) ning yurtimizdagi dastlabki targʻibotchilari boʻlishgan. Yevgeniy Xan, Eduard Xegay, Ravshan Toshpoʻlatov, Umid Dadaxonov, Sanjar Mansurov, Natalya Mikryukova kabi sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli musobaqalarda medallarni qoʻlga kiritishgan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.