Buxoro yangiliklari
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
Yozma manbalarda Somoniylar sulolasining turli vakillari, ular hukm surgan davrdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvol haqida batafsil ma’lumotlar mavjud. Lekin Somoniylar sulolasining kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlar juda ham kam va bir-biriga ziddir. Shuning uchun bu masala shu paytgacha hali aniq yechimini topmagan. Somoniylarning asl kelib chiqishi noma’lum bo‘lsa ham, ko‘pchilik mutaxassislar orasida ularning kelib chiqishi fors va Sosoniylar sulolasi bilan bog‘liq degan xato fikr hukm surib kelmoqda. Bu esa boshqa mutaxassis bo‘lmagan olimlarning tadqiqotlarida va deyarli barcha ensiklopedik nashrlarda o‘z ifodasini topgan.
Aslida tarixda mustaqil Somoniylar davlati bo‘lganmi? Tarixiy manbalar buning aksini ko‘rsatmoqda. Somoniylar rasman Abbosiylar xalifalarining voliylari bo‘lib, ularga itoat qilganlar va ularning barcha buyruqlarini so‘zsiz bajarganlar. Somoniylarning mahalliy ma’muriyati Abbosiylarning boshqaruv tizimi bilan bir xil edi. Ismoil Somoniy hech qachon mustaqillikka intilmagan, aksincha, u bir necha marta Bag‘doddagi boshliqlaridan xalifaning shaxsiy soqchilari qatorida xizmat qilishni so‘ragan. Ammo har safar uning iltimosi rad etilib, u amir unvonli oddiy voliy lavozimi bilan qanoatlanishga majbur bo‘lgan.
Somoniylar chet ellarning hukmdorlari bilan hech qanday diplomatik aloqalarga ega bo‘lmagan. Bunday huquq faqat xalifalarga tegishli edi. Manbalarda Buxoro shahriga Somoniylar huzuriga faqat bir marta elchilar kelganligi haqida ma’lumot bor. Bu elchilar 327/938-39-yilda amir Nasr ibn Ahmad huzuriga “al-Sin”, ya’ni Sharqiy Turkistondan kelgan edilar. Elchilar Nasr ibn Ahmadga al-Sin hukmdorining maktubini keltirgan edilar. Maktubda u amirdan o‘tgan 27 yil uchun tovon to‘lashni va al-Sin hukmdoriga bo‘ysunganini rasman e’tirof etishni talab qilgan. Aks holda u Somoniylarga qarshi qo‘shin yuborishini, keyin esa Iroqqa va butun xalifalikka qarshi yurish qilishini aytib do‘q qilgan.
Elchilar Nasr ibn Ahmad tomonidan qabul qilindi. Amir ularga quyidagi mazmundagi javob maktubini berdi: “Ey, bolakay, bilginki, men seni va senga o‘xshashlarni inkor qilmaganimning sababi qo‘rquvdan, zaifligimdan yoki qo‘shinlarim va qurol-yaroqlarim yetishmaganidan emas. Menga oliy hukmdorim (ya’ni xalifa) harakat qilishimga buyruq bermaganligi sababli biror harakat qilishdan tiyilib keldim. Mening dinimda buyruqsiz biror harakatlarni qilish ruxsat etilmaydi…”
Bu o‘rinda aftidan, Sharqiy Turkistondagi qarluqlarning hukmdori haqida so‘z yuritilgan. Mazkur elchilar bilan birga Somoniylar tomonidan Abu Dulaf ismli arab Sharqiy Turkistonga bordi. Ko‘p o‘tmay qarluq hukmdori islom dinini qabul qilib, Somoniylar bilan qarindoshlik aloqalari o‘rnatdi.
Oxirgi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Somoniylarning kelib chiqishi qadimgi turklar bilan bog‘liq bo‘lganligiga ishora qiluvchi asl manbalar topildi. Xususan, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Somonxudotning bobokaloni Bahrom Chubin Sosoniylarning harbiy xizmatida bo‘lgan o‘g‘uz qavmiga mansub sarkarda bo‘lgan.
U Xuroson voliysi etib tayinlangan va Balx shahrida yashagan. Bu yerda unga qarashli yerlar va mulklar bo‘lgan. 590-yilda u Sosoniylarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib, mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng turklar tomonga qochib o‘tgan va Buxoroda turk xoqonining qiziga uylangan. Ana shu oilaning avlodlari Somon-xudotning ajdodlari bo‘lgan. Taxmin qilinishicha, ular Farg‘ona vodiysidagi Qubo shahrida yashaganlar. Ayrim manbalarda yozilishicha, Somoniylarning ajdodlari islomdan oldin butun Movarounnahr hukmdorlari bo‘lganlar. Bu ma’lumot shunga ishora qiladiki, Somoniylar o‘zlarini turk xoqonlarining avlodlari deb hisoblaganlar. Chunki islomga qadar butun Movarounnahr hukmdorlari faqat turk xoqonlari bo‘lishi mumkin edi.
Bu ma’lumotni aniq tasdiqlovchi dalil ham topildi. Buyuk Britaniyadagi Oksford universitetining numizmatik fondida amir Mansur ibn Nuh tomonidan 358/968-69-yilda Buxoroda zarb etilgan kumush dirham saqlanadi. Uning old tarafida arabcha yozuvlar, orqa tarafida esa o‘ng tomonga qarab turgan hukmdor surati tasvirlangan. Uning yuz tuzilishi, qulog‘idagi ziragi va boshidan orqasiga osilib turgan kokili uning qadimgi turk hukmdori ekanligidan dalolat berib turibdi. Taxmin qilinishicha, bu suratda Somoniylarning islomdan oldingi ajdodlaridan biri, ehtimol, Somon-xudot yoki turk xoqoni El-tegin tasvirlangan.
Turk xoqonligi To‘xoristonni ishg‘ol qilgandan keyin (618-y.) Farg‘onadagi Bahrom Chubin avlodlarining ba’zilari Balx shahriga kelib, ilgari bobolariga tegishli bo‘lgan mulk yerlarini o‘zlariga qaytarib olganlar. Ulardan biri Barmak ismli kohin bo‘lib, Balxda Navbahor ibodatxonasiga asos solgan. Uning avlodlari Navbahor ibodatxonasida kohinlik ishini davom etdirib, ular ham Barmak deb atalganlar. Arablar Navbahor ibodatxonasini xarobaga aylantirgandan keyin Barmak islom dinini qabul qildi va uning avlodlari Barmakiylar arablarning ma’muriyatida xizmat qildilar.
Shunday qilib, Barmakiylar va Somoniylar oilalari o‘zaro qarindosh bo‘lganlar va Bahrom Chubinning avlodlari hisoblanganlar. Arablar O‘rta Osiyoga bostirib kelganda, Somon-xudot Farg‘onadan Balxga, u yerdan esa Marv shahriga kelib, bu yerda islom dinini qabul qilgan va Xuroson voliysi al-Ma’munning Marvdagi saroyida xizmat qilgan. 204/819-20-yilda Bag‘dodga ketishdan oldin al-Ma’mun yaxshi xizmatlari uchun uning 4 ta nabirasini Movarounnahr shaharlariga hokim etib tayinlashni buyurgan. Ular dastlab Xuroson voliylari Tohiriylarga bo‘ysinib xizmat qilganlar. 261/874-75-yildan boshlab Nasr ibn Ahmad yangi tuzilgan ma’muriy birlik Movarounnahr voliysi deb e’lon qilingan.
Somon-xudotning asl ismi Arquq bo‘lgan. “Somon” so‘zi sanskrit tiliga mansub bo‘lib, buddaviylik martabalaridan biri hisoblangan. O‘g‘uzlarning rivoiy kitoblarida Somon-xudot “Somon-yabg‘u” deb atalgan va o‘g‘uzlarning ajdodlari qatorida tilga olingan. Al-Muqaddasiyning geografik asarida “Somon turklari” qayd etilgan. Ma’lumki, Somoniylarning qo‘shinlari, harbiy qo‘mondonlari va saroy xizmatchilari asosan turklardan iborat bo‘lgan.
Lekin Somoniylar saroyda turk tilini joriy qilishga urinmaganlar. Uning o‘rniga yangi fors tilini qo‘llab-quvvatlaganlar va bu tilda ijod qilgan shoirlarga homiylik qilganlar. Bu xususiyat ulardan keyin hukmronlik qilgan turk sulolalari – Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlarga ham xos bo‘lgan. Mo‘g‘ullar, Temuriylar va Shayboniylar ham bu an’anani davom ettirganlar.
Shunga qaramasdan Somoniylarning hukmronligi o‘zbek davlatchiligi tarixining ajralmas bir bosqichi hisoblanadi. Chunki bu davrda o‘zbek xalqining asosiy o‘zagi shakllandi, uning yashash hududi belgilandi, boshqaruv tizimi shakllandi va g‘oyaviy asoslari yaratildi.
Muallif: Shamsiddin Kamoliddin
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi
-
19.08.2022
Avia va temiryo‘l chiptalarini 50% arzonga olish imkoni haqida bilasizmi?