Buxoro yangiliklari
Olot chegara posti orqali marixuana olib oʻtmoqchi boʻlgan turkiyalik yuk avtomashinasi haydovchisi ushlandi

Joriy yilning 3-yanvar kuni “Turkiya–O‘zbekiston” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan shaxs “Olot chegara bojxona posti” xodimlarida shubha uygʻotadi va uning boshqaruvidagi «Mercedes-Benz» rusumli yuk avtomashinasi oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechiriladi.
Natijada postning avtotransport vositalarini nazoratdan o‘tkazish joyida Turkiya fuqarosi yuk avtomashinasi kabinasining haydovchi tomon oyoqlari ostidagi gilam tagida oq qog‘ozga o‘ralgan hamda tamaki mahsuloti bilan aralashtirilgan giyohvandlik o‘simligi xashagiga o‘xshash modda bo‘laklari borligi aniqlanadi. Ushbu modda xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olinadi.
Buxoro viloyat IIB Ekspert kriminalistika markazining sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, avtomashina kabinasidan olingan modda “Marixuana” giyohvandlik vositasi bo‘lib, sof vazni 0,26 gr ni tashkil etgan.
Ayni damda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 246-moddasi, 1-qismi bilan ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.