Salomatlik

Dolzarb. Gripp va boshqa o‘tkir respirator kasalliklar bilan xastalanmaslik uchun tavsiyalar

photo 937

Loading

Kuz-qish masumida havo haroratining pasayib borishi natijasida ko‘pchilikda xalq tilida “shamollash”, ya’ni kasalliklar o‘tkir respirator kasalliklari, shu jumladan gripp ko‘payadi.

O‘tkir respirator kasallik nima?
Ushbu kasalliklar asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan hamda birinchi navbatda nafas yo‘llarini zararlaydigan yuqumli kasalliklar hisoblanib, isitma, tumov, yo‘tal va tomoqda og‘riq kabi belgilar bilan kechadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari asosan viruslar bo‘lib, ba’zan bakteriyalar ham bo‘lishi mumkin. Ushbu yuqumli kasalliklardan eng xavflisi esa bu grippdir.

Gripp qanday kasallik?
Gripp – viruslar keltirib chiqaradigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tananing umumiy zaharlanishi, nafas a’zolarining, asosan yuqori nafas yoʻllarining yallig’lanishi bilan kechadigan kasallik hisoblanadi. Kasallik ba’zi hollarda epidemiya ko‘rinishida tus olib, har yili millionlab odamlarni shikastlaydi.

Gripp sog‘lom odamga qanday yuqadi?
Gripp sog‘lom odamga bemor aksirganda, yo‘talganda, gapirganda, o‘pishganda va u foydalangan buyumlarni ishlatganda yuqadi. Viruslar havo orqali 2-3 metr masofagacha tarqaladi. Havoda so‘lak tomchilari hayot faoliyatini 4-5 soat davomida saqlab qoladi. Buyumlar yuzasida esa 3-4 kungacha yashab qolishi mumkin.

Gripp kasalligining yashirin davri mavjudmi?
Gripp kasalligining yashirin davri juda qisqa bo‘lib, bir necha soatdan 1-2 kungacha davom etadi. Yashirin davrning davomiyligi inson organizmiga tushgan viruslar miqdori, immun tizimining shu vaqtdagi holati va boshqa shu kabi bir necha omillarga bogʻliq.

Kasallik boshlanayotganligini qanday belgilari bor?
Kasallikning boshlanishida bemorning kayfiyati yomonlashadi, et uvishishi, umumiy holsizlik, tanasida, shuningdek qo‘l va oyoqlarida zirqirab og‘riq paydo bo‘ladi. Tana harorati ko‘tariladi, bosh og‘rig‘i va yo‘tal bezovta qiladi. Ba’zi hollarda esa, kasallikning birinchi soatlaridan boshlab, qaltirash, isitmaning ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, aylanishi, ko‘ngil aynishi, qusish, ko‘z olmasining og‘rishi, yorug‘likka qaray olmaslik, terlash kabi belgilar ham paydo bo‘ladi. Isitma 39-40 darajaga ko‘tarilishi mumkin.

Kasallikning belgisiz shakllari ham uchraydimi?
Albatta, grippning klinik belgilari kam ifodalangan yoki umuman sog‘lom shakldagi kasallikni o‘tkazish holatlari ham mavjud. Ba’zan gripp yengil shaklda o‘tadi, tana haroratining ko‘tarilishi, lohaslik, keyinroq esa yo‘tal va tumov belgilari namoyon bo‘la boshlaydi. Ayrim bemorlarda kasallik faqatgina bir oz bosh og‘rig‘i bilan kechib, tana harorati me’yorida bo‘ladi, shamollash belgilari bo‘lmaydi. Lekin bu bemorlar ham ma’lum muddat boshqalarga virus tarqatib turishadi.

Grippning qanday asoratlari mavjud?
Eng xavfli asosratlaridan o‘pka to‘qimalarining yallig‘lanishi – pnevmoniya, miya pardalarining yallig‘lanishi – meningit, meningoensefalit, quloq, burun bo‘shliqlari, buyrak to‘qimalarining yallig‘lanishi kabi asoratlarning yuzaga kelishi bilan xavflidir. Shuningdek, o‘pka sili, revmatizm va boshqa kasalliklarning qaytalanishiga sabab bo‘ladi.

Grippga qarshi emlashning qanchalik samarasi bor?
Yuqumli kasalliklarga qarshi eng yaxshi profilaktika bu – emlashdir. Vaksina grippning ushbu mavsumda eng ko‘p uchrashi kutilayotgan va eng xavfli hisoblanayotgan 3-4 ta shtammiga qarshi qaratilgan bo‘lib, emlash ushbu shtammlar bilan organizm to‘qnash kelganida kasallikdan himoyalashga qaratiladi. O‘rganilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, emlanmagan jamoalarda emlangan jamoalarga nisbatan 3-4 barovar ko‘p kasallanish holatlari, shuningdek asoratlar qayd etilgan.

Gripp kasalligi profilaktikasi yuzasidan nimalar tavsiya qilinadi?
Gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kurashishda kasallikni erta aniqlash, erta tashxis qo‘yish va jamoadan alohidalash muhim o‘rin kasb etadi.

Odam oʻzini va atrofdagilarni kasallikdan himoya qilish uchun:
– o‘tkir shamollash belgilari paydo bo‘lganda, mustaqil turli dori vositalarini qabul qilmasdan zudlik bilan shifokorga murojaat qilish;
– yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni toza dastro‘mol bilan berkitish;
– bemorlar bilan yonma-yon o‘tirmaslik va yaqindan gaplashmaslik;
– jamoat joylarida niqobda bo‘lish;
– ko‘chadan kirganda va ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvish;
– piyoz va sarimsoq piyoz kabi kabi fitonsidlarni iste’mol qilish;
– tanasini sovqotishdan saqlashi, ayniqsa, kiyim-kechaklarni va oyoqni quruq, issiq tutish;
– mavsum oldidan grippga qarshi profilaktik emlash olish zarurdir.

Yuqorida koʻrsatib o‘tilgan maslahatlar to‘liq amalga oshirilsa, gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishini oldini olgan bo‘lamiz.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.